11263-raqamli jinoiy ish yoxud yana bir qatag‘on qurboni qismati haqida
1938 yil 17 yanvarda O‘zSSR NKVD Samarqand sektori boshlig‘ining yordamchisi, Davlat xavfsizligi katta leytenanti Smirnov Obid Hamidovga nisbatan ochilgan 11263-raqamli tergov ishi hujjatlari bilan tanishib, 1906 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, ayni paytda Samarqandda istiqomat qilayotgan va viloyat «Lenin yo‘li» gazetasi muharriri bo‘lib ishlayotgan bu insonni hibsga olish haqida qaror qabul qiladi.
Uning bu qarorini 23/I-1938 yilda O‘zSSR Ichki ishlar xalq komissari, Davlat xavfsizligi mayori Apresyan va NKVD Samarqand sektori boshlig‘i, Davlat xavfsizligi katta leytenanti Kalmikov, 24/I-1938 yilda O‘zSSR prokurori Sheyndlin tasdiqlashadi.
Ushbu jinoyat ishi hujjatlarida ko‘rsatilishicha, Obid Hamidovga «Samarqanddagi mavjud aksilinqilobiy qo‘zg‘olonchilar guruhining faol a’zosi, ushbu tashkilotning topshiriqlarini bajarib kelgan shaxs», degan ayblar qo‘yilib, unga nisbatan O‘zSSR JKning 67, 57-1 moddalari qo‘llanilgan edi.
1938 yil 8 fevralda tergovni olib borish topshirilgan NKVD Samarqand sektori, 3-bo‘limi boshlig‘i yordamchisi, Davlat xavfsizligi kichik leytenanti Arzamasev bu ayblovlar ustiga yana «Vatanga xoinlik qilib, qurolli qo‘zg‘olonni tayyorlashda faol ishtirok etgan», degan qo‘shimchalar kiritib, uni NKVD Samarqand sektorining ichki qamoqxonasida saqlash bo‘yicha ilgari chiqarilgan qarorni o‘z kuchida qoldiradi.
O‘sha yilning 28 yanvarida uning Samarqand shahar Sklyanskiy ko‘chasi, 16-uydagi xonadonida, 29 yanvarda «Lenin yo‘li» gazetasi tahririyatidagi ish xonasida guvohlar ishtirokida tintuv o‘tkaziladi. Lekin bu tintuvlar NKVD xodimlariga uning aksilinqilobiy qo‘zg‘olonchilar guruhi a’zoligiga oid dalillarni topishda hech qanday natija bermaydi.
Hibsga olingan paytda to‘ldirilgan dalolatnomaga ko‘ra, uning qaramog‘ida xotini – 24 yoshli Rajaboy Jabborova va uch nafar yosh bolalari bo‘lgan. Bundan tashqari, Moskva davlat universitetida o‘qiyotgan 30 yoshli ukasi Zohid Hamidov, Toshkentda yashovchi 24 yoshli ukasi Fuzail Hamidov borligi ham qayd etilgan.
1938 yil 29 yanvarda o‘tkazilgan birinchi tergovda u o‘zining hech qachon qandaydir «aksilinqilobiy qo‘zg‘olonchilar guruhi a’zosi» bo‘lmaganligini va bunday tashkilot borligini bilmasligini ta’kidlaydi. 15 fevraldagi tergovda ham aynan shu hol takrorlanadi. SamDU rektori bo‘lib ishlagan va «xalq dushmani» sifatida hibsga olingan Hikmat Fayzullayev, «aksilinqilobiy qo‘zg‘olonchilar» tashkiloti a’zosi, deb topilgan Abdullajon Rahimovlarning ko‘rsatmalarida Obid Hamidovning Samarqanddagi aksilinqilobiy qo‘zg‘olonchilar tashkiloti a’zosi ekanligi aytilgandi. Bu odamlardan ushbu tergov ko‘rgazmalari qanday qilib va qay usulda olinganini taxmin qilsakda, lekin tergovchi ulardagi chalkashliklarga ham e’tibor bermay, Obid Hamidov ustidan ko‘proq dalil va hujjatlar to‘plashga intilib, dalolatnomaga kiritavergan.
Masalan, Hikmat Fayzullayev 1937 yil 12 dekabdagi tergovda SamDUda ishlamaydigan Obid Hamidovni negadir «universitet ilmiy xodimi», deb ko‘rsatsa, Abdullajon Rahimov uni 1937 yil 14 dekabrdagi tergovda Kaganovich nomli kolxoz partiya tashkilotchisi, deb ataydi. Holbuki, O.Hamidov o‘z qo‘li bilan yozgan tarjimai holining biror bir joyida na «universitet ilmiy xodimi», na Kaganovich kolxozida partiya tashkilotchisi bo‘lganini eslatmaydi. Ehtimol, kolxozga vakil bo‘lib borgandir. Tergovchi Samarqand viloyati «Lelin yo‘li» gazetasini tergov dalolatnomasiga «Samarqand rayonida chiqadigan gazeta», deb kiritadi.
Bundan tashqari, H.Fayzullayev O.Hamidov aksilinqilobchilar tashkilotiga Umarov tomonidan jalb qilingan, deb ko‘rsatma bersa, Z.Sattorov 1938 yil 26 yanvardagi tergovda uni Samarqand shahar partiya qo‘mitasi birinchi kotibi Hojimetov tarafidan ushbu guruh safiga tortilgan, deydi. 1938 yil 27 oktyabr kuni NKVDning Samarqand sektori, 3-bo‘lim boshlig‘i yordamchisi Zaturanskiy tomonidan yozilgan tergov xulosasida O.Hamidov aksilinqilobchilar guruhi a’zoligiga SamDU xodimi Rahmatulla Malin tomonidan tortilgan, deb qayd qilinadi.
Mana, O.Hamidovning o‘zi tergovchiga aytib yozdirgan tarjimai holidan parchalar: “Men 1906 yilda Toshkent shahrida quruvchi-ishchi oilasida tug‘ilganman. 1918 yilda otam vafotidan so‘ng bobom qo‘lida tarbiyalandim. 1920-1926 yillarda internatda o‘qidim va yashadim. Shu yerda yashab, 1926 yilda pedtexnikumni ham tugatdim. Shundan keyin maorif xalq komissarligi meni Samarqand shahriga, 9 oylik pedagogika kurslariga o‘qituvchi qilib yubordi. 1927 yilda Samarqand pedakademiyasiga o‘qishga kirdim va uni 1930 yilda tugatdim. Shu yillar davomida pedtexnikumda o‘quv bo‘limi mudiri bo‘lib ishladim. Keyinchalik chorvachilik texnikumida shu vazifada xizmat qildim.
1931 yilda Toshkentga chaqirilib, Yer-suv xalq komissarligida dehqon yoshlari kurslarining rahbari etib tayinlandim. 1932 yilda yana Samarqandga, agrokolxoz institutiga o‘quv bo‘limi boshlig‘i qilib yuborildim. 1933 yilda Toshkentdagi Marksizm-Leninizm institutiga ishga tayinlandim. 1935 yilda Samarqanddagi Kommunistik oliy o‘quv yurti direktori vazifasiga yo‘llashdi. 1937 yil boshida yana agrokolxoz institutiga ishga o‘tdim. Ko‘p o‘tmay «Lenin yo‘li» gazetasi muharriri etib tayinlandim”.
Ayblariga iqror qilish uchun NKVD xodimlari uning boshiga ne kunlarni solishgani bizga qorong‘u. Lekin nima bo‘lganda ham o‘z fikrida sobit turdi va aksilinqilobiy-qo‘zg‘olonchilar guruhi a’zosi, degan barcha ayblovlarni rad etdi. Bunday hol bir yarim yil davom etdi. Tinimsiz tergov va tazyiqlar uni holdan toydirsa ham fikridan qaytmadi.
1938 yil 26 aprelda NKVD Samarqand sektori boshlig‘i yordamchisi, Davlat xavfsizligi katta leytenanti Smirnov, NKVDning Samarqand viloyati boshqarmasi, 3-bo‘limi boshlig‘i yordamchisi, Davlat xavfsizligi kichik leytenanti Arzamasev to‘ldirgan ayblov xulosasida uning ishini SSSR NKVD huzuridagi alohida kengash e’tiboriga havola etish lozimligi aytilgan edi.
1938 yil 15 mayda Samarqand viloyati prokurorining yordamchisi ushbu jinoyat ishi hujjatlari bilan tanishib, o‘z xulosasini yozadi: «Tergov materiallarini ko‘rib chiqib, ularni hech qanday jiddiy asosga ega emas, deb topdim va zudlik bilan O.Hamidovni hibsdan ozod qilish hamda ushbu jinoiy ishni harakatdan to‘xtatish lozimligi haqidagi masalani qo‘yaman».
Ha, o‘sha og‘ir damlarda ham NKVD tazyiqidan cho‘chimay, qonunchilikka rioya etilishini ta’minlash, o‘z fikrini dadil aytishga qodir prokuratura xodimlari oz bo‘lsa-da, topilardi...
1939 yil 27 mayda (bu paytga kelib NKVDning Samarqand viloyati boshqarmasi sobiq boshlig‘i Kalmikov, uning qo‘l ostida ishlaganlarning ko‘pchiligi ham ishdan olingan edi) Davlat xavfsizligi kichik leytenanti Kolpakov Obid Hamidovga nisbatan ochilgan jinoiy ishni qayta tergov qila boshlaydi. U o‘z xulosasida O.Hamidovga qo‘yilgan biror-bir ayb o‘z tasdig‘ini topmaganligini, hatto ko‘rsatma berganlar yuzlashtirilib, dalolatnoma tuzilmaganligini, O.Hamidovga qarshi guvohlik berganlar bularni tazyiq ostida majburan aytishganini tan olib, ulardan voz kechishini bildirayotganligini yozadi. Shunday qilib, qariyb bir yarim yil davom etgan azobli kunlardan so‘ng gazeta muharriri O.Hamidovga nisbatan ochilgan jinoiy ish harakatdan to‘xtatiladi hamda u ozodlikka chiqadi.
Afsuski, uning shundan keyingi taqdiri haqida hozircha hech qanday ma’lumotlar topolmadik.
Muzaffar Muqimov,
SamDU tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi viloyat muzeyi direktori.