105-mavsum premerasi: «Yo‘qolgan yurak» spektakli

Viloyat musiqali drama teatrida dramaturg Hayitmat Rasul qalamiga mansub “Yo‘qolgan yurak” musiqali dramasi rejissyor Iskandar Sultonov tomonidan sahnalashtirildi.

“Yo‘qolgan yurak”– xalqimiz ma’naviy mulkiga aylangan maqom san’ati hamda ozarbayjon va o‘zbek san’atkorlarining do‘stligi haqidagi spektakl. Sharq xalqlarining betakror san’ati bo‘lgan maqom san’atini o‘rganish, azaliy an’analarni tiklash, zamon ruhi bilan sug‘orilgan ijrolarni shakllantirish va jahonga keng targ‘ib etish asarning asosiy g‘oyalaridan biridir.

Spektakl qahramonlari ozarbayjonlik maqom xonandasi Rashid Gunash, o‘zbekistonlik maqom xonandasi Qamar obrazlarini iste’dodli yosh ijodkorlar Xurshid Baratov va Ma’mura Turobovalar, Soliha va Obodon obrazlarini tajribali ijodkorlar Guliston Jabborova va Anzirat Umarovalar tomonidan mahorat bilan ijro etildi. Qo‘shiqlar ozarbayjon va o‘zbek maqom yo‘liga hamohang bastalanishida kompozitor Habibullo Rahimovning hissasi salmoqli bo‘ldi.
Teatrning xor, orkestr, raqs jamoalari tomonidan kuylangan qo‘shiqlar tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.

Shoxrux ShAXANOV.