Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Siyosiy partiyalar saylovda ishtirok etish uchun qancha imzo to‘pladi?

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, deputatlikka nomzod ko‘rsatish uchun siyosiy partiya saylovga kamida yetmish kun qolganida Markaziy saylov komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak:

- saylovda ishtirok etish to‘g‘risida partiya rahbari tomonidan imzolangan ariza;

- O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingan kundan kamida to‘rt oy oldin ro‘yxatga olinganligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma;

- imzo varaqalari.

Imzolar qanday va qachon to‘planadi?

Siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingan kundan kamida to‘rt oy oldin Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan va o‘zining saylovda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlovchi kamida qirq ming saylovchining imzosini to‘plagan taqdirdagina deputatlikka nomzodlar ko‘rsatishi mumkin.

Belgilangan namunadagi imzo varaqalarining blankalari saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingandan keyin Markaziy saylov komissiyasi tomonidan beriladi.

Saylovchilarning imzosini to‘plash ish, xizmat, o‘qish, yashash joyida, saylovoldi tadbirlarida, shuningdek, tashviqot yuritish va imzo to‘plash qonun bilan taqiqlanmagan boshqa joylarda amalga oshiriladi. Imzo to‘playotgan shaxs tomonidan saylovchilarni majburlash va o‘ziga og‘dirib olishning har qanday shakli qonunda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Imzo to‘plash tamomlanganidan so‘ng siyosiy partiyaning vakolatli vakili Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha alohida-alohida qilib tikilgan imzo varaqalarini Markaziy saylov komissiyasiga topshiradi.

Bitta ma’muriy-hududiy tuzilmada (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahri) siyosiy partiya qirq ming saylovchining ko‘pi bilan sakkiz foizi imzosini to‘plashi mumkin.

Qanday?

Saylov kodeksining 38-moddasida saylovchilar bitta yoki bir nechta siyosiy partiyani yoxud O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘yishga haqli ekanligi belgilangan.

"Milliy tiklanish" demokratik partiyasi viloyat kengashi imzo to‘plash ishlarini yakunladi. Partiya matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Samarqand viloyatidan 3400 ta imzo to‘planib, tegishli tartibda topshirilgan.

"Adolat" sotsial-demokratik partiyasi viloyat kengashi 3400 ta imzo to‘plashni 3 oktyabr sanasi bilan yakunlaydi. Bugungacha to‘plangan imzolar partiya faollari tomonidan qayta ko‘zdan kechirilmoqda.

Xalq demokratik partiyasining viloyat kengashi 3200 ta imzo to‘plashni rejalashtirgan va o‘tgan davrda 1800 nafar xayrixohlarning imzolari yig‘ilgan. Partiya matbuot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, jarayonni 6 oktyabrgacha yakunlash rejalashtirilgan.

Eng katta taqsimot berilgan O‘z­bekiston Liberal-demokratik par­tiyasi viloyat kengashi 3800 ta imzo to‘plab topshirish borasida faol ish olib bormoqda.

Imzolar to‘g‘ri to‘planganmi?

Saylov kodeksining 39-moddasiga ko‘ra, siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan besh kunlik muddatda tekshiriladi. Avvalgi qonunchilikda bu muddat yetti kun edi.

Agar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tanlab olingan imzo varaqalarining chorak qismidan ko‘prog‘ini tekshirish natijasida imzo varaqalari qonun buzilgan holda tuzilganligi aniqlansa, mazkur imzo varaqalari siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga qaytariladi va unga kamchiliklarni bartaraf etish uchun ikki kunlik muddat beriladi. Agar qo‘llab-quvvatlovchi shaxslarning (saylovchilarning) imzolari soni belgilangan eng kam miqdordan yana oz bo‘lib chiqsa, mazkur imzo varaqalari to‘lig‘icha haqiqiy emas deb topiladi.