Hokim muammoni hal etish uchun maktab-internatiga bordi

Kecha o‘zimning telegram sahifamda Oqdaryo tumanidagi 63-sonli maktab-internatdagi ayanchli holat haqida tanqidiy material joylashtirgandim.

Mana, uni yozganimning ertasi kuniyoq  maktabdagi holatni o‘rganish uchun viloyat hokimi Erkinjon Turdimov shaxsan shu maktabga tashrif buyuribdi va haqiqiy holat bilan erinmay tanishibdi.

Holat bo‘yicha aybdorlar jazolangan.

Tarbiyalanuvchilar sharoitlari va xavfsizligi shaxsan viloyat hokimi nazoratiga o‘tgan.

Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati rahbari M.Mirzayevning aytishicha, muassasada bo‘lgan viloyat hokimi bu yerdagi holat bo‘yicha qator e’tirozlarini bildirgan. Sohaning viloyat mutasaddilariga muassasada ta’lim olayotganlarga yashashi va o‘qishi uchun zarur shart-sharoit yaratish borasida qator topshiriqlarni bergan.

Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan holat bo‘yicha esa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tez fursatda huquqiy baho berishlarini bildirgan. Muassasa direktori, xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari va boshqa bir qator xodimlarningfaoliyatiga ham yakuniy baho berilishi belgilangan.

Ochig‘i, bunday tezkorlik va g‘amxo‘rlik uchun Samarqand viloyati rahbariyatiga qanday minnatdorlik bildirishni bilmay qolasan, kishi. Qaniydi, boshqa rahbarlar, tuman-shahar hokimlari ham masalaga nisbatan ana shunday yondashsa. Chunki muammo ortida insonlar taqdiri yotadi.

Otabek Artiqov.