Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tariximizdagi g‘urur yoxud g‘ururimizdagi shonli tarix xususida

Bu sayohatga Chandigar shahar Qit’alararo madaniyat va san’at assotsiatsiyasi tashabbusi bilan 42 nafar o‘zbekistonlik ijodkorlarning hind tiliga o‘girilgan ijodiy ishlari o‘rin olgan «Oltin ko‘prik» to‘plami taqdimoti sabab bo‘ldi. O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan sayohatda Samarqanddan ham ikki nafar ijodkor qatnashdi.

Hindiston bo‘ylab o‘n kun

Bizni hind xalqining sevimli shoirasi, assotsiatsiya raisi Manjid Indira boshliq bir guruh shoir va yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar kutib olishdi. Safimizda  ustoz yozuvchi Muhammad Ali, Buxoro, Qashqadaryo, Toshkent va jizzaxlik ijodkorlar bor.

Hindistonda Bobir Mirzoga bo‘lgan hurmat-ehtiromni ko‘rib faxrlandim.”O‘zbekistondan, Samarqanddanmiz” degan javobimizni “Ha, Bobur...Boburning yurtidan!” deb tasdiqlaydilar, go‘yoki, O‘zbekiston, Samarqand, Bobur so‘zlari bir xil mazmunga egadek. Bobur va Boburiylar qoldirgan meros, me’moriy obidalar hamon Hindistonning dunyo tamaddunidagi tarixiy salohiyatini jahonga ko‘z-ko‘z etib turibdi. Dehlidagi  “Humoyun” maqbarasi, “Qizil qal’a”  “Ko‘hna qal’a”, Agra shahridagi “Toj-Mahal”, uning bag‘ridagi Shohjahon dahmasi,  “Akbarshoh” maqbaralari, shoira Zebunisobegimning qabrlariga nigohim tushar ekan, qalbimda g‘urur, allanechuk dard-alam isyon qildi, ko‘zlarimga beixtiyor yosh keldi. Yana o‘sha armon – agar Bobur Mirzo Samarqandni noiloj tark etmaganida edi, mehr-muhabbat va sadoqat timsoli “Toj-Mahal” albatta Samarqandda,yo, Andijonda qurilgan bo‘larmidi.

Boburiylar bunyod etgan qasrlar, maqbaralarning me’morchilik uslublari, aynan, Samarqand memorchiligi an’analariga o‘xshash, ob-havosini aytmaysizmi,  33, 35 daraja issiq, ammo obidalar hududida xuddi Amir Temur maqbarasidagi, Registon va Bibixonim, Ulug‘bek madrasalari, rasadxonalaridagi kabi salqin havo, epkin shabada joningizga orom bag‘ishlaydi. Bobolarim yashamoqchun joy tanlashni bilganlar, degan o‘y kechdi xayolimdan.

Samarqand, Buxoro, Xorazm me’moriy yodgorliklarining naqshi rang-barang. Hindistondagi tarixiy oobidalarda esa oq va qizil ranglarning mutanosibligi bor. Oq va qizil marmarlardan qad ko‘targan qasrlar, qizil marmar to‘shalgan hovli, maydonlar har kuni tashrif buyurayotgan millionlab sayyohlarni bag‘riga olmoqda. Qal’a bog‘laridagi olmaxonlar, Akbarshoh maqbarasi bog‘ida sollanib yurgan ohular ko‘z o‘ngimdan ketmaydi.

Rus tilida ajabtovur gapira oladigan hind yigiti  bizni qal’aning atrofini o‘rab olgan ayvon ustunlariga e’tiborimizni qaratdi. Ayvonning har burchagiga bizni bittadan joyladi va kaftimizni devorga qo‘yib, sekin shivirlab gapirishni buyurdi. Ajabo, oramiz o‘n-o‘n besh metr bo‘lsa xam  narigi burchakda turgan kishi devorga qulog‘ini qo‘yib, men shivirlab, sekin aytgan so‘zimni xuddi telefonda eshitgandek aniq eshitdi va men ham uni shunday tingladim. Tilmochning aytishicha, qasr soqchilari bir-birlariga ana shunday, devor orqali xabar yuborar va shohga yetkazar ekanlar. Bu holat siri hamon jumboqmi yoki yechilganmi, bilishga ulgurmadik.

Boburshoh  xasta o‘g‘li Humoyunning hayotini saqlab qolish uchun Alloh oldida  o‘z jonidan kechishga tayyor ekanligini bildiradi, bu voqeani ustoz yozuvchimiz Primqul Qodirov “Yulduzli tunlar” asarida mohirona tasvirlagan. Hindistonda Humoyun xotirasi bilan bog‘liq ikki joy – Humoyun maqbarasi va Ko‘hna qal’a, Bobur mirzo Hindistonni egallagandan so‘ng ilk bor qo‘nim topgan joy, qizil marmardan yasalgan qal’a. Ushbu Ko‘hna qal’aning ichida  Boburshoh qurdirgan bir necha madrasalar, kutubxona, xammom, Hindistonda birinchi bunyod etilgan observatoriya mavjud. Bobur shoh 1530 yilda vafot etgan, kitoblari qal’a ichidagi ikki qavatli, sakkiz burchakli kutubxonada saqlangan. Humoyun shoh  1556 yil 24 yanvar kuni ushbu binoning ikkinchi qavatidagi observatoriyada tong chog‘i yulduzlarni kuzatib, bomdod nomozini o‘qish uchun pastga tushayotgan chog‘ida, ikkinchi qavat zinasidan yiqiladi va jarohat olib, ikki kundan so‘ng vafot etadi. Hozir bu kutubxonaga kirish ta’qiqlangan. Sayyohlar Humoyun yiqilgan joy – kutubxonani alohida kelib ko‘rishadi.

Humoyun vafotidan keyin uning xotini  alohida maqbara qurdiradi va hozirgi sayyohlar, ziyoratchilar bilan gavjum qasr, Humoyun maqbarasi bunyod etiladi. Agradan Dehli shahriga qaytar ekanmiz, o‘rmonzorlaridagi to‘da-to‘da maymunlarni tomosha qildik, ular yo‘lovchilardan qochmas ekan, aksincha, yo‘l chetidagi devorlar ustida o‘tirib olib, hadya so‘rashadi, saxiy yo‘lovchilar ularga turli xil noz-ne’matlar sovg‘a qilishadi. Maymunlarni shahar ichidagi ko‘chalarda ham uchratish mumkin. Hamrohim Erkatosh Shukurovaning qo‘lidagi muzqaymog‘ini bir ona maymun olib qochdi, qo‘ltig‘ida mushtdakkina bolachasi ham bor edi, deydi shoiramiz.

O‘n kun safarning ikki kuni kitobimiz taqdimoti bilan o‘tdi, qolgan sanoqli kunlarda esa, mamlakatdagi barcha turizm maskanlarini ko‘rib chiqishga ajratildi. Tarixiy obidalar, qadamjolar bilan bir qatorda hashamatli qurilgan chiroyli me’morchilik, haykaltaroshlik uslublariga ega masjidlarni ko‘p uchratdik. Masjidlarda xuddi o‘z yurtimizdagi kabi azon tovushlari yangrab turibdi.

Menga hind xalqining milliy kiyimlarga, diniga, milliy urf-odatlariga bo‘lgan yuksak hurmati juda yoqdi, oilaviy bo‘lib ziyorat qilayotgan minglab hind xalqini qadamda, har bir ziyoratgohda uchratishingiz mumkin. Sayyohlarning kamida to‘qson foizini hind xalqining o‘z ziyoratchilari tashkil etadi.

Boburiylar sulolasidan keyingi yaratilgan tarixiy obidalarning  ichida  Akshardam ziyoratgohi bugungi Dehlining faxri. Har kuni ikki-uch millionga yaqin sayyohlar, mahalliy xalq vakillari ushbu qadamjoni ziyorat qiladilar. Bino ichidagi daryo va ikkala sohilda joylashgan Hindiston tarixining ko‘rgazmasini qayiqlarga o‘tirib tomosha qilar ekansiz, bu manzarani kashf etgan ixtirochining mahoratiga tasannolar aytasiz. Ko‘z o‘ngingizda ibtidoiy jamoa, tosh asridan boshlab, toki bugungi kun hayotiga qadar bo‘lgan taraqqiyot jarayoni, oddiy tosh qurolidan boshlab, atom asrigacha hamda  tibbiy yuksalish, maorif, madaniyat, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarning   rivojlanish davrlari aks ettirilgan tabiat va yasama odamlarning,  xuddi, haqiqiy jonli odamlardek gapirishi, tabiat hodisalarining ko‘rsatilishi teatr sahnasidagidek ko‘z o‘ngingizda namoyish etiladi. Har kun kechqurun Akshardam binosi hovlisidagi amfiteatrda, minglab tomoshobinlar nigohida, fontanlar jilosida, 3D usulida ajoyib ko‘ngilochar nurtasvir ko‘rinishlar namoyish etiladi. Bu ziyoratgohning chiroyini tasvirlashga til ojiz, shuning uchun ham obida ichkarisiga birorta telefon yoki kamerali kishilarni kiritishmaydi, go‘yoki, uning chiroyi sir saqlanayotgandek.

Har qanday sayyoh borgan joyida albatta o‘sha yurtning bozoriga tushadi va narx-navolarini taqqoslaydi. Hindlarning milliy taomlari haqida juda ko‘p maqtovlar eshitgan edim.  Hindistonning bozorlari nihoyatda boy va gavjum. Eng muhimi, hindistonliklar o‘zlari ishlab chiqargan mahsulotlarni sotish, kiyish va tanovvul qilishga intilarkan. Bozorlarida mo‘l-ko‘lchilik, yil bo‘yi meva-chevalar bisyor, biz borgan aprel oyida ham bozorda tarvuz, handalak, uzum anor, sitrus mevalari, mango, papaya, kokos, ananas va hokazolarga. Narx-navoga kelsak, o‘zimizning so‘mda pomidor 4 ming, bodring 3 ming, banan 5 ming so‘m ekan. Milliy taomlaridan biryami barchamizga manzur bo‘ldi. Taomni mehr bilan pishirish, vitaminli ziravorlar, ko‘katlar, mevalardan foydalanishlari tahsinga sazovor. Nonlari ham o‘ziga xos, chapati (qotirma) guruch va bug‘doy unidan tayyorlangan. Havosi issiq bo‘lganligi sababli ichimlik  ko‘p xarid qilinarkan. Ular bizdagi kabi gazlangan ichimliklarni deyarli iste’mol qilishmas ekan. Bozor rastalari, yo‘l chekkalaridagi do‘konlarda to‘kin-sochin mevalardan istaganingizni  sharbat tayyorlagichdan chiqarib, qo‘lingizga tutadilar.

Men bu yurtdagi oilalar, er-xotin munosabatlari, nikoh masalalariga qiziqdim. Oilaviy janjal, ajrimlar, aholini ijtimoiy himoyalash, nafaqa puli, moddiy yordam kabilar qanday yo‘lga qo‘yilganligini so‘rab-surishtirdim. Er-xotinlik maqomi hukumat doirasidagi nikoh byurosida rasmiylashtiriladi. Ajrimlar haqida esa, katta muammo sifatida bong urish shart emas, chunki bunday hol kamdan-kam uchraydigan fakt ekan. Oilaning mustahkamligi asosan ayollarning zimmasida bo‘lib, erga tekkach toki umrining oxirigacha birga yashash ularning milliy urf-odatlari, e’tiqodiga aylangan. Er-xotin bola tarbiyasi, ro‘zg‘orni tebratish bilan mashg‘ul. Agar ular orasida kelishmovchilik sodir bo‘lsa, bu muammoni faqat shu oilaning katta yoshdagi a’zolari, ota-onalar, buvi-buvalar, qarindoshlar tomonidan hal etiladi, begonalar aralashmaydi. Oilaviy sirni ichkarida saqlash, ko‘chaga doston qilib, nufuzlarini yo‘qotmaslik azaldan bizning ham milliy urf-odatlarimiz, qolaversa, diniy va dunyoviy an’anamiz bo‘lgan. Bizdagi kabi mahalla, xotin-qizlar qo‘mitasi, qolaversa  ichki ishlar, sud, prokraturaga taqdirlarini berib, muhokama qilish uchun ariza berish. Tarjimon orqali bir necha ayollardan “Mabodo, eringiz bilan janjallashib qolsangiz, kimga murojaat qilasiz?” deb so‘radik. Ular esa, “kimga aytishimiz kerak” deya ajablandilar. Bizda esa,  oilaviy janjallarni hal qilish, yarashtirish mahalla yoki xotin-qizlar tashkilotining vazifasiga aylanib qoldi.

Moddiy yordam masalasiga kelsak, hindistonliklar bozor iqtisodiyotiga moslashib, ko‘nikib ketishgan. Hammasi oilaviy hayotini yaxshilash, tirikchilik yuritish, mehnat qilib, farzandlarini tarbiyalash bilan band. Bekorchi odam yo‘q, boqimandalik degan so‘zni ishlatmaydilar. Aksariyat aholisining uyi yo‘q, ammo, hech kimga davo qilmaydilar, chunki bozor iqtisodiyotining shiori aqlga yarasha pul topish, puliga yarasha yashash.

Ijodkor sifatida hindistonliklarning ommaviy axborot vositalari, gazeta va gezetxonliklariga  havas qildim.  Gazetalarning narxi juda arzon, aholisi ommaviy ravishda gazeta o‘qishadi desam mubolag‘a bo‘lmas, chunki qaysi transportga chiqsangiz, yo‘lovchilar o‘qishi uchun ham gazetalar qo‘yishgan, hatto yo‘l chetida o‘tirgan gadoning qo‘lida ham gazeta borligini  ko‘rib, suratga tushirib oldik, demak gazetalar hayotiy hamda o‘qimishli degan xulosaga keldik.

 Safardagi asosiy rejalarimdan biri, Oqdaryo tumanida “Tohir va Zuhra” dostoni va milliy  qahramonlarimizning nomlarini  abadiylashtirish uchun olib borayotgan ishlarim, “Mening Tojmahalim” kitobim bilan mezbonlarni tanishtirish, chindan ham “Tohir va Zuhra ”dostonini dunyoning yarmi, jumladan Hindistonliklar ham bilishadimi? degan savolimga javob topish edi. Ilmiy manbalarda “Tohir va Zuhra” dostonini  hindistonliklar yaxshi bilishadi deyilgan va biz ham  bu hodisaning guvohi  bo‘ldik. Tohir ismli yigitlar, Zuhra ismli qizlar bor. Loyihamizni eshitgan  kishilar, taqdimotdagi ijodkorlar ishimizga muvaffaqiyat  tiladilar va albatta ziyoratgoh qoshida qurilajak “Muhabbat qasri” ga  kelib, ziyorat qilishlarini bildirdilar.

Oygul MAMATOVA,

 O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi.

2019 yil, aprel.