Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Shavkat Mirziyoyev ayrim rahbarlarning befarq va mas’uliyatsizligini keskin tanqid qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 noyabr kuni joriy yilda davlat byudjetiga tushumlar prognozi ijrosini ta’minlash, tadbirkorlik va kichik biznesni joylarda yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni aniqlash va ishga solish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar samaradorligi hamda bu boradagi dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.

Hozirgi kunda tadbirkorlar, o‘rta va kichik biznes jahon mamlakatlarida iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Rivojlangan davlatlarda tadbirkorlik sub’yektlari umumiy korxonalar sonining 90 foizdan ziyodini tashkil etadi va mehnatga layoqatli aholining 50 foizdan ortig‘ini ish bilan ta’minlaydi.

Jumladan, Yaponiyada 71,7%, Germaniyada 69,3%, AQShda 53% fuqarolar o‘rta va kichik korxonalarda faoliyat yuritadi. 2018 yilgi holatga ko‘ra, O‘zbekistonda mehnat bilan band aholining 76,3 foizi shu sohada ishlaydi.

Shu bilan birga, tadbirkorlik sub’yektlari taraqqiy etgan mamlakatlarning yalpi ichki mahsuloti tarkibida ham salmoqli o‘ringa ega. Xususan, Xitoyda bularning ulushi 60 foizni, Germaniyada – 57 foiz, Singapurda – 53, AQSh va Buyuk Britaniyada – 52, Yaponiyada 51,6 foizni tashkil etadi. O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotida mazkur soha ulushi 59,4 foizdir.

Mamlakatimizda tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish bugungi kunda davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan sanaladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning so‘zlari bilan aytganda, biz faqat faol tadbirkorlik, tinimsiz mehnat va intilish orqali taraqqiyotga, farovon hayotga erisha olamiz.

Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va biznes muhitini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan tub islohotlar natijasida, Jahon bankining «Biznes yuritish – 2020» hisobotida O‘zbekiston 7 pog‘onaga ko‘tarilib, 69-o‘rinni egalladi va dunyoning eng yaxshi 20 ta islohotchi davlati qatoridan joy oldi. Yangi korxona ochish qulayligi bo‘yicha yurtimiz ilk bor dunyoda sakkizinchi o‘ringa ko‘tarildi.

Bunday imkoniyatlar natijasida joriy yilning o‘tgan 10 oyida 91 mingta yoki 2018 yilgiga nisbatan 2 barobar ko‘p yangi tadbirkorlik sub’yekti tashkil etildi.

Lekin hali soha rivoji yo‘lida qilinadigan ishlar ham ko‘p.

«Biznes yuritish – 2020» hisobotida ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish, jumladan, yer ajratish, qurilish va mol-mulkni ro‘yxatga olish borasida qulayliklar yaratish kerak.

Shu bois bugungi videoselektor yig‘ilishida tadbirkorlarga yerni onlayn auksion orqali berish, mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha idoralararo elektron axborot almashinuvini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi. Xorijiy tajriba asosida mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan mustaqil o‘tkazishga mas’ul alohida tuzilma tashkil etish taklifi bildirildi.

Prezidentimiz hokimlar 50 foiz ish vaqtini yangi kichik biznes sub’yektlari tashkil etish va ishlayotgan tadbirkorlarning muammolarini aniqlash hamda hal etishga sarflashi lozimligini ta’kidlab, juda ko‘p rahbarlar bunga befarqlik va mas’uliyatsizlik bilan qarab kelayotganini keskin tanqid qildi.

Buni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish, qabulxonalarga kelib tushgan 26 mingta murojaatning deyarli yarmi bevosita tuman darajasida hal qilish mumkin bo‘lsa-da, muammolar joyida yechilmagani uchun fuqarolar yuqori idoralarga murojaat qilishga majbur bo‘layotgani ham yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Bunday holatlar Samarqand, Toshkent, Xorazm, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo viloyatlarida ancha yuqori.

Shuning uchun, barcha viloyat va tumanlar hokimlari ikki kun muddatda Tadbirkorlarga murojaat qabul qilishi bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Murojaatda tadbirkorlar oldida bundan keyin hech qanday to‘siqlar bo‘lmasligi, hududdagi barcha rahbarlar ularga yaqindan ko‘makchi bo‘lishi, har kuni doimiy ravishda tadbirkorlar masalalari bilan shug‘ullanishi to‘g‘risida hokimlar shaxsan kafolat beradi.

Murojaatning bosh mazmuni hamma narsa tadbirkor uchun ekanligini xalqimizga yetkazishdan iborat. Shuning uchun Murojaatni ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va aholi gavjum joylardagi bannerlarda e’lon qilib, unda hokimlar, sektorlar va mutasaddi idoralar rahbarlarining telefon raqamlari ham ko‘rsatilishi shartligi belgilandi.

Bundan tashqari, hududiy ishchi guruhlar joylarda yurib, hokimlar va sektorlar rahbarlari bilan birga tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ishlarni samarali tashkil etishi kerakligi ta’kidlandi.

Ma’lumki, tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturlarini moliyalashtirish uchun Xalq banki, Mikrokreditbank va Agrobank mas’ul etib belgilanib, ularga yetarlicha resurslar ajratib berilgan.

Yig‘ilishda mazkur moliya tashkilotlari hamda hududiy ishchi guruhlar rahbarlari joylarda tadbirkorlikning yangi imkoniyatlarini topish va hayotga tatbiq etish borasidagi sa’y-harakatlar bo‘yicha hisobot berdi.

Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hamda Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari, Savdo-sanoat palatasi, Biznes-ombudsman, tijorat banklari va boshqa vakolatli idoralarning o‘zaro hamkorligi joylarda hali sezilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Sohadagi barcha masalalar hokimliklar, Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, Savdo-sanoat palatasi, Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi va banklarning o‘zaro hamkorligida yechilishi zarurligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari joylarda tadbirkorlar ishtirokida yangi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish quvvatlarini yaratishga kuchli turtki berish kerakligini ta’kidladi.

Bugungi kunda 49 tumanda ishlab chiqarish va 63 tumanda xizmat ko‘rsatish hajmining juda pastligi – ulardagi mavjud salohiyat, yer, xomashyo va mehnat resurslari to‘liq safarbar qilinmaganidan dalolat beradi.

Shuning uchun Iqtisodiyot va sanoat vazirligi rahbarlari boshchiligida joylarda sanoat va xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha doimiy ishchi guruhlar tashkil qilindi va ularga tarmoqlar biriktirildi.

Ushbu tuzilmalarga tarmoqlar bilan birga har bir tuman va shahar salohiyatini o‘rganib, 2020 yilda yangi quvvatlar tashkil etish, infratuzilma va xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar dasturini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Bunda respublika bo‘yicha qariyb 1,5 mingta davlat mulki va davlat ulushi mavjud ob’yektlarini sotish hamda 70 mingta tadbirkor faoliyatini tiklash muhimligi qayd etildi.

Davlat bojxona qo‘mitasiga kelgusi yil 1 yanvardan boshlab eksport-import operatsiyalari uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali elektron shaklda olinishini yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Biznes-ombudsman boshchiligida tuzilgan maxsus ishchi guruhga oxirgi uch yilda tadbirkorlar tomonidan import qilinib, bugungi kunda ishlatilmay turgan 305 million dollarlik uskunalarni to‘liq ishga tushirish yuzasidan ko‘rsatma berildi.

2020 yilda «Biznes yuritish» reytingida mamlakatimiz o‘rnini yanada yaxshilash, jumladan, ruxsatnoma berish va sertifikatlash tizimini soddalashtirish bo‘yicha ham vazifalar belgilandi.

Yurtimizning barqaror rivoji, ijtimoiy sohalarning uzluksiz qo‘llab-quvvatlanishi uchun davlat byudjeti va uni shakllantiradigan tushumlar muhim rol o‘ynaydi.

Shu nuqtai nazardan videoselektor yig‘ilishida Soliq qo‘mitasiga noyabr-dekabr oylarida salohiyatiga nisbatan soliq tushumlari yetarli bo‘lmagan Nukus, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qarshi, Namangan, Samarqand, Farg‘ona, Urganch, Qo‘qon shaharlari hamda Zangiota, G‘ijduvon, Urgut, Xazorasp va Toshkent shahrining o‘n bitta tumanida soliqlarni to‘liq undirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilish topshirildi.

Xabaringiz bor, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, xorijiy va milliy ekspertlar ishtirokida yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasi ishlab chiqildi. Joriy yil 1 oktyabrdan qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 20 foizdan 15 foizga pasaytirildi. 

Soliq siyosatida olib borilayotgan islohotlarning keyingi bosqichi soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirishdir.

Shu munosabat bilan, zamonaviy usullar va axborot texnologiyalaridan foydalangan holda, yashirin faoliyat yuritish orqali soliqdan qochishning oldini olish choralarini ko‘rish zarurligi ta’kidlab o‘tildi. Binobarin, barcha sohalarda «xufiyona iqtisodiyot» ko‘lamlarini keskin qisqartirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» ishlab chiqib, ijrosi ta’minlanadi. Jumladan, qurilish sanoatida soliqdan qochishning oldini olish uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini aniq hisoblash tizimi joriy etiladi.

Bundan tashqari, mamlakatimiz bo‘ylab ishga tushirilayotgan yangi 145 ta yirik quvvatlarda shu yilning o‘zida mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, ular byudjetga qo‘shimcha daromad olib kelishini nazoratga olish zarurligi qayd etildi.

Ma’lumki, davlat byudjetining barqarorligini ta’minlashda aholi va yuridik shaxslarga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun olingan to‘lovlar ham muhim rol o‘ynaydi.

Avval xabar qilganimizdek, 2020 yildan boshlab mahalliy byudjetni shakllantirish tartibi tubdan o‘zgaradi, hududlar o‘z sarf-xarajatlarini mustaqil ravishda hal qiladi. Shu munosabat bilan, endi hokimlar mahalliy byudjet daromadlarini ko‘paytirish uchun ko‘proq kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari tashkil etishi, soliqlarni mustaqil ravishda yig‘ishi va bu boradagi mas’uliyatini kuchaytirishi kerak bo‘ladi.

Videoselektor yig‘ilishida muhokama qilingan masalalar bo‘yicha mutasaddi rahbarlar va hokimlarning hisobot va takliflari eshitildi.