Alifbo, saltanat va tanazzul
2018 yili «Ma’rifat» gazetasida lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosini himoya qilib yozgan maqolamdan keyin ko‘pgina gazetxonlarda mening konservativ ko‘rinishdagi qiyofam shakllandi. Undan keyingi chiqishlarimdan so‘ng esa ko‘pchilik meni alifbo islohotiga qarshi, yangiliklardan qo‘rqadigan odam deb o‘ylamoqda.
Nima bo‘lsayam, uy-joyim edi...
Tan olib aytishim mumkinki, men haqiqatan ham konservatorman. Masalan, hanuzgacha do‘ppi kiyib yuraman. Toshkentda kimni do‘ppida ko‘rsangiz, bilingki, ular yo Orziqul Ergash, Yo Zuhriddin Isomiddinov yoxud men bo‘lamiz. Shu vajdan ba’zilar meni andijonlik deb o‘ylaydi, yana kimdir talaffuzimni eshitib, buxorolikmisiz deb so‘raydi. Ayrimlar ismimni bilgach, xorazmlik bo‘lsangiz kerak, deya taxmin qiluvchilar ham bor. Balki shundanmi, oxirgi she’riy to‘plamim Xudoybergan Komilov nomi bilan chop etilib ketdi.
Biroq men bulardan sira xafa bo‘lmayman. Meni eskichi deb bilsalar ham, ijtimoiy tarmoqlarda, matbuotda ovozimni o‘chirishga harakat qilishsa ham xafa bo‘lmayman. O‘zimni ham, tanqidchilarimni ham «beayb parvardigor» degan falsafa bilan yupatib qo‘ya qolaman. Ammo, alifbo masalasida fikrim qat’iy, unga teginish, o‘zgartirishga mutlaqo qarshiman.
Nega desangiz, yaqinda internetda ulug‘ shoir Cho‘lponning muborak dastxatini ko‘rib, alamim yana toza bo‘ldi. Avval ham adabiyot muzeyida buyuk adiblarimiz: Abdulla Qodiriy va Oybekning arab imlosidagi dastxatlarini ko‘rgandim. Binoyidek chiroyli yozuv. Qolaversa, Imom Buxoriydan Mahmudxo‘ja Behbudiygacha barcha ulug‘larimiz o‘zlarining o‘lmas asarlarini shu xatda bitishgan.
Qizig‘i shundaki, arab yozuvi naqadar noqulay bo‘lmasin, asrlar davomida xalqimizga beminnat xizmat qildi. Undan foydalanish davomida o‘zbekning birorta tovushi yoki fonemasi o‘zgarmadi, yo‘qolmadi. Aksincha, arab yozuvida bitilgan g‘azallar, asarlarning shiracini totgan kishi qayta-qayta tamshanib qo‘yishi aniq. «O‘tgan kunlar»ni mutolaa qilganlar, hatto, keyingi yozuvlarda yo‘qolib ketgan ayrim o‘zbek fonemalarini qayta kashf etishdi.
Shu o‘rinda bibim bolaligimda aytib bergan qadimiy rivoyat yodimga tushaveradi.
O‘tgan zamonda bir sohibjamol qiz bo‘lgan ekan. Kunlardan bir kun uni o‘rmondan tushib kelgan ayiq o‘g‘irlab ketibdi. Tog‘dagi g‘origa oborib xotin qilib olibdi. Qizning yaqinlari uni ayiq yeb qo‘ygan bo‘lsa kerak, degan andishaga borib, unga aza ham ochishibdi. Bu orada ancha muddat o‘tgach, haqiqatdan xabardor bo‘lgan oriyatkash akalari g‘orni topib borib, payt poylab ayiqni o‘ldirishibdi va singillarini qutqazib qishloqqa opkelishibdi.
Bir kuni qarasalar, singillari toqqa qarab yig‘lab o‘tirganmish.
- Nega yig‘layapsan? - deb so‘rashibdi ular.
- Erim yodimga tushib ketdi. Ayiq bo‘lsayam, erim edi, uy-joyim edi, - degan ekan singillari ko‘z yoshini to‘xtatolmay.
Shu ma’noda, noqulay bo‘lsa ham, o‘qish-yozish qiyin bo‘lsa ham, o‘sha eski o‘zbek alifbomiz biz uchun asriy qadriyatlarimiz xazinasi edi. Afsuski, undan ajralganimiz millatimiz uchun qanaqa katta yo‘qotish bo‘lgani endi-endi bilinyapti. Kelinglar, o‘sha tarixiy xatolarimizni qayta takrorlamaylik, ulug‘ istiqlolimizdan nishona bo‘lib qolgan yangi alifbomizni daxlsiz saqlaylik.
Shulardan kelib chiqib, aytib o‘tish lozimki, ayrim ustozlarimizning agar alohida harf bilan ifodalanmasa, «ng» tovushi yo‘qolib ketishi mumkinligi haqidagi fikrlari anchayin ishonchsiz. To‘g‘ri, uni qandaydir shoxli yoki dumli N bilan yozish mumkin bo‘lsa kerak, ammo o‘sha harfni kompyuterda terish uchun klaviaturasiga yangi belgi qo‘yib chiqishga to‘g‘ri keladi va bu foydalanuvchilarga yana yangi muammolarni keltirib chiqaradi.
Fikrimcha, 1995 yilgi alifbo islohoti o‘rinli bo‘lgan va uni qayta o‘zgartirishning hojati yo‘q. Nima bo‘lgandayam, u bolalarimizning savodini chiqargan o‘ttiz yillik imlomiz ekanligini zinhor unutmaylik.
Saltanatlar silsilasi
Keyingi davrda imperiyalarning tanazzulga yuz tutishi sabablari haqida ko‘plab tadqiqotlar va nazariyalar hamda jamiyatshunos olimlarning fikr-mulohazalarini o‘qishingiz mumkin. Ularning birida saltanatdagi ichki muammolarning ko‘payib borishi asosiy omil sifatida aytilsa, ikkinchisida imperiya elitasi orasidagi aynish jarayoni bosh sabab deya ko‘riladi. Yana birida esa milliy ozodlik harakati bosh sababchi qilib ko‘rsatiladi.
Bu borada ham mening qarashlarim juda konservativ bo‘lib, imperiyalarni dunyo xalqlari uchun anchayin foydali tuzilma deb bilaman. Xalqimizda: «Birlashgan o‘zar...» degan juda ibratli naql bor. Ma’lum bir ezgu maqsad yo‘lida xalqlar va mamlakatlar birlashib harakat qilsa, buning nimasi yomon?!
Shu ma’noda, qadimiy Rim imperiyasidan tortib, biz, keksalar tug‘ilib yashab ko‘rgan qizil imperiyagacha - barchasida qandaydir odamlarni o‘ziga tortib birlashtiruvchi jihatlari bo‘lgani ayon haqiqat. Aytaylik, sohibqiron Temur saltanatining jozibasi adolatparvarligida edi. Yevropa imperiyalari ham o‘z tasarrufidagi mustamlakalariga zulm va zo‘ravonliklar bilan birga taraqqiyot va madaniyat olib borganligi ham ma’lum.
Shu ma’noda, shoirlarimiz Furqat, Anbar otin, Hamza Hakimzodaga shubhali yorliqlarni ilish durust emas. Ular taraqqiyotni, yangi zamonni madh etishgandi, xolos. Oktyabr inqilobidan keyin yetishib chiqqan ziyolilarimizni ham sho‘ro imperiyasining maddohlari deya nomlanishi mutlaqo noto‘g‘ri.
Umuman, tanqidchilarning o‘zi yashab ko‘rmagan zamon va uning odamlari haqida hukm chiqarishlari unchalik durust emas deb o‘ylayman. Aytaylik, o‘sha davrda yashab ijod qilgan adiblarimizni tili va dili boshqa munofiq odamlar bo‘lgan, degan qarashlarga mutlaqo qarshiman. Ular jahonshumul inqiloblar va islohotlar davrida yashadilar.
Qanchalik ajablanarli tuyulmasin, qizil imperiyaning ham xalq e’tiborini o‘ziga tortuvchi jozibali jihatlari bor edi. Masalan, kommunistik mafkura oldinga surgan tenglik, tinchlik, do‘stlik, kambag‘alparvarlik taomillari, soxta bo‘lsa-da, adolat va haqiqatparvarligi hozirgi davrda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmayapti.
Shu ma’noda qay bir yirik saltanat bo‘lmasin, o‘zining markazga tortuvchi kuchi bo‘lmasa, muqarrar halokatga mahkum bo‘ladi. Shu bois, har bir imperiyaning kuchli milliy g‘oyasi bo‘lishi shart. Aks holda, uning qudrati yildan yilga sinib, so‘nib boraveradi.
Biz bugungi kunda ushbu holatni tobora yemirilib borayotgan rus imperiyasi misolida ko‘rib turibmiz. Ma’lumki, Rossiya asrlar davomida qo‘shni xalqlar va hududlarni zo‘ravonlik bilan egallab olish hisobiga kengayib borgan yirik saltanat hisoblanadi. Tarixan ko‘pmillatli bo‘lgan bu mamlakatda hozirgi davrda tayinli milliy g‘oya mavjud emas.
Kundan kunga odamlar miyasiga singdirayotgan «rus dunyosi» haqidagi shovinistik ko‘zqarashlar ko‘pmillatli, ko‘pdinli jamiyatlar uchun hech qachon milliy g‘oya bo‘la olmaydi. Shu ma’noda, kommunistik mafkura Rossiya jamiyati uchun birdan-bir uyushtiruvchi kuch bo‘lganligi tobora ayon bo‘lib bormoqda.
Kommunistik Xitoy haqida ham xuddi shunday fikrni aytish mumkin. Ular aqlli ish tutib, chuqur iqtisodiy islohotlar davrida ham kommunistik jilovni bo‘shatishmadi. Aksincha, siyosiy-ijtimoiy nazorat yildan yilga kuchayib bormoqda. Endi bu holatning qanaqa oqibatlarga olib borishi alohida o‘rganiladigan mavzu.
Nima bo‘lganda ham u yoki bu mamlakat elitasi davr talabiga hozirjavoblik bilan harakat qilmas ekan, mamlakatni muqarrar tanazzul kutadi. Davlatni allaqanday milliy, irqiy, diniy, tarixiy yoki siyosiy afsonalarga tayanib boshqarish qanaqa ayanchli oqibatlarga olib borishini biz bugungi kunlarda o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib turibmiz.
G‘alati vazirlik
Haqli ravishda dunyo mamlakatlari lideri deya tan olingan Amerika Qo‘shma Shtatlari ham keyingi yillarda o‘zining asrlar davomida sinovdan o‘tib kelayotgan milliy g‘oyasidan tobora chekinib bormoqda. Amerikaliklarning «ozodlik, din, oila, xususiy mulk» degan to‘rt muqaddas taomillari shubha ostiga olinmoqda.
Mamlakat ortiq demokratiya namunasi bo‘lishdan, dunyoda tartib o‘rnatuvchi mirshablik vazifasidan chekinib, o‘z qobig‘i ichida o‘ralashib qolmoqda. Bu jarayonning jahon ayvonida yangi liderlar paydo bo‘lishi bilan bir vaqtda kechayotgani imperiya uchun yangi xatarlarni paydo qilmoqda.
Ayniqsa, Donald Tramp hokimiyat tepasiga kelganidan keyin mamlakatning siyosiy-ijtimoiy qiyofasi anchayin o‘zgarib ketdi. Yangi prezidentning ayrim gaplari, qiliqlari ba’zan bir-biriga tamoman zid keladi.
Masalan, Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga da’vogarlik qilib kelayotgan Tramp mamlakat mudofaa vazirligini «Urush vazirligi» deya qayta nomladi. Yoki bo‘lmasa, u tish-tirnog‘i bilan «yashil» energetikaga qarshi. Bir paytlar koronavirus pandemiyasini demokratlar o‘ylab topgan safsata deb atagani ham tarixiy fakt.
U o‘z shaxsiyatini markazga olib chiqish uchun eng zolim mustabid diktatorlar bilan ham kelishuvga tayyor. Demokratik partiyani Amerikaning birinchi raqamli dushmani deb e’lon qildi. Uning nazarida global iqlim isishi ham olimlar tomonidan o‘ylab topilgan yolg‘on emish.
Xullas, uning turli masalalarda aytgan fikrlarini eshitib faqat hayron bo‘lish mumkin, xolos. Dunyoning eng yirik davlatlari boshiga bunday chalasavod, yolg‘onchi rahbarlarning chiqib olishining o‘zida allaqanday nomutanosiblik borligini sezib olish qiyin emas.
Bularning bari insoniyat ming-ming yillardan buyon to‘plagan tarixiy-siyosiy-ijtimoiy tajribalar unutilib borayotganidan dalolat bermoqda. Bu holat bugungi kunlarda urush va tinchlik masalasida yaqqol ko‘rinmoqda. Oqibatda, jahondagi ayrim xalqlar boshiga behisob kulfat va azob-uqubatlar yog‘ilmoqda. Odamlarda ruhiy-ma’naviy muvozanat buzilib bormoqda.
Yaqinda asirga tushib qolgan rossiyalik bir askarning onasi bilan telefon orqali bo‘lib o‘tgan suhbatini eshitib, yoqa ushladim. Ona bolasining asirlikda tirik va sog‘-omon ekanligini bilib suyunmayapti.
«Sen mening o‘g‘lim emassan, mening o‘g‘lim o‘lgan, sendan qoraxat kelgan, biz sening kafanlik pulingni olib ishlatib yuborganmiz. Seni tirikligingni bilishsa, bizdan pulni qaytarib olishadi», deyapti ona.
Bir paytlar Ikkinchi jahon urushidan keyin ulug‘ shoiramiz Zulfiya: «Ona qalbi oyoqqa tursa, o‘g‘lim, sira bo‘lmaydi urush!», deya yozgan edi. Rossiyalik ona-bola suhbatini tinglab turib, urush vazirligining paydo bo‘lganiga sira ajablanmay qo‘ydim.
Ko‘rinib turibdiki, odamlar boshiga turli g‘am-kulfatlarning yog‘ilishiga u yoki bu masalada yuzaki bilimga ega bo‘lgan vakolatli shaxslar sabab bo‘lmoqda ekan. Aytaylik, tabiiy fanlarda Tramp anchayin oqsoq, Putin esa aniq fanlarni «3» baho bilan o‘qigan. Mavzuni yaxshi bilmaslik oxir-oqibat katta xatoliklarni keltirib chiqaradi. Yirik odamlarning xatosi ham yirik bo‘lishi tabiiy.
Maqolani alifbo islohoti haqidagi gaplar bilan boshlagandim. Shu masalani chuqurroq o‘rganib chiqish davomida qiziq faktlarga duch keldim. Imloni lotinlashtirish g‘oyasi, aslida, Vladimir Leninning ko‘rsatmasi bilan boshlangan ekan. Maqsad butun dunyo proletarlarini bir alifbo atrofida birlashtirish bo‘lgan ekan. O‘shanda, hatto rus alifbosini ham lotinga o‘zgartirish ko‘zda tutilgan.
1926 yilda SSSR turkologlarining Bokuda bo‘lib o‘tgan anjumanida barcha musulmon respublikalari arab yozuvidan voz kechib, «yanalif», ya’ni lotin yozuviga o‘tishga qaror qilishgan. Ammo, negadir 70 dan ziyod millat va elatni yangi imloga o‘tkazib, ruslar o‘z yozuvini saqlab qolgan va keyinchalik ularning hammasiga kirill alifbosini joriy etgan.
Bundan ko‘rinib turibdiki, rus shovinistlari turli vositalarni ishga solib, xalqlarni tilidan, dinidan, tarixidan va ming yillik madaniyatidan uzoqlashtirishga harakat qilishgan va bunga qaysidir ma’noda erishganlar.
Xudoyberdi Komilov,
siyosiy sharhlovchi.