Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

SamVMI “AVS” loyihasi bo‘yicha AQSh bilan hamkorlik qiladi

Amerika Qo‘shma Shtatlari USAIDning “Qishloq xo‘jaligida qo‘shimcha qiymat zanjiri” (AVS) loyihasi menejeri, xalqaro ekspert Lief Doerring Samarqand veterinariya meditsinasi institutiga tashrif buyurdi.

Institut rektori, professor Xudaynazar Yunusov va soha mutaxassislari ishtirokidagi uchrashuvda loyihada Markaziy Osiyoda yagona veterinariya meditsinasi instituti ishtirokini ta’minlash hamda kelgusidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

“AVS” loyihasi 2020-2025 yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, uning asosiy maqsadi ishlab chiqarish jarayonlariga veterinariya va chorvachilik sohasi uchun malakali mutaxassislarni yetkazib berish va mahalliy kadrlarning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshirishdan iborat. Shuningdek, loyiha oliy o‘quv yurtlarining xorijiy ta’lim muassasalari, ishlab chiqarish korxonalari va xo‘jaliklari bilan o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashuvini ta’minlashni ham nazarda tutadi.

Uchrashuvda qishloq xo‘jaligi va chorvachilik mahsulotlarini   yetishtirish, ularga ishlov berish, saqlash, qadoqlash va markirovka hamda ichki, tashqi bozorlarga realizatsiya qilishni muvofiqlashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Loyiha menejeri Lief Doerringga USAIDning agrobiznes bo‘yicha bosh mutaxassisi G‘olibjon Mahmudov hamrohlik qilmoqda.

Gulchehra BERDIYoROVA.