Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Stalin ta’qib qilgan G‘aribiy kim edi?

Avvalgi maqolalarimizda muhaddis olim Imom Buxoriy hamda naqshbandiya tariqatining yirik namoyandasi Hazrati Maxdumi A’zam va uning avlodlari haqida so‘z yuritgandik.

Quyida Shayx Nazrullohxon Eshon ibn Nizomiddinxon G‘aribiy (1908-1986) haqida ayrim ma’lumotlarni keltirmoqchimiz.

G‘aribiy yigirmanchi asrning o‘ta murakkab sharoitida Zarafshon vohasida ahli sunnat val jamoat aqidasini bardavom aylagan tog‘dek bardoshli ulamoi kiromlarning peshqadami bo‘lgan.

Otasi - Nazrullaxoja ibn Muso xoja shu avlodning izchil davomchisi, zamondoshlaridan tanho e’tiqodiy - ma’naviy bisot qoldirgan piru murshiddirlar. To‘ng‘ich farzandi O‘roqxon Nazrullohxon o‘g‘lining «Ibratli hayot gulshani» kitobidagi dalillarga ko‘ra, shajaralari Hazrati Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga yetadi. Aniqrog‘i, qiblagohlari jihatidan Yassaviya tariqatining o‘n birinchi xalqa rahnamosi Shayx Xudoydod Valining qizlari Bibi Hadiyaning o‘g‘li Xoja Abdulbositga bog‘lanadi. Shayx Olim Azizon «Lamahot»ida yozishlaricha, Hazrat Xoja Abdulbosit Azizon Qosim Shayxning shogirdlari ekan. Onalari dahbediylardan, Fayzulla Xo‘jayevning otasining opasi bo‘lgan.

Asli vatani Nur qal’asiga qarashli Sarmix qishlog‘i (ya’ni, hozirga Navoiy viloyati, Navbahor tumanidagi mashhur Sarmish soyi). Muhammad Nosiriddinning «To‘hfat uz zoirin» tazkirasida «Bu zot Eshoni Pir nomi bilan mo‘’tabar bo‘lgan Muhammadamin hazratlarining azhoblaridan (yaqinlaridan) edi», deyiladi.

Sarmish soyi Shayx Nazrullohxon Eshonning ota yurti bo‘lib, taqdir sinovlari sababidan keyinchalik avlodlari o‘nlab manzillarni makon tutgan. Sho‘rolar tuzumida bu shajara va qaydlarning yuki og‘ir va azob edi. Dindor hisoblangan avlodlar qamoq va surgunlarda xoru zor edi. Payg‘ambar (s.a.v.) avlodidan ekanliklari, ulug‘ avliyoga vorisliklari, Fayzulla Xo‘jayevga mansubliklari tufayli Nazrullohxon Eshon ibn Nizomiddinxon oilasiga ham qatag‘on boshlandi. Ular Fayzulla Xo‘jayevning «dumi» sifatida «nishonda» turar edilar. Oqibatda 1925 yildan 1942 yilgacha Qashqadaryo-yu Samarqanddagi sodiq muridlari kulbalarida yashirin yashashga majbur bo‘ldilar. Qancha mushkulliklar yetmasin, ertadan umidli bo‘lishib, har ne kutsa Allohdan kutishdi.

G‘aribiy domla ilm yo‘lida namuna edilar. Shariat ilmlaridagi barkamolliklari, tariqatda pirlik martabalari xotirjamlikka yo‘l bermas, ortidan erashganlarga ma’rifat yetkazish dasturlariga aylangan edi. Nazmiyotlari ziyoda bo‘lib, fikru tafakkurlarini baytlarga solar va targ‘ib etar edi.
Bu haqda bir to‘rtliklarida shunday deganlar:

Zararu nafni Xudodan bil,
Ushbudir e’tiqodi ahli dil.
Hech tiri o‘zi otilmasdir,
Otmasa oni romiyyu oqil.

Sitamlarga sabru bardosh etib, ta’qiblardan bormagan mazgilu makonlari qolmagan hisob edi. Bor boyliklari kitoblarini bag‘riga bosib, ahli oilasini ergashtirib, goh u qishloqqa, goh bu qishloqqa berkinar edilar. Va nihoyat qo‘nimlari 1942 yilda hozirgi Jizzax viloyati Forish tumanidagi ovloq Narvon qishlog‘i bo‘ldi. Yaxshi xudojo‘y insonning mehmonxonasida yashab turdi. Qachonki, Stalin vafot etgach, o‘zlariga shaxsiy boshpana qurishga jazm etdilar. Qishloq xalqi kelgan-ketganga uch aka-uka Nazrulloxon, Oftobxon va Oppoqxonlarni eshon deb emas, «katta usta bobo», «o‘rtanchi usto bobo», «kenja usta bobo», deb tanishtirib, ularni shu yo‘l bilan muhofaza qilishgan.

G‘aribiy domla 1986 yilda vafot etadi. Qabri Payariq tumanidagi «Oqtosh ota» qabristonida.
Ushbu har uch jihat Shayx Nazrullohxon G‘aribiyga xos va mos ekanligini anglash mumkin:

1. Sadaqai joriya. Sadaqaning asli «sidq», ya’ni bandaning hech bir tamasiz yoki shartsiz Allohga sadoqat bilan qilgan ishi yoki sarflagan mablag‘idir. Shayx Hazratlari qaysi qishloqda yashamasin, o‘zlaridan ortganini emas, o‘zlarida borini muhtojlarga berish bilan sidqda bo‘lganlar;

2. Manfaatli ilm. Yuqorida otalari nasabiga ko‘ra Shayx Xudoydodi Valiga, onalari sababidan Maxdumi A’zam rahmatullohu alayhlarga bog‘lanishlarini yozgan edik. Har ikki bobokalonlari shariat ilmida olim, tariqat ilmida murshid, nazmiyotda muhtaram bo‘lishgani oydin haqiqat. Ana shu jihatlar Shayx Nazrullohxonga meros o‘tgan. Bu zotning Ali ibn Usmon ibn Muhammad at-Taymiy al -O‘shiy Sirojiddin al-Farg‘oniy ( vafoti milodiy 1179 ) ning arabchadagi «Qasidat ul-Amoliy» qasidasiga yozgan mukammal sharhi nodir ishlardan hisoblanadi. Tarjimaning har bir so‘zi, misra va baytida Qur’oni Karim va Muhammad (s.a.v.) nafaslari bor. Oltmish besh satrdan iborat bo‘lgan «Tavhid manzumasi» haqida ham aynan shu fikrni bildirish mumkin. Bu foydali ilmlardan qanchalar bahramand bo‘lib, duolarida yod etishmoqda.
Yana bir jihati, o‘lmas badiiy meros –munojotlar, na’tlar, manzumalar, g‘azallar, muxammaslar, marsiyalar, muvashshahlar va nasihatnomalar qoldirganlar;

3. Ortidan solih farzand qoldirish. Bu ma’nida Shayx Nazrullohxon bearmon rahmatiylardandir. Ibodatlarda, tilovatlarda haqlarini ado etuvchi farzandi arjumandlari, zurriyodlariga ko‘plar havas etadi. To‘ng‘ich farzandlari O‘roqxon (Raf’iddinxon) hoji muhtaram padarlari yodi aks etgan «Ibratli hayot gulshani» , «Saodat sari», «O‘zingni angla» kabi kitoblar muallifi.
O‘g‘illaridan Abuvohidxon Nazrulloxon ulug‘ bobolari Xudoydodi Vali ruhini shod etish yo‘lida Olim Shayx Azizonning «Lamahot» ( K.Kattayev bilan ), shuningdek, Nosuriddin Buxoriyning «To‘hfatuz zoirin», Abul Muin Nasafiyning «Bahrul kalon» asarlarini fors va arab tillaridan tarjima qilib, o‘quvchilarga taqdim etdi.

Mustaqillik sharofati bilan izhori tashakkur kunlar ham keldi. Sayfuddin Sayfulloh va Odilxon qori Yunusxon o‘g‘lining «Sog‘lom e’tiqod mo‘minga najot», kaminaning «Karmana azizlari», «Turonzamin aziz avliyolari va ulamolari tazkirasi» kitoblarida hayotlari va asarlariga doir bir qator nodir ma’lumotlar e’lon qilindi.

2008 yilda Shayx Nazrullohxon G‘aribiyning 100 yillik tavalludi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Toshkent islom instituti tomonidan «Qasidai amoliy» sharhi va tavhid manzumasi nashr etildi. Bularning barchasi sharafga haqli olimga ehtirom ramzi bo‘ldi.
Tavalludlarining 110 yilligi munosabati bilan yana bir xayrli ishga qo‘l urildi. «Imom Buxoriy xalqaro ilmiy–tadqiqot markazi» nashriyoti O‘roqxon hoji Shayx Nazrulloxon G‘aribiy o‘g‘lining «Muborak siymo» asarini nashr etdi. Bu asar G‘aribiyning hayoti va ijodiga teran chizgilar bo‘lib, ulug‘ shayx haqlarida e’lon qilingan barcha nashrlarning jamlanmasidir.

Suyundiq Mustafo Nurotaiy.