12 milliard so‘m iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilingan

Samarqandda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari viloyat hududiy birlashmasi mas’ullari hamda sohada faoliyat yurituvchi nodavlat notijorat tashkilotlari xodimlari ishtirokida seminar o‘tkazildi.

Unda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, bozorlar va savdo shoxobchalarida sotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash, sifatsiz mahsulotlarning sotilishiga yo‘l qo‘yilmaslik hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish masalalari haqida so‘z yuritildi.

- Joylarda iste’molchilar tomonidan murojaatlar soni ko‘payib bormoqda, - deydi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Farrux Mamadaminov. – Jumladan, joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyi davomida birgina Smarqand viloyatida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlariga mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Ushbu murojaatlar birlashma va uning tuman (shahar) jamiyatlari tomonidan o‘rganilib, iste’molchilar manfaatiga yetkazilgan 12 millirad so‘m zarar qayta hisob-kitob qilingan va tegishli tartibda undirib berish choralari ko‘rilgan.
Yig‘ilish davomida iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga doir chora-tadbirlar ijrosi, amalga oshirilgan ishlar, murojaatlar va ularning yechimi muhokama qilindi.

Dilmurod Do‘stmurodov.