O‘zi tarbiyaga muhtoj ustoz
Shuning uchun ham xalq ularga farzandlari ta’lim-tarbiyasini ishonib topshiradi. Ammo o‘qituvchilar orasida ham ustozlik salohiyati yo‘q insonlar uchrab turadi. Ularning o‘zlariga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatuvchi ustoz kerak. Payariqlik Muhayyo Mustafoyeva va Salim Aliqulovlar ham shundaylardan shekilli, ular to‘g‘ri yo‘l turganda egrisini tanladi.
Muhayyo Mustafoyeva o‘zi direktorlik qilayotgan maktabda direktor jamg‘armasidan to‘lanishi kerak bo‘lgan 2 million 950 ming so‘mlik mukofot va ustama shaklidagi pullarni bosh hisobchi Salim Aliqulov bilan til biriktirib, talon-taroj qildi.
"Bir qilgan ikki qilar, ikki qilgan odat", deganlaridek muassasa uchun mas’ul shaxslar yana tavakkal qilishdi. Ammo bunisi ancha jiddiyroq.
Me’yoriy hujjatlarda belgilanishicha, xodimlarga moddiy rag‘bat pullarini berishda maxsus komissiya tuzilib, maktab direktori – komissiya raisi, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari – kotib etib belgilanishi va ular o‘qituvchilarning belgilangan tegishli tartibdagi hujjatlarini to‘plashi hamda ularning shu kungacha qilgan ishlarini inobatga olishi zarur. Ammo maktab direktori bunday tartibga amal qilmasdan, oz emas, ko‘p emas, 23 million 541 ming so‘m maktab jamg‘armasidagi mablag‘ni xodimlarga moddiy rag‘bat uchun "ajratadi". Bosh hisobchi ham hech qanday hujjatlarsiz bu taklifni moliyalashtiradi.
Ular qilayotgan ishlaridan mamnun, xotirjam ishlashayotgandi. Qonunga xilof ishlaridan deyarli xavotirlanmasdi. Chunki biri maktab direktori, ikkinchisi bosh hisobchi. Ammo jamoadagi adolat istovchilarning talabi ularning xotirjamligini buzdi.
Qonunbuzarlar tegishli tartibda qonun oldida javob berdilar.