Qozog‘istonda avtobus halokatga uchradi. Jarohatlanganlar orasida o‘zbekistonliklar ham bor

«Almati—Toshkent» trassasining 181-kilometrida 20 aprel kuni mahalliy vaqt bilan tong soat 5:09 da Van Hool avtobusi (davlat raqami KZ 213 ZSA) va Toyota Camry yengil avtomashinasi ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz bergan. TASS’ning xabar berishicha, Toyota avtomobili yuk mashinasi bilan to‘qnashgan, avtobus ularga urilmaslik uchun yo‘lni chetga olgan va ag‘darilib ketgan.

Halokat tufayli 11 kishi halok bo‘lgan, 29 kishi turli darajada tan jarohati olgan. O‘zbekistonning Almatidagi Bosh konsulligidan ma’lum qilishlaricha, hozirgi vaqtda halok bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari haqida axborot mavjud emas. Yetti nafar O‘zbekiston fuqarosi esa tan jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan. Xususan, O‘trordagi kasalxonaga yotqizilganlar:

1. Marhamat Jumaniyozova, 1996 yilda tug‘ilgan, Xiva shahridan;
2. Rohila Ahmetova, 1994 yilda tug‘ilgan;
3. Shodlik Maqsudovich Jabborov, Xiva shahridan;
4. Otabek Abdullayevich Matjonov, 1985 yilda tug‘ilgan, Qoraqalpog‘istondan;
5. Sardor Anorboy o‘g‘li Haydarov, 1994 yilda tug‘ilgan.

Qordaydagi kasalxonaga yotqizilganlar orasida ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi bor:

  1. Islomiddinov Abuxattar o‘g‘li, 1997 yilda tug‘ilgan;
  2. Zovodbek Muhammadjonov, 1999 yilda tug‘ilgan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligidan ma’lum qilishlaricha, Almatidagi Bosh konsullik Qozog‘istonning Jambul viloyati Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha departamenti bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi. Hodisa joyiga Bosh konsullik xodimi yo‘l olgan.