10 sotix tomorqadan 100 million so‘m daromad oladigan oqtepaliklar
Qo‘shrabot tumanida 18 mingdan ko‘proq tomorqa egalari o‘zlariga tegishli 4 ming gektarga yaqin yer maydonida mehnat qilib ro‘zg‘orini obod qilmoqda. Tumannning Oqtepa qishlog‘ida yashovchi Ulug‘xon Begmatov ana shunday usta tomorqachilardan biri.
- 12 sotix tomorqamizdan 10 sotixi uzumzor bog‘, - deydi U.Begmatov. - Ikki sotixida sabzavot mahsulotlari yetishtiramiz. Yillik daromadimiz 100 million so‘mdan kam bo‘lmaydi. Karantin paytida uyda farzandlarim bilan birga mehnat qilyapmiz. Yangi tok ko‘chatlari ekdik. Qator oralarida hozircha poliz ekinlari ekib turamiz.
Yaqin vaqtgacha oqtepaliklar tomorqasida faqat uzum yetishtirib, chorvachilik bilan shug‘ullangan bo‘lsa, keyingi yillarda issiqxona tashkil qilib, hovlisining bir chetida quyonchilik va parrandachilik bilan ham mashg‘ul.
- Hayotdan nolimayman, - deydi Anorboy Hasanov. – Oilamizda 8 kishi yashaydi. Mehnat qilmasdan mahalladan yordam so‘rab tursak, bir marta berilar, ikki marta berilar, boshqa payt-chi? 10 sotix tomorqamizning 6 sotixiga kartoshka ekkanmiz, 1,5 sotixida issiqxona, qolgan yerda boshqa kerakli mahsulotlar yetishtiramiz. 80 boshdan ziyod quyon boqamiz, 100 dan ortiq tovug‘imiz bor. Shundan ro‘zg‘orimiz obod.
Oqtepada kichik tomorqadan yaxshi daromad qilib, katta ro‘zg‘orni tebratayotganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Buning uchun ulardan ko‘p narsa talab qilinmaydi – har bir qarich yerning va har daqiqaning qadriga yetadilar, xolos.
To‘lqin SIDDIQOV,
Jahongir ALIBOYeV.