Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Saylov kampaniyasiga oid yangiliklardan xabardormisiz?

Avvalgi qonunchilikda sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarning saylanishi mumkin emasligi va saylovda qatnashmasligi belgilangan edi.

Yangi Saylov kodeksining 5-moddasi bilan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarni saylovda ishtirok etmasligi belgilanib, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning saylovda ishtirok etishini cheklovchi normalar chiqarib tashlandi.

Shuningdek, endi siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan besh kunlik muddatda tekshiriladi. Avvalgi qonunchilikda bu muddat yetti kun edi.

Saylov kodeksiga asosan siyosiy partiya u yoki bu shaxsni nomzod etib ko‘rsatish to‘g‘risidagi o‘z qarorini saylovga kechi bilan o‘n besh kun qolganida bekor qilish huquqiga ega. Bungacha bu muddat besh kun edi.

Joriy etilayotgan yangiliklarning yana biri nomzodlarning ishonchli vakillari bilan bog‘liq. Xususan, Saylov kodeksiga viloyat Kengashi deputatligiga nomzod avvalgiday uch nafar emas, besh nafarga qadar ishonchli vakilga ega bo‘lishga haqli ekanligi to‘g‘risidagi norma kiritildi.

Avvalgi qonun hujjatlarida nomzodlar ishonchli vakillarining xarajatlari qayd qilinmagan edi. Endi ularning O‘zbekiston Respublikasi hududi doirasidagi safar xarajatlari saylovni o‘tkazish uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan to‘lanishi belgilandi.

U.VAXABOVA,

Jomboy tumani ma’muriy sudining raisi.