Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yutuqli chek o‘yinlari – endi butun O‘zbekiston bo‘ylab

Davlat soliq qo‘mitasi yutuqli chek o‘yinlari 2020 yil 29 oktyabrdan boshlab respublikamizning barcha hududlarini qamrab oladi.

Bu Prezidentimizning “Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida belgilandi.

Hujjatga muvofiq, Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan 2020 yilda Toshkent shahrida sinov tariqasida joriy etilgan yutuqli chek o‘yinlarining muvaffaqiyati sabab, ushbu aksiya ko‘lami yanada kengayadi.

Ya’ni, endi iste’molchilar yutuqli chek o‘yinlarining navbatdagi – V tirajida ishtirok etish uchun respublikaning istalgan hududida onlayn NKM yoki virtual kassa chekini olib ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin.

Asosiy shart – har bir iste’molchi bitta savdo shoxobchasidan bir kunda faqat ikkita, xarid miqdori 1000 (ming) so‘mdan kam bo‘lmagan chekni ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, yutuqli chek o‘yinlarida ishtirok etish uchun xarid qilingan mahsulot (xizmat) uchun onlayn NKM yoki virtual kassaning QR kodli chekini olish lozim.

Bunday qurilmalar barcha dorixonalar, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari, alkogol va tamaki mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi do‘konlar, shuningdek, yirik savdo tarmoqlarida o‘rnatilgan. Hozirda respublikada qariyb 64 ming savdo shoxobchasida bunday qurilmalar mavjud.

Keyingi qadam – chekning QR kodini SOLIQ mobil ilovasida skanerlash yoki 12 xonali fiskal belgisini 1077 raqamiga SMS tarzda yuborish lozim. Ro‘yxatdan o‘tkazish muvaffaqiyatli yakunlangandan so‘ng, Siz yutuqli o‘yin ishtirokchisiga aylanasiz.

Toshkent shahrida o‘tkazilgan yutuqli chek o‘yinlarining har bir tirajida ishtirokchilar soni tobora ortib bordi. Hozirgacha o‘tkazilgan 4 ta tirajda onlayn NKM va virtual kassalardan berilgan qariyb 110 ming dona chek ishtirok etdi. Ushbu cheklarning umumiy xarid miqdori 52 mlrd. so‘mdan ziyodni tashkil etadi.

Ayni vaqtga qadar V tirajda ishtirok etish uchun 30 mingdan ortiq chek ro‘yxatdan o‘tkazildi. Eslatib o‘tamiz, ushbu tirajda 2020 yil 13 oktyabr (soat 12:00)dan boshlab ro‘yxatdan o‘tkazilgan cheklar ishtirok etadi. O‘yin o‘tkazilish sanasi qo‘shimcha ravishda DSQ rasmiy manbalari orqali ma’lum qilinadi.

Yutuqli chek o‘yinlarida ishtirok etish shartlari bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin.

Cheklarni talab qiling, ro‘yxatdan o‘tkazing va qimmatbaho sovg‘alar yoki super yutuq – Chevrolet Nexia 3 sohibi bo‘ling!

DSQ matbuot xizmati.