Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tug‘ruqxonada uch egizaklarning biri yo‘qolgani yuzasidan rasmiy bayonot berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda “3-egizak qayerda? Farg‘onadagi tug‘uruqxonada yo‘qolgan chaqaloq voqeasi” sarlavhasi bilan tarqalgan xabar yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan rasmiy bayonot berildi.

Aniqlanishicha, 2020 yil 9 iyulda fuqaro M.M. Farg‘ona shahar prokuraturasiga murojaat qilib, unda qizi F.G‘.ning homiladorligi davridagi tekshiruvlar 3 ta egiz homilasi borligini ko‘rsatgan bo‘lsa-da, Farg‘ona viloyati perinatal markazida o‘tkazilgan 2020 yil 4 iyulda kesarcha kesish amaliyotida faqat 2 nafar qiz chaqaloq olinganligini bildirib, holatga oydinlik kiritilishini so‘ragan.

Mazkur holat yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida homiladorlikning 26-haftasiga qadar o‘tkazilgan jami 16 ta ultratovush tekshiruv natijalari F.G‘.da ikki egiz homila borligini ko‘rsatganligi aniqlangan.

Homiladorlik davrining 26-haftasidan so‘ng o‘tkazilgan 4 ta ultratovush tekshiruvlari davomida F.G‘.ning semizlik darajasi yuqori bo‘lganligi, patologik soya (artefakt) go‘yoki 3-homila bo‘lib ko‘ringanligi tufayli unda uch egiz homila borligi haqida xulosalar qilinishiga olib kelgan hamda ushbu xulosalar asosiy tashxis bo‘lmasligi ma’lum bo‘lgan.

Tekshiruv davomida olingan kesarcha kesish amaliyotida bevosita ishtirok etgan, ultratovush tekshiruvlarini amalga oshirgan tibbiyot xodimlarining tushuntirish xatlari, tibbiyot xodimlariga nisbatan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi xulosasi, tibbiy va boshqa hujjatlar asosida F.G‘.ning 3-egiz farzandini dunyoga keltirganligi haqidagi vaj o‘z tasdig‘ini topmagan.

Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona shahar prokuraturasi tomonidan 2020 yil 18 iyulda jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilinib, bu haqda murojaat muallifiga ma’lum qilingan.