Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tabiiy gaz quvurlari tizimining holati va ushbu sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi muhokama qilindi

2020 yil 30 oktyabr kuni Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda tabiiy gaz quvurlari tizimining holati va ushbu sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi.     

Ta’kidlanganidek, parlament so‘rovida ko‘tarilgan muammolar bo‘yicha yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi mavjud muammolarni bartaraf etish, shu jumladan, iste’molchilarning tobora oshib borayotgan tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojini qondirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilgan.

Biroq aholi bilan muloqotlar, joylardagi o‘rganishlar, tabiiy gaz quvurlari tizimi ahvoli, tarmoqqa oid qonun hujjatlarining ijro etilishi va huquqni qo‘llash amaliyotining tahlili ushbu sohada qator tizimli muammo hamda kamchiliklar hali ham saqlanib qolayotganligini ko‘rsatmoqda.

Jumladan, bugungi kunda “Xududgazta’minot” AJ tasarrufida respublika bo‘yicha jami 89172,1 km gaz quvurlari mavjud bo‘lib, ushbu gaz quvurlarining 20 525,3 km qismi 10 yilgacha, 25 729,2 km qismi 10-25 yilgacha, 42 917,5 km qismi esa 25-30 yillar va undan ortiq muddat foydalanib kelinmoqda.

Shulardan 766,4 km gaz quvurlari o‘z vaqtida almashtirilmaganligi sababli mukammal ta’mirtalab, ya’ni to‘liq yangilash xolatiga kelib qolgan. Qayd etish lozimki, ushbu quvurlarni zudlik bilan almashtirish choralari ko‘rilmagan taqdirda tabiiy gaz isrofgarchiligi kundan-kun ortib borishi, turli avariyalar va baxtsiz hodisalar sodir bo‘lishi mumkin.

Bu borada “Xududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan esa 2020 yilda bor yo‘g‘i 68,4 km. gaz tarmoqlari mukammal ta’minlangan va 49,2 km. rekonstruksiya qilingan.

Qolaversa, “Xududgazta’minot” AJ tasarrufidagi 16 757,6 km yer osti po‘lat gaz quvurlarini elektro-kimyoviy ximoya uchun  faqatgina 1305 ta elektr kimyo ximoyalash vositalari ishlatilmoqda. Ushbu vositalarni loyiha asosida taxminan har 2-3 km ga ishlatilishini hisobga olsak yer osti po‘lat gaz quvurlarining bor yo‘g‘i 2610 km qismi, ya’ni 16 foizi elektro-kimyoviy ximoyalangan.

14 147,6 km yer osti po‘lat gaz quvurlari esa umuman ximoyalanmagan.  

“O‘ztransgaz” AJ tasarrufidagi magistral gaz quvurlarining loyihalarida ko‘zda tutilgan 2 117 ta elektro-kimyoviy himoya stansiyalaridan, bugungi kunda faqatgina 1 097 tasi, ishchi holatda, 761 tasi esa belgilangan talablarga umuman javob bermaydi.

Eng achinarlisi, 25-30 yillik gaz quvurlarini almashtirish imkoni bo‘lmayotgan paytda, foydalanuvga yaroqli bo‘lgan gaz quvurlarini asrash choralari ko‘rilmagan.

Yana bir jihat. Bugungi kunda “Xududgazta’minot” AJ tasarrufidagi gaz rostlash punktlarining soni 80 334 tani tashkil etadi. Ulardan 40 minga yaqini 20-30 yildan ortiq muddat foydalanib kelinmoqda.

Ushbu gaz rostlash punktlariga xizmat ko‘rsatuvchi  chilangarlarni shtat jadvalini qisqartirilishi natijasida gaz rostlash punktlariga o‘z vaqtida texnik xizmatlar ko‘rsatilmayapti.

Gaz rostlash punktlariga o‘z vaqtida texnik xizmatlar ko‘rsatilmayotganligi  oqibatida ko‘plab gaz sizib chiqishi xolatlariga hamda taftish ishlarini sifatsiz bajarilishiga olib kelmoqda.

Masalan, Toshkent viloyatining Toshkent tumanida joylashgan “Toshkenttumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi balansidagi 1155 ta gaz rostlash punktlariga texnik xizmat ko‘rsatish uchun bor-yo‘g‘i 7 ta chilangar biriktirilgan bo‘lib, har bir chilangarga
155-165 tadan gaz rostlash punktlari to‘g‘ri kelmokda. Natijada tabiiy gaz bosimi ko‘tarilib ketishi oqibatida yong‘in kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda. Belgilangan tartibga ko‘ra, kuz-qish mavsumlarida gaz rostlash punktlariga xizmat ko‘rsatuvchi  chilangarlar kamida har ikki kunda bir marotaba nazoratdan o‘tkazishlari lozim.

Shuningdek, gaz rostlash punktlarining aksariyat qismi nosozligi sababli  respublika gaz tizimida ko‘plab tabiiy gaz yo‘qotishlari kuzatilmoqda. Oqibatda davlat byudjetiga milliardlab zarar keltirmoqda.

Bundan tashqari, “Xududgazta’minot” AJga qarashli shahar, tumangaz filiallarining moddiy-texnik bazasi to‘liq va zamonaviy asbob uskunalar hamda maxsus texnika bilan ta’minlanmagan. Oqibatda respublika gaz tizimida sodir bo‘layotgan avariyalar o‘z vaqtida bartaraf etilmaslik holatlari kuzatilmoqda. Bu esa fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Shu bilan birga, “Xududgazta’minot” AJga qarashli shahar, tumangaz filiallarining ayrim ishchi xodimlari bilim saviyasi hozirgi talab darajasida emasligi va o‘z vazifalarini to‘liq bajarmayotganliklari sababli respublika gaz tizimida mavjud bo‘lgan texnik qurilmalarga sifatli xizmat ko‘rsatilmayapti.

Qolaversa, aholining hayoti va mol-mulki, atrof-muhit, turli ob’yektlar, gaz quvurlari hamda uskunalari xavfsizligiga jiddiy tahdidlardan yana biri – magistral gaz quvurlarining himoya zonalarida noqonuniy qurilmalarning mavjudligidir.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yilning 1 oktyabr holatiga magistral gaz quvurlarining himoya zonalarida aniqlangan noqonuniy qurilmalar jami 2 425 tani tashkil qiladi. Ularning 1 492 tasini buzish yoki boshqa joyga ko‘chirish masalasida sudlarga kiritilgan da’vo arizalarining 787 tasi qanoatlantirilgan bo‘lib, Majburiy ijro byurosi tomonidan atigi 178 tasi yoki 22,6 foizining ijrosi ta’minlangan.

Aniqlangan noqonuniy qurilmalarni buzish yoki boshqa joylarga ko‘chirish bo‘yicha sud organlariga o‘rnatilgan tartibda da’vo arizalarini taqdim etish va ularni tahlil qilib borish ishlari “O‘ztransgaz” AJ tomonidan o‘z holiga tashlab qo‘yilgan.

Qayd etish lozimki, noqonuniy qurilmalarni buzish yoki boshqa joylarga ko‘chirish bo‘yicha sud organlariga o‘rnatilgan tartibda da’vo arizalarini taqdim etishda birinchi navbatda noqonuniy qurilmalar uchun yer ajratishda mas’ul bo‘lgan mutasaddilarga, tuman hokimliklariga nisbatan chora ko‘rish lozim.

Yana bir jihat. “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati foydalanishdagi aksariyat magistral gaz quvurlarini texnik va ma’nan eskirganligi, ularning diagnostikasi va texnik soz holatda saqlash ishlarini lozim darajada olib borilmayotganligi natijasida avariya sodir bo‘lish ehtimoli juda yuqori bo‘lishiga qaramasdan, zaxira quvurlar bilan  ta’minlash rejasi ham to‘liq bajarilmagan.

Bundan tashqari, Energetika vazirligi rahbariyati aholi murojaatlariga, qolaversa, senator va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi o‘rinbosari tomonidan saylovchilar talabi  asosida kiritilgan senatorlik so‘rovlariga etiborsizlik bilan yondoshmoqda.

Xususan, joriy yil 24 fevralda senator hamda 4 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi o‘rinbosari tomonidan Energetika vaziri nomiga Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumani Toshloq va O‘rtasaroy mahallalariga gaz ta’minotini yaxshilash uchun 2020 yil kuz-qish mavsumi boshlanguniga qadar Yuqorichirchiq hududidagi “Bektemir” GTSdan alohida tarmoq chiqarib, D-159 mm, uzunligi L-12000 metr gaz quvuri tortish masalasini ko‘rib chiqib, ijobiy hal qilish yuzasidan yuborilgan senatorlik so‘rovlariga yuzaki yondoshilib, chuqur o‘rganmasdan “Hududgazta’minoti” boshqaruvi raisi birinchi o‘rinbosari bergan ma’lumotnomasini ilova qilgan holda Energetika vaziri o‘rinbosari B.Narmatov imzosi bilan senatga yuzaki  xat yuborilgan.

Senator so‘rovida ko‘tarilgan hududlarga tabiiy gaz umuman berilmayotgan bo‘lsa-da javob xatida yuqorida qayd etilgan mahallalarda tabiiy gaz ta’minotidan uzilishlar kuzatilgan vaqtida aholi iste’molchilariga “Hududgazta’minot” AJ tomonidan suyultirilgan gaz yetkazib berish imkoniyati mavjudligi qayd etilgan.

Ta’kidlash lozimki, 2020 yil yanvar-fevral oylarida mazkur hudud aholisining har bir oilasi oyida 20 kg dan suyultirilgan gaz bilan ta’minlanishi lozim bo‘lsa-da, “Hududgaz Toshkent” MChJ tomonidan tasdiqlangan taqsimot rejasiga asosan har bir oilaga 12,2 kg dan gaz yetkazilgan.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2019 yil 12 oktyabrdagi Qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Tabiiy gaz quvurlari tizimining holati va ushbu sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi yuzasidan  yuborilgan parlament so‘rovida  belgilangan masalalar, muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha Hukumat tomonidan qabul qilingan chora-tadbirlar dasturi ijrosini ta’minlashga yuzaki yondoshilganligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu munosabat bilan Qo‘mita tomonidan navbatdagi yalpi majlis kun tartibiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosarining axborotini eshitish masalasini kiritish to‘g‘risida Senat Kengashiga taklif kiritish yuzasidan qaror qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati