Buyuk inson orzu-umidlari aks etgan
"O‘shlar bugungi va ertangi hayotimizning hal qiluvchi kuchidir", "Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch" va "Prezidentga maktublar" kitoblarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Unda Samarqand shahridagi oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, ma’naviyat targ‘ibotchilari, talaba-yoshlar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Viloyat hokimi o‘rinbosari A.Umarov ushbu asarlar Islom Karimovning hayoti va ish faoliyati haqida ma’lumot berish bilan birga, bu ulug‘ insonning shaxsiyati, orzu-umidlari va maqsad-o‘ylari to‘g‘risida ham yorqin tasavvurga ega bo‘lishga yordam berishini ta’kidladi.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi raisi F.Toshev, professorlar F.Nabiyev, M.Pardayev taqdimoti o‘tkazilayotgan kitoblar mazmun-mohiyatida avvalo, xalqimizning, yoshlarimizning ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirishga qaratilgan yuksak g‘oyalar o‘z ifodasini topganligini qayd etdi. Bu asarlarni o‘qigan kishi "Kecha kim edigu, bugun kim bo‘ldik?!" degan savollarga javob topadi. Birinchi Prezidentimizning Vatanimiz mustaqilligi va davlatimiz taraqqiyoti, xalqimiz baxtu saodati yo‘lida amalga oshirgan buyuk ishlari haqida tushuncha u kishining asarlarini puxta o‘rganishdan boshlanadi.
– Birinchi Prezidentimizning ushbu kitoblarida yoshlar ta’lim-tarbiyasi, ularning kelajagi va jamiyatda o‘z munosib o‘rnini topishi masalalariga keng o‘rin berilgan, – deydi Samarqand davlat universitetidagi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi H.To‘xtayev. – Shu sababli yoshlar o‘rtasida bu asarlarni keng targ‘ib etish va o‘rganish buyuk Yurtboshimizning biz, yoshlarga bo‘lgan otalarcha g‘amxo‘rligini anglash va bu e’tiborga munosib bo‘lishga da’vat etadi.