Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Sartepadagi uylarning ta’miri nega oxiriga yetkazilmagan?

Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlari bilan tanishish maqsadida Sartepa maskanida bo‘ldik.

Guvoh bo‘ldikki, hududdagi “Bog‘i Temur” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatiga qarashli 174-uyning tom qismi chiqindilardan tozalanayotgan ekan.

– Shirkatimiz 10 ta uyga xizmat ko‘rsatadi, – deydi shirkat raisi G‘afur Ahmedov. – “Sroj plast” MChJ tomonidan 7 ta uy sifatsiz ta’mirlangani uchun qabul qilganimiz yo‘q. Bir necha bor aytishimizga qaramasdan, ishlar chala holatda qolib ketmoqda. Xususan, 185-uyning tomiga tunuka yopilishi kerak bo‘lgan joy ochiq qolgan. 170, 174-uylarning yerto‘la qismiga yoritish chiroqlari o‘rnatilmadi, elektr kabellari almashtirilmadi. Boloxona ayvoni (balkon) qismlari yopilmadi. Xullas, qolgan uylarda ham deyarli shunday muammo. Barcha uylarning yerto‘la qismi oqlanmagan.

Keyingi manzil Sa’diy Sheroziy mahallasi bo‘ldi.

- Shirkatimiz 8 ta besh qavatli va 2 ta 9 qavatli uylardagi 522 ta xonadonga xizmat ko‘rsatmoqda, - deydi “Yunusobod kommunal Sitora servis” MChJ raisi Qahramon Salohiddinov. – Uylarimiz ikki yil davomida oltita mas’uliyati cheklangan jamiyatlar tomonidan ta’mirlanishi kerak edi. Ammo ishlar haligacha oxiriga yetmasdan qolib ketmoqda. Xususan, “Yangiqo‘rg‘on Dilshodbek” XK tomonidan ta’mirlangan 43-uydagi ishlar talab darajasida emas. Tom qismidan chakka o‘tyapti, yerto‘ladagi oqova suv quvurlarini yangilash oxiriga yetmadi. Yoritkich chiroqlar haligacha o‘rnatilmadi.

“Alisher TUR” MChJ quruvchilari 42- va 148-uylarning yerto‘la qismidagi oqova suv quvurlarini almashtirish, ta’mirlash ishlarini oxiriga yetkazmadi.

- Fasad qismining devorlarini ham sifatsiz bo‘yab ketishdi, – deya gapida davom etdi Q.Salohiddinov. – 42-to‘qqiz qavatli uyda 4 ta lift o‘rnatilganiga o‘ttiz yildan oshgan. Ularni yangisiga almashtirish bo‘yicha tegishli idoraga murojaat qildik. Ammo haligacha natija bo‘lmayapti. Liftlar eskiligi sababli kunora muammo chiqadi. Yuqoridagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha avgust oyida viloyat hokimligi qoshidagi injiniring kompaniyasiga ariza bilan chiqdim, mas’ullar kelib ketishdi-yu ammo natija bo‘lmayapti.

- Quruvchilarga katta mablag‘ ajratilayotganiga qaramay, ishni sifatsiz qilib ketishgan, - deydi 42-uyda yashovchi Xayriniso Hasanova. – O‘tgan yili ta’mirlangan uyning fasad va uylarga kirish qismi (pod’yezd)larning bo‘yalgan devorlari qo‘porilib tushdi. Liftlar oldidagi kafellar singan. Bu ko‘zbo‘yamachilik qachon tugaydi? Biz ham sifatli, chiroyli uylarda yashagimiz keladi axir...

Sheroziy mahallasidagi 22, 23 va 158-uylar “Sartepa hayot” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatiga qarashli ekan. Shirkat raisi Farruh Rahimboboyevning aytishicha, u shirkatni bir oy oldin qabul qilib olgan. Muammolar bilan esa endi shug‘ullanmoqda. Quruvchi tomonidan 22-uyning ta’miri o‘z holiga tashlab ketilgan. Hatto, hovlini yoritish haqida o‘ylanmagan. Uylarning kirish qismiga o‘rnatilgan yoritish tizimi ishdan chiqib bo‘lgan. Yerto‘la zaxligicha turibdi, chiqindilardan tozalanmagan, yoritish tizimi umuman yo‘q. Tom qismining ta’miri ham oxiriga yetmay qolgan. Har bir xonadonning deraza romlari ustiga o‘rnatilgan ayvonlar ta’mir paytida yangisiga almashtirish sharti bilan joyidan yechib olinganu qayta qo‘yilmagan. Yomg‘irli, qorli kunlar yaqinlashayotgan bir paytda bu masala qanday hal etiladi?

Xullas, bu uylar ta’mirini kim yakunlashi lozimligini aniqlay olmadik. Chunki shirkat raisi F.Rahimboboyev quruvchi tashkilot vakili Baxtiyor aka bilan oldimizda telefon orqali bog‘langanda, u “mening tashkilotim tugatildi. Hech narsani bilmayman, buni oldin shu uyda ish boshlagan “Usto Dilshod quruvchi”dan so‘ranglar”, deya telefonni o‘chirdi.

Afsuski, bu manzildagi uylar, ya’ni aholi tili bilan aytiladigan “jarlik”dagi 22 va 23-uylar ahvoli yaxshi emas. Aholi esa allaqachon bunga ko‘nikkan.

Qorli, qirovli kunlar yaqinlashmoqda. Nima bo‘lsa ham quruvchi-yu mas’ullarning vijdoni uyg‘onsinu yuqoridagi muammolar o‘z vaqtida bartaraf etilsin-da. Balki, bu masalalarga huquq-tartibot idoralari huquqiy baho berar. Biz esa ushbu maskandagi mavzuga yana qaytamiz.

Husan ELTOYeV,

Baxtiyor MUSTANOV,

“Zarafshon” muxbirlari.