100 dollargacha bo‘lgan valyutani pasportsiz sotib olishga ruxsat berildi

O‘zbekiston tijorat banklaridan 100 AQSh dollarigacha xarid qilmoqchi bo‘lgan shaxslardan shaxsini tasdiqlovchi hujjat talab qilinmaydigan bo‘ldi.

Tijorat banklarida jismoniy shaxslar bilan valyuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Mazkur o‘zgartish Adliya vazirligida 3029-3 raqamda ro‘yxatga olingan.

Kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, endilikda valyuta ayirboshlash shoxobchalari tomonidan rezident jismoniy shaxslarga ekvivalenti 100 AQSh dollari va ungacha bo‘lgan miqdordagi naqd chet el valyutasini sotishda pasport talab etilmaydi.

Hozirga qadar miqdoridan qat’i nazar naqd chet el valyutasini sotishda pasport talab qilinar edi.

Ma’lumot uchun, rezident - bu O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tgan yuridik shaxs hamda O‘zbekistonda doimiy yashab turgan yoki joriy soliq davrida yakunlanayotgan har qanday ketma-ketlikdagi 12 oylik davr ichida jami 183 kun va undan ortiq muddat O‘zbekistonda turgan jismoniy shaxsdir.