Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Urgutda o‘qigan qizlar “o‘tirib qoladi”(mi) yoxud nega yoshlar talaba bo‘lishni istamayapti?

Samarqand viloyati o‘tgan yil umumta’lim maktablarining 11-sinf bitiruvchilarini ta’limning keyingi bosqichiga qamrab olish bo‘yicha 8,2 foiz bilan respublikada 11-o‘rinni egallagan edi. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasining ma’lumotiga ko‘ra, bu yil bitiruvchilarni ta’limning keyingi bosqichiga qamrab olish ko‘rsatkichi 12 foizni tashkil etmoqda. 

Joriy yil eng yuqori ko‘rsatkich Samarqand shahri maktablariga to‘g‘ri kelmoqda. Shaharda bu yil 6295 nafar o‘quvchi 11-sinfni bitirdi va ularning 22,3 foizi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirdi.

Ikkinchi o‘rinni Paxtachi tumani maktablari egalladi – 16,6 foiz maktab bitiruvchisi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga qabul qilindi. Bitiruvchilarining 14,6 foizi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan Kattaqo‘rg‘on shahri uchinchi o‘rindan joy oldi.

Maktab o‘quvchilarining oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichi eng past hududlar – Kattaqo‘rg‘on (10,3 foiz), Jomboy (9,9 foiz), Urgut (5 foiz) tumanlari bo‘ldi. Urgut tumani maktablari o‘tgan yili ham nafaqat viloyatda, balki respublika miqyosida eng past ko‘rsatkichga ega bo‘lgandi. Xo‘sh, nima sababdan? Shu savolga javob izlab, Urgut tumanida bo‘ldik.

Toyloq tumanidan 800 nafarga yaqin o‘qituvchi qatnab ishlaydi

Bugun tumanda 143 ta maktab, 14 ta maktab filiali bo‘lib, ularda 6463 nafar o‘qituvchi yosh avlodga ta’lim-tarbiya beradi. O‘qituvchilarning 66 nafari oliy toifa, 408 nafari 1-toifa, 1343 nafari 2-toifa, 3958 nafari mutaxassis kadrlardir. Shuningdek, tuman maktablarida 246 nafar tugallanmagan oliy ma’lumotli va 688 nafar o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchilar mehnat qilmoqda. Bir qarashda tuman maktablarida fan o‘qituvchilari yetarlidek, biroq ularning 800 nafarga yaqini Toyloq tumanidan qatnab ishlaydi. Nega? Sababiga keyinroq to‘xtalamiz.

360 o‘rinli maktabda 847 nafar bola o‘qiydi

G‘o‘s mahallasidagi 99-umumiy o‘rta ta’lim maktabidan bu yil oliy o‘quv yurtlariga birorta ham o‘quvchi kirmagan. O‘qituvchilarning aytishicha, bu yil homiylar yordamida ko‘chadan maktabgacha bo‘lgan qiya yo‘l sement beton qilinibdi. Avvallari ahvol bundan ham badtar ekan, qishda qor yog‘ib, yer muzlasa, maktabga kirish yo‘li juda xavfli bo‘lib qolarkan.

Maktab 360 o‘rinli bo‘lib, unda 847 nafar bola o‘qimoqda. Maktabning bir qavatli pastqam eski binosi 1991 yilda hashar yo‘li bilan qurilgan bo‘lib, ichki yo‘lagi pol qilinmagan. Sinf xonalari, o‘qituvchilar xonasi va o‘quv ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari xonasida isitish moslamasi yo‘q. “Qishda pechka quramiz”, deydi o‘qituvchilardan biri. Aftidan, o‘tgan yili viloyat bo‘yicha burjuyka pechlaridan voz kechdik, deb eski maktab binosidagi qo‘lbola pechlarni ham oldirib tashlashgan ko‘rinadi. Maktabning eski binosi umuman zamon talabiga javob bermaydi. Eshik, derazadan tortib, xona ichidagi jihozlargacha eskirib ketgan.

- O‘quvchilarning o‘zlari o‘qishni istamaydi, - deydi maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha  o‘rinbosari Jarqin Ismatov. – Sababi, mahalliy aholi chet elga mayiz, turshak kabi quruq meva sotish bilan shug‘ullanadi. O‘g‘il bolalar maktabni bitirib, ota kasbini tanlaydi. Qizlarni esa maktab davridanoq unashtirib qo‘yishadi. Maktabni tugatgach, turmushga uzatishadi. Ular faqat uyda to‘n tikish bilan shug‘ullanadi.

Maktabning yangi binosi 1998 yilda qurilgan bo‘lib, o‘quv xonalarining birida atigi 4 nafar o‘quvchiga dars o‘tayotgan o‘qituvchini uchratdik.

- Pandemiya sharoitida sinflarni ikkiga bo‘lib o‘qityapmiz. Bugun 15 nafar o‘quvchi darsga kelishi kerak edi, - dedi biologiya fani o‘qituvchisi Xushnuddin Azimov. – O‘quvchilar 2-3 soat darsda qatnashib, ketib qolyapti. Mana ko‘rganingizdek, 4 nafar o‘quvchiga dars o‘tyapman.

Biz darsga qatnashayotgan 10-sinf o‘quvchilaridan kelajakda kim bo‘lmoqchi ekanini so‘radik. Ulardan biri iqtisodchi, uch nafari esa tadbirkor, ya’ni quruq meva savdosi bilan shug‘ullanishini aytdi.

Qizlar o‘quvchiligida unashtirib qo‘yiladi

Ispanza qishlog‘ida joylashgan 7-umumiy o‘rta ta’lim maktabi bitiruvchilarining ham oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichi juda past. Buning sababini maktab direktori Shamsiddin Saidmurodov quyidagicha izohladi:

- Bu yil maktabni 86 nafar o‘quvchi bitirdi, shundan 64 nafari oliy ta’lim dargohlariga hujjat topshirdi (uning uchun ham o‘quvchilarning har birining uyiga borib, ota-onasi bilan gaplashganman) va atigi 1 nafari o‘qishga kirdi. Aholi Rossiya, Ukraina davlatlariga quritilgan meva sotish bilan shug‘ullanadi va yaxshi daromad qiladi. Shuning uchun yoshlar o‘qishni davom ettirishni istamaydi.

Maktabda 19 yildan beri rahbarman. Eski maktab binosini davlat dasturiga kiritib, rekonstruksiya qildik. Biroq 2017 yilda qurilgan binoning fizika, kimyo, biologiya sinflariga laboratoriya jihozlari haligacha berilmagan.

Aftidan bu maktabda ham isitish tizimi ishlamaydi, biroq direktor «maktabimiz qishda issiq bo‘ladi», dedi.

- Maktabga 20-25 kilometrlik uzoqdan qatnab ishlaydiganlar bor, - deydi direktor o‘rinbosari Nargiza Mamatkarimova. – O‘zim Toyloq tumanidan qatnab ishlayman. Dastlab Urgut tumani markazigacha, so‘ngra boshqa transportda maktabgacha kelaman. Toyloqda oliy ma’lumotli yoshlar juda ko‘p, shuning uchun u yerdagi maktablarda dars soatlari kam. Dars soatlari kamayganidan keyin maosh ham kamayadi. Qiynalsam ham uzoqdan kelib ishlayman. Qishda kechki payt transport topish qiyin bo‘ladi. Soat 19:00 da uyga kirib boraman.

Ispanzada qizlar erta unashtirib qo‘yiladi. Maktabni bitirgach, turmushga berib yuborishadi. Bu yerda oliy ma’lumotli bo‘laman deydigan qizlar kam. Biror qiz oliy ta’lim dargohida o‘qisa, “o‘tirib qoladi”. Shuning uchun ota-onalar qizini o‘qitishdan ko‘ra, turmushga berishni afzal ko‘radi.

Binoga optik tola kelgan, ammo internetga ulanmagan

Tumandagi 136-IDUMning 49 nafar bitiruvchisidan 18 nafari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan.

- O‘tgan yilgi ko‘rsatkichimiz bundan ham yaxshi edi, - deydi o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Baxriddin Najmiddinov. – Bu yil pandemiya sabab, o‘qishga kirganlar soni biroz kamaydi. Bizning ham o‘zimizga yarasha muammolarimiz bor. O‘quv dargohimiz 1991 yilda «Iqbol» litseyi nomi bilan tashkil qilindi. Biroq alohida o‘quv binomiz yo‘qligi sababli tumandagi 54-maktabda faoliyat olib bordik. 2005 yildan litsey ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabiga aylantirildi. Hozirgi kunda SamDUning 3-son akademik litseyi binosida vaqtincha turibmiz. Ushbu binoga optik tola kelgan, ammo internetga ulanmagan. Laboratoriya xonalari mavjud emas. Isitish tizimi ishlamaydi. Matematika o‘qituvchisini chetdan chaqirishga majbur bo‘lyapmiz, informatika o‘qituvchisi bir nafar, aslida ikki nafar bo‘lishi kerak, musiqa o‘qituvchisi yo‘q. Agar mavjud muammolar hal etilsa, o‘quv dargohimizda ta’lim sifati yana ham oshardi.

Tog‘li hududlardagi maktablarda mobil telefon ham ishlamaydi

Tumanda 121 ta maktab optik tolali internetga ulanmagan. Bunisi ham mayli, ba’zi tog‘li hududlarda joylashgan maktablarda mobil telefon ham ishlamaydi.

- Agar biror topshiriq beradigan bo‘lsak, tog‘li hududlarda joylashgan maktablarning direktoridan qorovuligacha telefon qilib chiqamiz, - deydi ismi sir qolishini istagan tuman xalq ta’limi bo‘limi xodimi. – Zora, birontasi aloqa bor joyda bo‘lsa-yu, biz bog‘lana olsak deymiz.

E’tibor bering, ta’lim sifati ko‘rsatkichi o‘rganilayotganda bunday muammolar borligi e’tiborga olinmaydi. To‘g‘rirog‘i, bu kabi muammolar hech qayerda aytilmaydi.

Tijoratchilarni ham o‘qitish zarar qilmaydi

Urgut tumani bozori respublikamizda mashhur bozorlardan biri. Bozor atrofidagi aholi savdo-sotiq bilan shug‘ullanadi. Surishtiruv natijasida shu narsaga amin bo‘ldikki, tuman bozoriga yaqin hududlarda joylashgan maktab o‘quvchilari bolaligidan savdo-sotiq, tijorat bilan shug‘ullanishga qiziqarkan. Bunga imkoniyat va sharoit yetarli. Xo‘sh, shunday ekan, chet elga o‘z mahsulotlarimizni eksport qilish bilan shug‘ullanayotganlar uchun maktab ma’lumoti yetarlimi? Urgutlik yoshlarni chet tillariga mukammal o‘qitish, tumanda marketing sohasida oliy o‘quv yurtlarining filialini tashkil qilish vaqti kelmadimi? Jannatmakon yurtimizning sarxil meva-chevalari jahon bozorlarini to‘ldirish uchun chet tillarni biladigan tijoratchilar tayyorlash kerak emasmi?

Bundan tashqari, ota-onalar bilan ishlashni yo‘lga qo‘yib, qizlarni ham oliy ma’lumotli qilishga yordam berish kerak. Nahotki, bu haqda mutasaddilar o‘ylamayotgan bo‘lsa? Balki urgutlik qizlar ham o‘qishini davom ettirishni istar, ularning ham orzu-havaslari bordir? Qishloq sharoitida maktab, bog‘cha, tibbiyot sohasida ham xotin-qizlar kerak-ku.

Urgutda Qorako‘l maktabi filiali ochiladi

- Yaqinda tumandagi barcha maktab direktorlari bilan birgalikda Buxoroning Qorako‘l tumanidagi mashhur maktabga borib keldik, - deydi tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Baxtiyor Oblomurodov. – Biz maktabning tashqi ko‘rinishiga, ta’miriga e’tibor berar ekanmiz. Qorako‘ldagi maktab oddiy ta’lim dargohi bo‘lib, u yerda faqat o‘quvchining bilimi birinchi o‘rinda turar ekan. Maktab direktori bilan ancha vaqt suhbatlashdim, o‘quvchilarining yutuqlari sababini so‘radim va Urgut tumanida ham Qorako‘l maktabi filialini ochishga qaror qildik. Sobiq iqtisodiyot kolleji binosini yangi yilgacha ixtisoslashgan maktabga aylantirishni rejalashtiryapmiz. Shuningdek, o‘rgangan tajribalarimiz asosida yo‘l xaritasi tayyorlayapmiz. O‘zim G‘o‘s mahallasidagi 153-umumiy o‘rta ta’lim maktabini otaliqqa oldim. Bu maktabda o‘quvchilar qator yillardan buyon oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirmaydi. Endi bu maktab doim nazoratimda bo‘ladi.

Bundan tashqari, 8 ta ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabi ochmoqchimiz. Hanuzgacha aholisi zich joylashgan tumanimizda atigi bitta IDUM bor.

2020 yilning 22 oktyabr holatida, maktab bitiruvchilarining oliy o‘quv yurtlariga kirish ko‘rsatkichi 5 foizni tashkil etyapti. Hali o‘qishga kirish davom etmoqda. Kimdir qo‘shni davlat oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirgan bo‘lsa, kimdir tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni istamoqda. Hech bo‘lmasa, ko‘rsatkichimiz 7 foizga ko‘tariladi, degan umiddaman.  

Safarimiz chog‘ida biz tuman markaziga yaqin maktablar bilan tanishdik va muammolarini yoritishga harakat qildik.

Yana bir gap. Tuman va shaharlar kesimida olib qaralsa, Urgut tumanida 143 maktab bo‘lsa, Kattaqo‘rg‘on shahrida atigi 18 ta maktab mavjud. Bunday tafovut ham ta’lim tizimini boshqarishda birdek talab qo‘yish adolatdan emasligini ko‘rsatadi. Siz nima deysiz?

Xurshida ERNAZAROVA,

Baxtiyor MUSTANOV (foto).