Ishsiz yoshlari yo‘q mahalla qayerda?

Tahlillarga ko‘ra, mebel sotib olish ko‘p yillik tovarlar orasida uy xarid qilishdan keyingi ikkinchi o‘rinda turadi. Mebel xaridi dinamikasi aholi turmush darajasini ham belgilaydi.
Jahon iqtisodiyotidagi global moyilliklarning ko‘pchiligi aynan uzoq muddatli foydalaniladigan tovarlar bozorlariga kiradi. Mebel bozori shunday bozorlar sirasidan.
O‘zbekiston xorijga yog‘och va metalldan ishlangan mebellarni sotadi. Eksport mebelidagi asosiy xaridorlar Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Misr, Turkiya va Rossiya hisoblanadi. O‘zbekistonda keyingi yillarda mebel eksporti va importining ortishiga bir necha ijobiy omillar sabab bo‘lmoqda.
Biroq hozircha respublikamizda mebel eksportidan ko‘ra importi yuqoriligicha qolmoqda.
Aholi turmush darajasining ortishi va mebelsozlik sanoati mahsulotlariga bo‘lgan talabni qondirish, respublikadagi mebel ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro standartlarga javob beradigan hamda ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mebel mahsulotlarini ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida joriy yil 21 iyunda Prezidentimizning “Respublika hududlarida mebelsozlik sanoatini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mebelsozlik - mahalla drayveri
Hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatimizda (qo‘shnilarni ham hisobga olganda) mebel mahsulotlari bozori 2,5 milliard dollarga teng. Lekin respublika bo‘yicha 5,5 mingta mebel korxonasidan 1,5 mingtasi aholi xonadonlarida joylashgan bo‘lib, ularni sanoatlashtirish orqali kamida mingta loyihani amalga oshirish mumkin. Qarorga asosan, respublikamizdagi 15 ta tuman, jumladan Past Darg‘om tumani (Qorag‘uppa mahallasi) ham mebelsozlikka moslashtiriladi. Bu tumanlarda klaster shaklidagi mebelchilik kichik sanoat zonalari tashkil etilib, 200 million dollarlik 450 ta loyiha joylashtiriladi va kamida 7,5 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi. Mazkur kichik sanoat zonalaridagi ishlab chiqarish maydonlariga egalik qilishning majburiy sharti kichik sanoat zonasining bosh rejasiga asosan mebel va uning butlovchi qismlarini ishlab chiqarish hamda realizatsiya qilishdir.
Qarorga ko‘ra, joriy yil 15 iyundan boshlab 2021-2024 yillarda yillik tushumida tayyor mebel mahsulotlari eksportidan tushum ulushi kamida 30 foizni tashkil qiladigan mahalliy korxonalarning xomashyo importi uchun sarflangan transport xarajatining 50 foizi;
2024 yil 1 yanvarga qadar mebel mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan eksport qiluvchi korxonalarga mebel mahsulotlarini barcha davlatlarga, shu jumladan qo‘shni davlatlarga eksport qilishda avtomobil va temir yo‘l tashish xarajatlarining 50 foizi, biroq mahsulot eksport qiymatining avtomobilda 5 foiz, temiryo‘lda 7 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorida;
2023 yil 1 yanvarga qadar mebel ishlab chiqarishda foydalaniladigan xomashyo, ehtiyot qismlar, furnitura va aksessuarlar importida bojxona bojining nol stavkasi qo‘llaniladi va bu xarajatlar Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplanadi.
Qorag‘uppada ishsiz yo‘q
Davlat rahbarining qaroriga asosan Past Darg‘om tumani Qorag‘uppa mahallasida ham klaster usulida mebelchilik kichik sanoat zonasi tashkil etilmoqda.
- Mahallamizda 4 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi va ularning 2100 dan ortig‘ini ayollar tashkil etadi, - deydi Qorag‘uppa mahalla fuqarolar yig‘ini raisi To‘lqin Sharipov. – Aholining katta qismi korxona-tashkilotlarda ishlaydi. Uy sharoitida kasanachilik, hunarmandchilik, savdo va xizmat ko‘rsatish, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik va tadbirkorlikning boshqa sohalarida ishlovchilar ko‘payib bormoqda. Shuningdek, 695 xonadon 286,5 gektar tomorqa maydonida issiqxona, chorva, parranda, asalari, baliq, quyon boqishni yo‘lga qo‘ygan. Ish bilan bandlik yuqori bo‘lgani uchun mahallamizda kam ta’minlangan oilalar deyarli qolmadi, ajrimlar keskin kamaydi, oilaviy janjallar ham sezilarli ravishda pasaydi. Asosiysi, ishsizlik muammosi bartaraf etildi. Bu aytishga oson, ammo qishloqlarda aholi bandligini ta’minlashning o‘zi bo‘lmaydi. Ko‘p yillar avval bizda ham yoshlarimiz ishsizlikdan qiynalishardi. Keyin mahallamizdagi ustalar shogirdlar tayyorlab shu yerda mebelsozlik sexlarini tashkil etishdi. Shu tariqa deyarli har bir xonadonda mebel yasash bilan shug‘ullanishdi. Hozir mahallamizda 70 dan ortiq mebel yasovchi ustalar bor. Ularning har biri 5-10 nafardan yoshlarga shu kasbni o‘rgatmoqda. Prezidentimizning viloyatimizga tashrifi chog‘ida bergan topshiriqlari va 2021 yil 21 iyundagi “Respublika hududlarida mebelsozlik sanoatini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan mahallamiz hududidan 5 gektar yer maydoni ajratilib, mebelsozlik klasteri tashkil etish belgilandi. Shu paytgacha tadbirkorlar uy sharoitida kichik ustaxonada mebel yasayotgan bo‘lsa, endilikda o‘z ishlab chiqarish sexlarida faoliyatni davom ettirish imkoniyati yaratildi. Bu ham yoshlarimizning tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishini oshirib, aholi daromadlari ortishiga xizmat qiladi.
Yoshlarning ishi tayin
Mahallaning eng yosh tadbirkorlaridan biri Rifat Qarshiyev 24 yoshda. U qariyb 10 yildan buyon mebel yasaydi. Buyurtma asosida tayyorlanadigan 10 turdan ortiq bejirim mebellar viloyatimizdan tashqari poytaxt bozorlaridan ham o‘rin olarkan. Yosh bo‘lishiga qaramay o‘n nafarga yaqin tengdoshlarini ish bilan ta’minlagan. Bunday usta tadbirkorlar esa mahallada ko‘pchilikni tashkil etadi.
- Dastlab bozorda mebel oldi-sottisi bilan shug‘ulanganmiz, - deydi usta tadbirkor Jo‘rabek Hasanov. – Keyin mebellarni o‘zimiz ishlab chiqarish fikri tug‘ildi va 4-5 yil avval ustalarga shogird tushib, hunarni o‘rgandim. Xomashyoni mahalliy bozorlardan, qoplama matolarini Toshkent shahri orqali Xitoydan olamiz. Hozir uyda haftasiga 2-3 tadan buyurtmani bajaramiz. Mahallamizda mebelchilik klasteri tashkil etilsa, yer olib ishlab chiqarishni kengaytirish niyatidamiz.
Shu mahalladagi “Shahriyor Elyor Abduvahob” oilaviy korxonasi rahbari Shahriyor Qodirov uch nafar shogirdi bilan birgalikda haftasiga 2-3 ta sifatli mebel jihozlari yasaydi.
- Mahallamizdagi mebelchi ustalarga 2 yil shogird bo‘lib shu hunarni o‘rgandim va uydagi omborxonada ukam va o‘rtog‘im bilan ish boshladim, - deydi Shahriyor Qodirov. – Hozir yana uch nafar shogird oldim. Yasayotgan buyumlarimiz xorij mebellari bilan raqobatlasha oladi. Hozir 100 kvadrat metrga yaqin joyda ishlayapmiz. Endi faoliyatni ham, sexni ham kengaytirmoqchimiz.
Mahallada bo‘lganimizda ko‘chalarda bekor yurgan kishini uchratmadik. Bunday yoshlar esa istiqbolda o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yib, mebelsozlikda shaxsiy brendlarini yaratishiga umid qilamiz.
O‘ktam Xudoyberdiyev,
Baxtiyor Mustanov (foto).