Elektr ta’minoti qachon uzluksiz bo‘ladi, simyog‘ochlar “o‘zi turadi”gan bo‘ladimi?

Sessiya qarorini Kengash raislari, hokimlar o‘z nazoratiga oladi(mi?)

Past Darg‘om hamda Nurobod tumanida mahalliy Kengash deputatlari mutasaddilarga shu savollarga javob berish talabini qo‘ydi.

Qayd etish lozimki, mahalliy Kengashlarga elektr energiyasi ta’minoti bilan bog‘liq ushbu masala parlament quyi palatasi deputati Shuhrat Polvonovning tashabbusi bilan kiritildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Shuhrat Polvonov hamda Muzaffara Abdiyevalar tomonidan hududlardagi deputatlar hamkorligida aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash borasida 2019, 2020, 2021 yilning 5 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar holati o‘rgangandi.

Mavjud ahvoldan kelib chiqib uni o‘nglash bo‘yicha Energetika vazirligiga deputatlik so‘rovi yuborildi. Vazirlikning javobi, hududiy elektr tarmoqlar korxonasi bergan ma’lumot uchrashuvlar va o‘rganishlarda aniqlangan ma’lumotlar bilan farqlanishi deputatlarning e’tiroziga sabab bo‘ldi. Shu bois, o‘rganish natijalari mahalliy Kengash sessiyalari kun tartibida muhokama etilib, mansabdor shaxslarning hisobotlari tinglandi.

Past Darg‘om tumanida dastlab elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘i E.Mamasoliyev ishlarning ahvoli yuzasidan hisobot berdi.

Ta’kidlanishicha, o‘tgan yili 39,6 kilometr uzatish tarmoqlari rekonstruksiya qilingan, 13 ta transformator punkti yangidan o‘rnatilib, 891 ta simyog‘ochlar beton tayanchlarga almashtirilgan. Joriy yilning o‘tgan davrida esa 119,7 kilometr uzatish tarmog‘i, 50 ta transformator punkti, 3776 ta beton tayanch o‘rnatish belgilangan.

Hududda 25 yildan ortiq foydalanishda bo‘lgan transformatorlar 161 ta, 40 yildan ko‘p bo‘lganlar 213 tani tashkil etadi. Mavjud 19 mingdan ortiq simyog‘ochdan 9 ming 781 tasi avariya holatida.

- Energetika vazirligining bergan ma’lumotlar bilan haqiqiy o‘rganilgan dalolatnomalardagi raqamlar o‘rtasida farq bor, - dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati M.Abdiyeva. – Aytaylik, vazirlik ma’lumotida 2019 yilda 917 ta beton tayanch o‘rnatilganligi aytilsa, amalda 706 ta ekan. 2020 yilda esa ikki ma’lumotnoma o‘rtasidagi farq 109 tani tashkil etganini qanday baholash mumkin?

Davlat dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar uchun ajratilgan mablag‘ning qolgan qismi qayerga sarflangan?

Viloyat elektr tarmoqlari korxonasi bosh injeneri A.Rajabov hamda tuman elektr tarmoqlari korxonasi rahbari E.Mamasoliyevlar deputatlar tomonidan berilgan savollarga aniqlik kiritish, iste’molchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash yuzasidan belgilangan aniq rejalarni bayon qilib, bir oy muddatda haqli savollarning amaliy ijrosi ta’minlanishiga va’da berishdi.

Ushbu masala ko‘rilgan xalq deputatlari Nurobod tumani Kengashining sessiyasida viloyat elektr tarmoqlari korxonasi rahbari G‘.Mamatqulov va korxonaning tuman bo‘limi rahbari J.Hamroyevlarning hisoboti tinglandi. Sessiya ishiga ZOOM dasturi orqali Energetika vazirligi ham ulandi.

Sessiyada mazkur sohada bajarilishi zarur bo‘lgan vazifalar doirasida mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari bilan hamkorlikda mahallalar kesimida eskirgan va ta’mirtalab transformatorlar, qo‘lbola, ta’mirtalab simyog‘ochlar xatlovi bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasi ijrosini yo‘lga qo‘yish, 2021 yilning sentyabr oyiga qadar dastur doirasida o‘rnatilishi nazarda tutilgan tayanch (simyog‘och), elektr sim va transformatorlarni o‘rnatilishini ta’minlashga qaror qilindi.

Sessiyada OMQP deputatlari Muzaffara Abdiyeva hamda Shuhrat Polvonovlar tomonidan o‘rtaga tashlangan takliflar, bajarilishi zarur bo‘lgan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan zarur choralar belgilandi. Qarorlar ijrosi ta’minlanishi ustidan nazoratni mahalliy Kengash raislari o‘z zimmasiga oldi.

Jamshid Norboboyev,

Mirjalol Xoliqov,

“Adolat” SDP viloyat Kengashidagi OMQP deputati ijrochi kotiblari.