Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yil boshidan buyon salkam 10 mingta yong‘in qayd qilindi, 88 kishi halok bo‘ldi

2019 yilning o‘tgan 10 oyi davomida Respublika hududida jami 9384 ta yong‘inlar qayd etilib, ushbu yong‘inlarda 88 nafar inson halok bo‘lgan va 240 nafar kishi tan jarohati olgan. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi YoXBB OAV bilan hamkorlik qilish bo‘linmasi xabar bermoqda.

Jami sodir bo‘lgan yong‘inlarning 69,3 foizi aholi yashash joylarida, 9,5 foizi tadbirkorlik sub’yektlari ob’yektlarida, 5,3 foizi transport vositalarida va 1,3 foizi davlat tasarrufidagi ob’yektlarida yuzaga kelgan. Yong‘inlarning 38,9 foizi ochiq olovdan ehtiyotsizlik bilan foydalanish, 30,1 foizi elektr uskunalaridan foydalanish qoidalarini buzilishi,11,1 foizi isitish pechlarining nosozligi yoki ulardan noto‘g‘ri foydalanish, 9,9 foizi bolalarning sho‘xligi va 4 foizi transport vositalaridan foydalanish va tuzilishi qoidalarining buzilishidan sodir bo‘lgan.

Yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan 2019 yilning o‘tgan 10 oyi davomida o‘tkazilgan profilaktik ishlari natijasida 15586 ta bino va inshootlarda yong‘in kelib chiqish xavfining oldi olingan.

Sodir bo‘lgan yong‘inlarni o‘chirish vaqtida ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida 35 nafar inson qutqarilgan, 1271 bosh uy hayvonlari, 123 xil texnikalar, 289 millirad so‘mdan ziyod bino va inshootlar qurilmalari va 95 millirad so‘mdan ortiq moddiy boyliklar saqlab qolingan.

Shuningdek, fuqarolarning yong‘in xavfsizligini ta’minlashga oid bilim va ko‘nikmalariga ega bo‘lib borishi natijasida 2019 yilning o‘tgan 10 oyi davomida sodir bo‘lgan yong‘inlar 2018 yilning mos davriga nisbatan 345 taga, yong‘inlarda insonlarning halok bo‘lishi 10 taga va tan jarohati olish holati 56 taga kamaygan.