Suv ta’minoti va suv chiqarish xizmati yangi tartibda amalga oshiriladi
Unda respublikaning vodoprovod-kanalizatsiya xo‘jaligini boshqarish tizimi, suv iste’molini nazorat qilish va hisobga olish mexanizmlarini tubdan takomillashtirish, shuningdek, suv ta’minoti va suv chiqarish xizmati ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlashni ta’minlashga qaratilgan kompleks tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar belgilab berildi.
Ushbu Farmonning viloyatdagi ijrosi yuzasidan mutasaddi tashkilotlar mutaxassislari fikrlari bilan qiziqdik.
– Farmon qabul qilinishi munosabati bilan suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatlari uchun hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibiga jiddiy o‘zgartishlar kiritildi, – deydi viloyat "Suvoqova" davlat unitar korxonasi direktori o‘rinbosari Akramjon Siddiqov. – Bu bo‘yicha viloyat hokimining qarori qabul qilinib, bir qator vazifalar belgilandi. Shunga asosan korxonamiz tomonidan 2017 yil 1 noyabrgacha suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatidan qarzdorligi mavjud bo‘lgan iste’molchilar ro‘yxati, yuridik shaxslar bilan qarzdorlikni taqqoslash bo‘yicha dalolatnomalar Bosh prokuratura huzuridagi majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasiga taqdim etildi. Shuningdek, 2017 yil 1 dekabrdan ATIB "Ipotekabank" viloyat filialida viloyat "Suvoqova" DUK uchun yagona hisob raqami joriy etildi. Suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatlari uchun tariflarni belgilash bo‘yicha deklaratsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim qilindi.
Farmonga ko‘ra, endilikda, byuro elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli uchun to‘lov intizomini mustahkamlash bilan bir qatorda suv ta’minoti va suv chiqarish sohasida to‘lovlar undirilishini ta’minlaydi.
– Prezidentimiz farmonida byuroga muhim vazifalar belgilab berilgan, – deydi majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi bo‘lim katta inspektori Jaloliddin Sherboyev. – Suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatlari uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liq undirilishini, iste’molchilarning qarzdorligi kamaytirilishini ta’minlash, suvdan noqonuniy foydalanish holatlarini, shuningdek, bevosita iste’molchilar tomonidan foydalanilgan suv hajmi va tegishli hududlar chegarasidagi tarmoqlarga yetkazib berilgan hajm o‘rtasidagi tafovutlarni aniqlash, bartaraf etish va oldini olish kabi vazifalar shular jumlasidandir. Shuningdek, aniqlangan tafovutlarni bartaraf qilish mexanizmi bo‘yicha takliflar kiritish hamda aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish choralari ham byuro tomonidan amalga oshiriladi.
2018 yil 1 yanvardan boshlab suv ta’minoti va suv chiqarish xizmati ko‘rsatish 100 foiz oldindan haq to‘lash asosida amalga oshirilishi munosabati bilan avvaldan haq to‘lamagan iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda suv ta’minoti va suv chiqarish tizimidan to‘liq uzishgacha bo‘lgan choralar ko‘rilmoqda.
Suv iste’moli nazoratini to‘liq ta’minlash maqsadida MIB viloyat boshqarmasi tomonidan o‘rganishlar olib borilmoqda va aniqlangan muammolar bartaraf etilmoqda. Jumladan, o‘rganishlar jarayonida Samarqand shahriga Dahbed va Cho‘ponotadan kirib keladigan yuqori bosimli 2 ta suv quvuridagi "FLUXUS ADM 7407" rusumli suv hisoblagich bir necha yillardan buyon texnik nosozligi tufayli aniq hisob-kitob qilinmayotganligi aniqlandi. Ushbu hisoblagichni yangisiga almashtirish va suv iste’moli nazoratini o‘rnatish uchun amaliy ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, suv iste’moli yuzasidan mavjud qarzdorlikni kamaytirish choralari ham ko‘rilmoqda. Ayni vaqtda viloyat "Suvoqova" davlat unitar korxonasi tomonidan 332 ming 833 nafar aholi, 5 ming 652 tashkilotga xizmat ko‘rsatib kelinmoqda. Aholi iste’molchilaridan 9 638,4 million, tashkilot iste’molchilaridan 11 380,9 million, jami 21 019,3 million so‘m debitor qarzdorlik mavjud. To‘lov qobiliyatiga ega bo‘lmagan jami qarzdorlikning 45,8 foizi, ya’ni, 9 636,2 million so‘mi birgina Samarqand shahridagi "Issiqlik manbai" DUK hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Ma’lumot uchun aytish joizki, endilikda suv ta’minoti va suv chiqarish tizimidan ilgari uzib qo‘yilgan shaxslarni qayta ulashda I guruh iste’molchilaridan eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida, II va III guruh iste’molchilaridan eng kam oylik ish haqining o‘n baravari miqdorida to‘lov qayta ulashni amalga oshirgan tashkilot hisobiga mablag‘larni o‘tkazish orqali undiriladi. Iste’molchi suv iste’molini hisobga olish uskunalarining lozim darajada ekspluatatsiya qilinishi va sozligi uchun javobgar bo‘ladi.