Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Siyobda darz ketayotgan ko‘prik hayotimiz uchun xavfli emasmi?

Sizda bu ko‘prik qayerda ekan, degan savol paydo bo‘lishi tabiiy. U uzoqda emas, shahrimizning gavjum maskanlaridan biri — "Siyob dehqon bozori" MChJ yaqinida joylashgan. Anglagandirsiz, gap o‘tgan asrning yetmishinchi yillarida hozirgi Imom Buxoriy ko‘chasining oxiri, Shohi Zinda ko‘chasi ustidan qurilgan avtoulov va piyodalar ko‘prigi haqida ketmoqda, deb yozmoqda “Samarqand gazetasi”.

Bu ko‘prik Samarqand va uning mehmonlariga salkam yarim asrdan buyon xizmat qilib kelmoqda. O‘tgan davr ichida bu muhim inshoot qachon, qay holatda ta’mirlanganligini faqatgina mutaxassislar qog‘oz titkilab, aytib berishlari mumkin. Ammo ularning javobini kutmasdan ko‘prikning bugungi holati bilan tanishganimizda uzunligi salkam 60-70 metr, eni 15-16 metr keladigan ko‘prikning bir necha joyida yoriqlar paydo bo‘lganligini kuzatdik. Ayrim yoriqlarning eni salkam bir qarich, bo‘yi bir-ikki metrga boradi. Yoriqlardan bemalol ko‘prikning pastini ko‘rish mumkin. Ayrim yoriqlar kimlarningdir tashabbusi bilan tosh va boshqa chiqindilar bilan to‘ldirilib ko‘prik "ravonlashtirilgan". Ko‘prikning bu holati kecha yoki bugun kuzatilayotgani yo‘q. Ayrim yoriqlar bundan avval asfalt bilan qoplangan bo‘lsa-da, avtoulovlar harakatining tig‘izligi oqibatida cho‘kib qayta yorila boshlagan.

Ko‘prikning oxiridagi hozirgi holat ayniqsa xavfli. Negaki, ko‘prik asosini tashkil etuvchi temir-beton to‘sinlarining bir uchi joylashgan beton "yostiqlar" bir tomonga bilinar-bilinmas egilib unda xatarli yoriqlar paydo bo‘lgan. Mutaxassislarning e’tiboridan chetda qolayotgan yana bir muammolardan biri ko‘prik ustidan oqib tushayotgan yomg‘ir va qor suvlarining to‘planib, uning oxirida paydo bo‘lgan yoriq orqali pastga — "yostiqlar" yoni va ustiga quyilayotganligidir. Bu hol bir necha yildan buyon davom etib kelmoqda. Joriy yilgi bahorda yog‘ingarchilikning ko‘p bo‘lishi ko‘prikning texnik holatiga ham jiddiy ta’sir o‘tkazdi. "Yostiqlar" o‘rtasida yomg‘ir suvlari yuvib ketgan kattagina jarlik paydo bo‘lgan. Sel suvlari "yostiqlar" asosi hisoblangan tosh va shag‘allarni yuvib, pastda ulkan uyum paydo qilgan.

Ko‘prikning texnik holatiga ayni kunlarda ham salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillardan biri "Siyob dehqon bozori" MChJdan, do‘konlardan chiqayotgan oqova suvlar ba’zan chiqindilar bilan to‘lib qolgan ikki yondagi ariqlarga sig‘masdan ko‘prik usti bo‘ylab uning oxiriga tomon oqadi va yuqorida tilga olingan yoriqlar orqali pastga tushib, jarlikni kengaytirib yubormoqda.

Odatda ko‘prik singari murakkab muhandislik inshootlari atrofida boshqa binolar qurish taqiqlanadi. Ushbu ko‘prik yonlari u yoqda tursin, hatto tagidan ham foydalanilmoqda. Ayni paytda ko‘prikning tagi avtoulovlar turargohi, avtobus va taksi bekatlari vazifasini ham qoyillatib bajarmoqda. Bu hol xavfsizlik talablariga qanchalik javob beradi? Ushbu savolimizga mutasaddilardan tegishli javob olishni dilimizga tugib, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rahbariyatiga shunday murojaatimiz bor: mazkur ko‘prikning texnik holati haqida xulosa chiqarish fikridan yiroqmiz. Ammo bu inshoot bugun xavfsizlik talablariga javob beradimi?

Hakim JO‘RAYeV,

Quvondiq XALILOV.