Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Sudyalarning eng kichigi 35 yosh etib belgilangan. Nega?

Yaqinda televideniye orqali jinoyat ishlari bo‘yicha sudya bo‘lish uchun alohida malakaga ega bo‘lish va sudyalikka nomzodning 35 yoshdan kam bo‘lmasligi kerak, degan ma’lumotni eshitib qoldim. Shu to‘g‘rimi? Bu haqda kengroq ma’lumot bersalaringiz.

Nargiza ERMATOVA,

Urgut tumani.

Prezidentimiz tomonidan sud jarayonlarida adolat va haqiqatni yuzaga chiqarishda sudyalar zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklandi. Ushbu vazifani yuqori sifatda amalga oshirish uchun sudyalik lavozimlariga nomzodlardan nazariy bilimlar, kasbiy etika, psixologiya, ishchanlik muloqoti va vaqtni boshqarish ko‘nikmalari, muzokaralar olib borish taktikasi, axborot bilan ishlash texnologiyasi, huquq normalariga sharh berish va qo‘llash kabi professional harakatlar talab etiladi.

Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 6 yanvardagi «Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni qabul qilish 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab faqat sudyalik lavozimi zaxirasida bo‘lgan shaxslar orasidan tanlov asosida, Sudyalar oliy kengashi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi bilan birgalikda belgilanadigan kvotalar bo‘yicha amalga oshiriladigan bo‘ldi.

Shuningdek, statistik ma’lumotlarga ko‘ra, respublikamiz bo‘yicha jinoiy ishlar bo‘yicha sudyalarning 22 foizi 35 yoshga to‘lmagan. Ushbu sudyalar tomonidan qabul qilingan qarorlarning bir qanchasi yuqori bosqich sudlari tomonidan bekor qilingan. Aniqlanishicha, bekor qilingan qarorlardan aksariyatining qabul qilinishiga sudyalar tomonidan protsessual huquq normalari noto‘g‘ri qo‘llanilishi oqibatida yo‘l qo‘yilgan. Sodda qilib aytganda, bunda sudyalarning yoshligi va tajribasizligi pand bergan.

Shular hisobga olinib, 2019 yil 10 sentyabr kuni «Ba’zi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun qabul qilindi. Ushbu qonun bilan «Sudlar to‘g‘risida"gi va «O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida"gi qonunlarga muhim o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, sudyalar korpusini yetarli hayotiy tajribaga ega, yuqori malakali yuristlar orasidan shakllantirish maqsadida ushbu qonunlarga sudyalar yoshini 35 yoshgacha oshirishni nazarda tutuvchi o‘zgartish kiritildi.

Savolga jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tumani sudi sudyasi Akmal AHMADOV javob berdi.