Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tramp Nobel mukofotiga nomzod etib ko‘rsatildi

Norvegiyaning “Taraqqiyot partiyasi” deputati Kristian Tibring-Gedde Amerika prezidenti Donald Trampni Nobel mukofotiga nomzod etib ko‘rsatdi. Bu haqda Fox News xabar berdi.

Norvegiyalik siyosatchi Nobel qo‘mitasiga xat yubordi. U yerda Amerika rahbariga nega mukofot topshirilishi kerakligini tushuntirdi. Xatga ko‘ra, Tramp siyosiy faoliyati davomida dunyoda tinchlik o‘rnatish uchun mukofotning boshqa nomzodlaridan ko‘ra ko‘proq ishlarni amalga oshirgan. Xususan, uning ma’muriyati “Isroil va Birlashgan Arab amirliklari (BAA) o‘rtasidagi aloqalarning yo‘lga qo‘yilishida muhim o‘rin egallagan”.

“Ehtimol, mintaqadagi boshqa mamlakatlar ham amirliklar izidan borishlari mumkin. Shu sababli ushbu kelishuv Yaqin Sharqni hamkorlik va farovonlik mintaqasiga aylantiradigan omil bo‘lishi ehtimoli bor”, deb alohida ta’kidlagan Tibring-Gedde.

13 avgust kuni Tramp Isroil va amirliklar ikki tomon munosabatlari barqarorlashganini e’lon qilib, tarixiy kelishuvga erishgani haqida xabar qildi. Mamlakatlar AQSh prezidenti ma’muriyati vositachiligi yordamida kelishuvga erishdi. Bitim shartlariga binoan, Isroil Iordan daryosining g‘arbiy sohili hududida o‘zining suverenitetini tarqatish qarorini vaqtincha to‘xtatib turadi.