Transport xizmati: soni ko‘p, sifati past

 Bu xatti-harakatlar mayli, tushunsa bo‘ladi. Shunday qilmasa, nonsiz qolishadi - mashina ko‘p, raqobat kuchli. Kishini boshqa narsa o‘ylantiradi. Xizmat madaniyati juda past. XXI asr taraqqiyoti mezonlariga mutlaqo mos kelmaydi. Ayrim haydovchilarning kiyinishi, o‘zini tutishi, jamoat joyi bo‘lishiga qaramay, og‘zidan bodi kirib, shodi chiqib, baqirishini ko‘rgan kishining ta’bi xira bo‘ladi. Ana shunday did-farosat bilan endi yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmat, muomala madaniyati qandayligini tasavvur qilavering.
Maqsadga ko‘chsak, turmushimiz farovonlashib, aholiga transport xizmati ko‘rsatish turlari ko‘payib bormoqda. O‘zimizda ishlab chiqarilgan zamonaviy avtoulovlar yo‘nalishlari kengaymoqda. Yo‘lga chiqqan zahotingiz avtobusmi, yengil mashinami, manzilingizga bir zumda yetkazib qo‘yadi. Bu masalada ularga e’tiroz yo‘q. Ammo... Ammo yuqorida kuyinib aytganimizdek, ularning soni ko‘pu, xizmat madaniyati talab darajasida emas.


Xo‘sh, o‘sha xizmat madaniyati deganimiz nima o‘zi va u qanday bo‘lishi kerak?
Menimcha, eng avvalo, aholiga xizmat ko‘rsatadigan transport haydovchilari faoliyat bilan shug‘ullanish uchun ro‘yxatdan o‘tib, ruxsat olishlari oldidan kiyinish, muomala madaniyatiga o‘qitilsa, so‘ngra barcha haydovchilar (avtobus, taksi haydovchilar, yakka tadbirkor kirakashlar) maxsus yagona forma bilan ta’minlansa, bugungi go‘zal shahar va qishloqlar hayotiga qanday yarashardi. 
Bundan tashqari, shoh bekatlarda yo‘lovchilar uchun kutish, dam olish zallari bo‘lsa, ularda xuddi aeroport, temiryo‘l vokzallaridagi kabi yo‘nalishlar, qatnov grafigi, chiptalar narxi yozib qo‘yilsa, gazeta-jurnallar kioskasi, tamaddixona va boshqa madaniy-maishiy xonalar ishlab tursa, nur ustiga a’lo nur bo‘lmasmidi?!
Menimcha, shahar, tuman hokimliklari, aholiga transport xizmati ko‘rsatuvchi tashkilotlar, jamoalar, jamiyatlar mutasaddilari birgalikda bu madaniyatga jazm qilsalar, muammoni hal qilish qiyinchilik tug‘dirmaydi.