Samarqandda inspektorga pora taklif qilgan shaxs qo‘lga olindi
2019 yilning 16 aprel kuni soat 16.00lar atrofida M39 yo‘li, ya’ni Toshkent-Termiz yo‘li bo‘ylab harakatlanib kelayotgan VAZ 2106 rusumli transport vositasi viloyat IIB YXXB YPXB 1-otryad YPX inspektori tomonidan to‘xtatilib, tekshirilganda haydovchida zaruriy hujjatlar mavjud emasligi aniqlanadi, deb xabar bermoqda viloyat hokimligi axborot xizmati. Natijada avtomashina jarima maydonchasiga joylashtirilib, zaruriy tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Transport vositasini boshqarib kelayotgan R.Yu. inspektorga mashinani jarima maydonchasidan chiqarib berish evaziga 500 000 so‘m pul taklif qiladi. Shuningdek, haydovchi tekshirish jarayonida avtomashina salonida aniqlangan 30 gramm sariq metalldan yasalgan qimmabaho buyumlarning kimga tegishli ekanini bilmasligini aytadi. Inspektor murojaatidan so‘ng pora sifatida berilmoqchi bo‘lingan pul va qimmatbaho buyumlar ashyoviy dalil sifatida olinib, viloyat IIB JKB xodimlari bilan hamkorlikda surishtiruv ishlari olib borildi.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan fuqaro R.Yuga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.