Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Test sinovida singlisiga yordam bergan nazoratchi bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi

Joriy yilning 8 avgust kuni saytimizda “Test sinovida singlisiga yordam bergan nazoratchi imtihondan chetlashtirildi” sarlavhali maqola e’lon qilingan edi.

Mazkur holat bo‘yicha Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasi xabar berdi.

Unda aytilishicha, joriy yilning 7 avgust kuni 2-bino, 22-guruhda o‘tkazilgan test sinovi jarayonida singlisiga yordam berishga harakat qilgan fuqar Fayoz Toshmurodov 2015 yildan buyon Samarqand shahridagi 72-umumta’lim maktabida faoliyat yuritib keladi. U 2018 yildan direktorning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida ishlab kelgan.

2019 yil 1 iyuldan navbatdagi mehnat ta’tiliga chiqqach, 29 iyuldan boshlab Davlat test markazining jamoatchilik kengashi tavsiyasiga binoan shartnoma asosida test jarayoniga nazoratchi sifatida jalb qilingan.

72-umumta’lim maktabi direktori D.Ahmedova F.Toshmurodovning Davlat test markazi jamoatchilik kengashi tavsiyasiga binoan shartnoma asosida test jarayoniga nazoratchi sifatida jalb qilinganligidan xabari yo‘qligi to‘g‘risida tushuntirish xati yozib bergan.

Fayoz Toshmurodov arizasiga ko‘ra, Samarqand shahar xalq ta’limi bo‘limining 2019 yil 9 avgustdagi buyrug‘iga asosan, xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 97-moddasi 1-bandiga binoan bekor qilingan.

Ma’lumot uchun: Toshmurodov Fayoz Erkin o‘g‘li 1993 yil 12 sentyabrda Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida tug‘ilgan. Millati o‘zbek. 2015 yilda Qarshi davlat universitetining geografiya fakultetini bitirgan. 2017 yilda SamDU geografiya fakulteti magistraturasida tahsil olgan.