Xalq demokratik partiyasi vakillari Ishtixon tumani ziyolilari davrasida

Erta tongdan maktabga ishga shoshayotgan Nigora Yusupovani tumanda bilimli, muhimi, ko‘pchilikka ibratli ustoz sifatida bilishadi. Maktab ma’muriyati ham shu sabab uni Ishtixon tumani madaniyat va istirohat bog‘ida bo‘ladigan saylov kampaniyasi uchrashuviga taklif qilishdi.

Xalq demokratik partiyasi viloyat kengashi va Ishtixon tumani kengashi hamkorligida tuman madaniyat va istirohat bog‘ida «Islohotlar poydevori ijtimoiy himoya bo‘lishi lozim» mavzusida o‘tkazilgan uchrashuvda N.Yusupova kabi yuzlab ziyolilar, tuman faollari, mehnat faxriylari va maktab o‘qituvchilari qatnashdi.

Unda so‘zga chiqqan partiyaning viloyat kengashi raisi Majidxon Usmonov joylarda o‘tkazilayotgan bu kabi tadbirlardan ko‘zlangan maqsad joriy yilda bo‘lib o‘tadigan saylovlarning ahamiyati va partiya dasturida belgilangan asosiy g‘oyalar aynan aholining o‘zidan olinganini ta’kidlab o‘tdi. Joylarda o‘tkazilayotgan miting va uchrashuvlar orqali yurtdoshlarimizni qiziqtirgan va albatta o‘ylantirayotgan muammolar ham o‘rganilayotganini ta’kidladi.

Tuman madaniyat bo‘limining xushovoz xonandalari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.

Tadbirda faol va hamkasblariga ibrat bo‘layotgan bir guruh o‘qituvchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Sovg‘a olganlar ichida ta’lim jonkuyari, 67-maktab o‘qituvchisi Nigora Yusupova ham bor edi.

Shahlo QO‘ZIYeVA,

XDP viloyat kengashi matbuot kotibi.