Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tadbirkorlar chinorlarni kesib, suzish havzasini “Afsona”ga aylantirmoqchi(mi?)

Aslida Samarqand shahridagi “Park-ozero” nomi bilan yuritiladigan «Afsona» suv havzasida o‘tgan yili fevral oyida qurilish ishlari boshlangandi.

O‘shanda qurilishga mas’ullar 1 gektar maydonni egallagan hududda bolalar va kattalar uchun cho‘milish havzasi, yengil tamaddi qilib olishga mo‘ljallangan kafe, sport-sog‘lomlashtirish markazi qurilishini bildirishgandi. Shuningdek, umumiy qiymati 1,5 million dollar bo‘lgan loyihani amalga oshirish uchun xorij tajribasidan samarali foydalanilayotgani aytilgandi.

Ammo oradan ko‘p o‘tmay, suv havzasi hududida “Aleksandr” mehmonxonasi ma’muriyati va ular jalb qilgan quruvchilar tomonidan ko‘p yillik chinorning hech qanday ruxsatsiz kesilganligi keng muhokamalarga sabab  bo‘lgandi.

Voqelik ortidan Samarqand viloyati hokimligi kotibiyat mudiri Ulug‘bek Obloqulov hamda viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi xodimi Alisher Muhammadiyevni ma’muriy javobgarlikka tortish bo‘yicha ma’muriy sudga murojaat qilingandi.

Shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida va tizim boshqaruvida qo‘pol xatoliklarga yo‘l qo‘yganligi uchun viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i G‘olib Negmatov egallab turgan vazifasiga noloyiq ekanligi qayd etilgandi.

Mazkur hududda 2019 yil 15 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan daraxtlarni noqonuniy kesilganligi to‘g‘risida xabarlar tarqalgan. Bu bo‘yicha viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan o‘rganilganda “Alexsander Hotek” MChJ direktori Akbarjon Qutbetdinovning topshirig‘iga asosan diametri 40 va 60 santimetr bo‘lgan tut daraxtlari tegishli ruxsatnomasiz kesilganligi aniqlangan.

Buning oqibatida o‘simlik dunyosiga 40 million 546 ming so‘m zarar yetkazilgan.

Shuningdek, fuqaro Mashrab Karimov tomonidan (e’tibor qiling tadbirkorlik sub’yekti hududida oddiy fuqaro) diametri 28 va 48 santimetr bo‘lgan chinor daraxtlari ruxsatsiz kesib olingan hamda o‘simlik dunyosiga 26 million 354 ming 900 so‘m zarar yetkazilgan.

Har ikki holat bo‘yicha yetkazilgan zararni undirish uchun iqtisodiy sudga davo arizasi kiritilgan. Huquqbuzarlardan, jumladan, Akbarjon Qutbetdinovdan 2 million 27 ming 300 so‘m, Mashrab Karimovdan 1 million 216 ming 380 so‘m ma’muriy jarima undirilgan.

Oradan hech qancha o‘tmasdan, yana o‘sha “Afsona”da ikki tup chinor daraxtiga ziyon yetdi. Bu safar O‘ktam Qutbiddinovning topshirig‘i bilan chinorlar noqonuniy kesib tashlandi.

“2020 yil 20 mart kuni soat 22:30 larda yomg‘ir yog‘ayotgan vaqtda ikki tup chinor daraxtini daraxt kesuvchilarga o‘zim aytib, kestirdim”, deydi  «MALAXIT PLUS» MChJ direktori O‘ktam Qutbiddinov.

U o‘zining xatti-harakatlarini xaspo‘shlash uchun “Chinorlarni suv quvurining kirish qismida xalaqit berib turgani uchun kestirdim. Ushbu holat qonunga zid ekanligini bilmasdim”, deydi. Yanayam ajablanarlisi, “o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zararni o‘z ixtiyorim bilan to‘lab beraman”, degan.

Albatta, holat yuzasidan xujjatlar rasmiylashtirilib, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan 44 million 600 ming so‘m zararni undirish uchun iqtisodiy sudga hamda daraxtni noqonuniy kesgani uchun javobgarlik masalasini hal etish uchun ma’muriy sudga murojaat qilingan.

Shu o‘rinda eslatib o‘tish lozim, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasida daraxtlar, butalar, boshqa o‘rmon o‘simliklari va nihollarni g‘ayriqonuniy ravishda kesish, shikastlantirish yoki yo‘q qilish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan.

Demak, “Afsona”da “xalaqit berib turgan” ikki tup chinorni kesgani uchun tadbirkor 50 millionni nari-berisidagi jarima bilan qutulib qolarkanda?

Bizningcha, daraxtlar noqonuniy kesilishining oldini olish bo‘yicha aksiya e’lon qilingan bir davrda “bilmaydigan” bunday tadbirkorlarga jiddiyroq chora ko‘rish masalasini o‘ylab ko‘rish kerak.