1 aprel – Kulgi va hazil kuni
Gyugoni “Qalam savdogari” deyishdi...
Yuz yil yashagan fransuz yozuvchisi Bernar Fontenelga shifokor “qahva - bu zahar”, deb aytdi.
- Fikringizga to‘liq qo‘shilaman, doktor, - dedi Fontenel, - ko‘rib turganingizdek, bu zahar juda ham sekin ta’sir qilar ekan. Men uni deyarli to‘qson yildan beri ichaman...
***
Buyuk Britaniya qiroli Genrix-IV unchalik yaxshi obro‘ga ega bo‘lmagan odamni ritsarlikka qabul qilayotgan edi. Bag‘ishlanayotgan kishi bunday marosimda aytiladigan odatiy iborani ayta boshladi:
- Janob, men bunday sharafga loyiq emasman... – qirol uning gapini bo‘ldi?
- Bilaman, bilaman, lekin qarindoshlaring va do‘stlaring meni tinch qo‘ymadi.
***
Mashhur yozuvchi Bernard Shou yo‘lda velosipedchi bilan to‘qnashdi. Qo‘rquvga tushgan velosipedchi undan kechirim so‘ray boshladi. Yozuvchi esa g‘alati tarzda unga hamdardlik bildirdi:
- Agar siz meni bosib ketganingizda, - dedi u, - siz buyuk Bernard Shouning qotili sifatida tanilib, nomingizni o‘lmaslikka loyiq qilgan bo‘lardingiz.
***
Bir podsho zodagoni oddiy dehqon o‘g‘li buyuk ximik Lomonosov bilan uchrashganida uni masxara qilib so‘radi:
- Aytingchi, qadrli do‘stim, shoh saroyiga kirishga qanday jur’at etdingiz? Ehtimol, sizning taniqli ajdodlaringiz bo‘lgandir?
- Menga ajdodlar kerak emas, men o‘zim avlodlarim uchun taniqli ajdodman, – javob berdi Lomonosov.
***
Viktor Gyugo chet elga ketayotib o‘zining anketasini to‘ldirayotgan chegarachiga yozuvchi ekanligini va qalam orqali tirikchilik qilishini, boshqa aniq daromad manbalariga ega emasligini tushuntira olmasdi.
Nihoyat, jandarm uni tushunganligini aytdi va tegishli ustunga Gyugo daromad manbasini “Qalam savdogari” deb yozib qo‘ydi.
***
Imperator Aleksandr III davrida Oreshkin ismli bir askar podsho qovoqxonasida mast bo‘lib, mushtlashishni boshladi. O‘tirganlar imperatorning portretiga ishora qilib uni tinchlantirmoqchi bo‘lishga harakat qilishdi. Bunga qarata askar aytdi:
- Tupurdim o‘sha imperatoringizga!
U hibsga olinib, imperatorni haqorat qilganligi uchun ish qo‘zg‘atildi.
Oreshkinning ishi bilan tanishgan Aleksandr bu voqea bir chaqaga ham arzimasligini tushundi va papka ustiga yozdi: “Ish to‘xtatilsin, Oreshkin qo‘yib yuborilsin, bundan buyon qovoqxonalarda mening portretim osilmasin, men ham Oreshkinga tupurdim, unga aytilsin”.
***
Bir kuni Rim imperatori Iosif ikkinchining oldiga bir ayol kelib o‘ziga yomon munosabatda bo‘lgan eridan ajrashish uchun ruxsat so‘radi.
- Afsuski, bu mening ishim emas, - javob qildi imperator.
- U bir necha marta sizning sha’ningizga nisbatan haqoratli so‘zlarni aytishga jur’at qildi.
- Afsuski bu sizning ishingiz emas.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.