10 million AQSh dollaridan ortiq xorijiy investitsiyalarga 7 yil soliq solinmaydi

Men qo‘shma korxona ochganman va Xitoy davlatidan investitsiya kiritganman. Menga soliq bo‘yicha qanday imtiyozlar beriladi?

Farhod,

Urgut tumani.

 Javob: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 11 apreldagi “To‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni

1-bandiga asosan 2005 yilning 1 iyulidan boshlab to‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb etadigan va ilovaga muvofiq ro‘yxat bo‘yicha iqtisodiyot tarmoqlarida mahsulotlarni ishlab chiqarishga (xizmatlar ko‘rsatishga) ixtisoslashtirilgan korxonalar yuridik shaxslarning foydasidan olinadigan soliq, mulk solig‘i, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va obodonlashtirish solig‘i, mikrofirma va kichik korxonalar uchun belgilangan yagona soliq to‘lashdan, shuningdek, Respublika yo‘l jamg‘armasiga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod qilingan.

 Mazkur farmon bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy xorijiy investitsiyalar hajmi 300 ming AQSh dollaridan 3 million AQSh dollarigacha – 3 yil muddatga, 3 milliondan ortiq AQSh dollaridan 10 million AQSh dollarigacha – 5 yil muddatga hamda 10 million AQSh dollaridan ortiq bo‘lganda – 7 yil muddatga yuqorida qayd etilgan soliq va to‘lovlar ozod qilinishi belgilangan.

Salim Ummatov,

Samarqand viloyati DSB xodimi.