10 nafar tanlov g‘oliblariga sertifikat topshirildi

Samarqand viloyati hokimligida xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi Jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi ijrosini ta’minlashda ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish” mavzusidagi davlat granti 1-tur tanlovi g‘oliblariga sertifikat topshirildi.
Shundan so‘ng viloyat matbuot uyida mazkur grant tanlovining 1-tur yakuni hamda 2- va 3-tur tanlovi boshlanishiga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.
Unda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatlari institutlarining jamiyatimizdagi faoliyatini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilgan tanlovning ahamiyati, unga kelib tushgan loyihalar, 1-tur natijalari, keyingi tur tanlovlari haqida ma’lumot berildi.
- Tanlovda barcha nodavlat notijorat tashkilotlarining faol ishtirok etishini ta’minlash, ular loyihasini amalga oshirishga ko‘mak berish maqsadida viloyat markazi va tumanlarda seminar-treninglar, tushuntirishlar olib bordik, - deydi Milliy Assotsiatsiya hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi Foteh Rahmatov. – Natijada tanlov yakuniga ko‘ra, 734 million so‘mlik jami 24 ta grant loyihasi kelib tushdi. Ular orasida 10 ta loyiha ishchi guruh tomonidan ijobiy deb baholanib, ularga ushbu loyihani amalga oshirish uchun sertifikatlar topshirildi.
- Chekka qishloqlarda, mahallalarda kitobsevarlar ko‘pchilikni tashkil etadi, - deydi Oygul Mamatova. – Biz mahalla aholisini kitobxonlikka jalb etish, ularga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida “Yosh kitobxonlar amfiteatri”ni ochish hamda teatr huzurida “Xalq kutubxonasi nomli elektron kutubxona faoliyatini tashkil etish” bo‘yicha o‘z loyihamizni taqdim qildik va tanlov g‘olibi bo‘ldik. Nasib bo‘lsa, tumanimizda kitob mutolaasiga qiziquvchi kitobxonlar uchun mo‘’jazgina go‘sha bunyod etamiz.
Shuningdek, brifingda Jamoat fondi tomonidan “Jamiyatda inson huquqlari va muloqot madaniyatini yuksaltirishda nodavlat notijorat tashkilotlari faolligini oshirish” nomli 2-tur hamda “Turizm va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish, mahalla va oilalarda sog‘lom turmush tarzini va aholi sog‘lig‘ini mustahkamlashda jamoatchilikni keng jalb qilish” nomli 3-tur tanlovlari e’lon qilingani haqida ma’lumot berildi.