Ishonchsiz "ishonch telefonlari"
Davlat organlari faoliyatining shaffofligini ta’minlash faqatgina rahbarlarning aholi bilan sayyor uchrashuvlar o‘tkazishi, muloqot olib borib, xalqning muammolarini joyida o‘rganishi bilan belgilanmaydi. Tegishli davlat organi tomonidan bajarilgan ishlar haqida hisob berishi, buni o‘z veb-saytlariga joylashtirishi ham bu jarayondagi muhim amallardan sanaladi. Xo‘sh, ushbu shaffoflik viloyatdagi boshqaruv organlari, boshqarmalar saytlarida qay darajada namoyon bo‘lmoqda?
Yurtimizda kechayotgan tezkor islohotlar jarayonida allaqachon davlat boshqaruvi organlari, tashkilot, boshqarmalar veb-saytlarida o‘zgarish bo‘lgandir, degan maqsadda ba’zi saytlarga bir qur nazar soldik. Afsuski, shahar, tuman hokimliklari sayti qariyb bir yarim yildan beri yangilanmagan ekan.
Bu masalada ba’zi misollarni keltirib o‘tsak. Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi rasmiy veb-sayti www.kattakurgon.uzning "hokimlik rahbariyati" bo‘limiga rahbariyat haqida ma’lumotlar to‘liq kiritilmagan hamda shahar hokimi to‘g‘risidagi ma’lumotlar to‘liq emas. Veb-saytning "hokimlik tomonidan qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlar" bo‘limida oxirgi joylashtirilgan normativ-huquqiy hujjat sanasi 2016 yilning sentyabr oyiga to‘g‘ri kelmoqda. Saytda hokimlikning normativ-huquqiy hujjatlari muntazam yangilab borilmagan. Yil nomi va dasturi to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud emas. Bosh sahifada "2017 yil – Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" banneri joylashtirilgan.
Oqdaryo tuman hokimligi rasmiy veb-sayti www.oqdaryo.uzga oxirgi yangilik 2016 yilning fevral oyida kiritilgan. Sayt deyarli ikki yildan beri yangilanmagan.
Payariq tumanining www.payarik.uz saytida hamon "2016 yil – Sog‘lom ona va bola yili" banneri turibdi.
Samarqand shahar hokimligi rasmiy veb-sayti www.samshahar.uzda oxirgi yangilik 2017 yilning dekabri oxirlarida kiritilgan. "Rahbariyat" bo‘limidagi ma’lumotlar yetarli emas. Rahbarlarning biografik ma’lumotlari, shuningdek, fotosuratlari mavjud emas. "Interaktiv xizmatlar" bo‘limi yaratilgan, jismoniy shaxslar uchun, yuridik shaxslar uchun va qo‘shimcha xizmatlar bo‘limlariga bo‘lingan, ammo barchasi ishchi holatda emas.
Aksariyat tuman, shahar hokimliklari veb-saytidagi «ishonch telefonlari» noto‘g‘ri. Misol uchun, Kattaqo‘rg‘on shahrining kattakurgon.uz, Qo‘shrabot tumanining www.qoshrabot.uz, Ishtixon tumanining www.ishtixon.uz, Payariq tumanining www.payarik.uz, Toyloq tumanining www.tayloq.uz saytlarida keltirilgan «ishonch telefonlari» noto‘g‘ri ko‘rsatilgan. «Ishonch telefoni» xato bo‘lgan hokimlik saytlariga qanday ishonish mumkin?
Aksar boshqarma saytlarida ham ahvol ko‘ngildagidek deb bo‘lmaydi. Misol uchun, Samarqand viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasining samarchiv.uz saytida so‘nggi yangilik 2016 yilda kiritilgan. Samarqand viloyat davlat arxitektura va qurilishi nazorati inspeksiyasining samgasn.uz saytidagi "Ochiq ma’lumotlar" bo‘limi ochiqligicha qolmoqda. Sayt so‘nggi bor 2017 yilning 13 dekabrida yangilangan.
Viloyat arxitektura va qurilishi bosh boshqarmasining samarx.uz saytidagi yangiliklarga sana qo‘yilmagan. Ehtimol, ortiqcha boshog‘riqdan qutulmoqchi bo‘lishgandir. Ammo berilgan axborotlarning biri 2014 yil yakunlari bo‘yicha matbuot anjumani haqida ekanligi ularning sirini fosh qilib qo‘yadi.
Viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasining samarqand.kasaba.uz saytida yangiliklar o‘z vaqtida kiritilayotganiga guvoh bo‘lish mumkin. Ammo "savol-javoblar" bo‘limidagi savollarga javob aniq va lo‘nda berilmagan.
Viloyat davlat veterinariya boshqarmasining samvet.uz saytidagi "boshqarma haqida", "normativ-huquqiy hujjatlar", "murojaatlar" kabi bo‘limlar bo‘m-bo‘sh.
Viloyat bandlik bosh boshqarmasining sammehnat.uz saytida o‘tgan yilning iyul oyida Kattaqo‘rg‘on tumanida o‘tkazilgan mehnat yarmarkasi haqida axborot berilgan. Qiziq, shu paytga qadar boshqarma tomonidan boshqa hududlarda mehnat yarmarkalari o‘tkazilmadimi?
Xullas, bu kabi kamchiliklarni ko‘plab boshqaruv organlari saytida ham uchratish mumkin. Ishonmasangiz, o‘zingiz saytlarga bir kirib ko‘ring.