Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Xonadonlarga gaz yetib borishida muammolar ko‘p. Xo‘sh, gazchilar bularni vaqtida bartaraf etyaptimi?

Keyingi o‘n-o‘n besh kunda havoning keskin sovishi, ko‘p qavatli uylarda isitish tizimining mavjud emasligi va boshqa bir qator omillar gaz iste’molini ikki baravar oshishiga sabab bo‘ldi. Ayrim aholi tomonidan gaz so‘rg‘ichlardan foydalanilayotganligi ham boshqa xonadonlarda tabiiy gaz bosimining pasayishiga olib keldi.

Shu bilan birga “Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi"ga qarashli beshta neft va gaz qazib chiqarish konlarida elektr energiyasi bilan bog‘liq muammoli holat yuzaga keldi. Oqibatda “Muborak gazni qayta ishlash zavodi”dan gaz ta’minoti bir muddat to‘xtatildi. Bu ham tabiiy gaz bosimining pasayishi va oqibatda aholining sovuqdan qiynalishiga sabab bo‘ldi. Shuning uchun bo‘limimizga murojaatlar keskin ko‘paydi.

Bunday paytda xodimlarimiz aholi xonadonlariga tabiiy gaz yetkazilishida uzilishlar bo‘lmasligining oldini olish uchun hududlarda gaz bosimi, ta’mirlash bilan bog‘liq muammolarni imkon darajasida bartaraf etishga harakat qildi. Jumladan, Samarqand shahrining Sartepa maskanidagi 144, 145, 139, 140 kabi 9 ta ko‘p qavatli uyni gaz bilan ta’minlash maqsabiba gaz quvurlari va umumiy gaz hisoblagichlarni tezkor ta’mirlashdi, natijada uylarning gaz ta’minoti yaxshilandi.

Bo‘stonsaroy ko‘chasi 40-uyda yashovchi Munisbek Mahmudovning murojaati joyida o‘rganilganda ushbu ko‘p qavatli uyda gaz bosimini yaxshilash uchun qo‘shimcha gaz quvuri qurilishi zarurligi ma’lum bo‘ldi. Natijada atrofdagi boshqa ko‘p qavatli uylarning gaz ta’minotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydigan holda gaz quvuri tortildi.

Panjob mahallasidagi Yormuhammedova, Firdavsiy, Almamedova va Alizoda ko‘chalarini gaz bilan ta’minlovchi yer ostidagi gaz quvurining teshilishi oqibatida quvurga yer osti sizot suvlari kirib qolgan ekan. Oqibatda ushbu mahallalar xonadonlarida gaz ta’minotida uzilishlar bo‘lgan. Tezkor harakatlar natijasida gaz quvuri ta’mirlanib, suv tegishli texnikalar yordamida chiqarib tashlandi, natijada 200 xonadonda gaz ta’minoti qayta tiklanib me’yoriy gaz berildi.

Shuningdek, Xo‘jag‘ulom, Bag‘dod, Orzu, Shirin mahallalarida gaz taqsimlash punkti va gaz hisoblagichlar ta’mirlanib, profilaktik ishlar bajarildi. Kimyogarlar shaharchasida o‘rta bosimli gaz quvurining havo bosimi tozalanib, 7 ta ko‘p qavatli uylarning gaz ta’minoti yaxshilandi.

Ayni kunlarda ham gaz ta’minotidagi uzilishlarni bartaraf etish uchun bo‘limimizda tashkil etilgan ta’mirlash guruhi va chilangarlar tezkorlik bilan zarur ishlarni olib bormoqda.

Shavkat Usmonov,

“Nududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali Samarqand shahar bo‘limi rahbari.