1100 ga yaqin fuqaroga harbiy guvohnomalar topshirildi. Ulardan 10 nafari egizaklar

Bugun, 29 dekabr kuni Markaziy harbiy okrug tasarrufidagi Samarqand, Jizzax hamda Navoiy shahrida joylashgan Safarbarlik chaqiruvi rezervi batalonlarida xizmat qilgan qariyb 1100 ta askarlarga harbiy guvohnomalar topshirildi. Ulardan 10 nafari Xasan va Husan egizaklar edi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati ma’lum qildi.

Yangi yil bayrami arafasida o‘tkazilgan Vatanga qasamyod tadbirini Markaziy harbiy okrug qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari, shtab boshlig‘i, polkovnik Qahramon Achilov ochdi. Tadbirda viloyat hokimligi vakillari, harbiy xizmatchilar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.

Harbiy an’analarga ko‘ra, jangovar bayroq olib o‘tildi. Askarlar minglab ota-onalar va yaqinlari guvohligida Vatanga qasamyod qilishdi. Shundan so‘ng qo‘l jangi mashg‘ulotlaridan namunalar namoyish etishdi.

Ta’kidlash kerakki, Samarqand shahridagi 526-SChR batalonida 6 nafar, Jizzax va Navoiy shahridagi bir oylik harbiy xizmatda esa 4 nafar Xasan va Husan egizaklar yigitlik burchini o‘tashdi.

– Bundan bir necha yillar oldin, egizaklar bir vaqtning o‘zida xizmatga chaqirilmas edi, – deydi vzvod komandiri, mayor Dilmurod Mamayusupov. - Bugun esa ular bir guruhda xizmat qilishmoqda. – Bu ham xizmatni o‘tashdagi yana bir qulaylik, desak xato bo‘lmaydi. Safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmati oliy dargohlarda o‘qiyotgan yigitlar uchun ham ayni muddao bo‘lyapti.