12 mingdan ortiq boquvchisini yo‘qotgan o‘quvchi va talabalarning pensiyalari 23 yoshgacha uzaytirildi

Pensiya jamg‘armasining 2022 yil 9 oyligi daromadlari prognoz ko‘rsatkichlari 23 032,0 mlrd. so‘m etib belgilangan bo‘lib, ijro 24 097,8 mlrd. so‘mga yoki 105 foizga bajarilgan

Shuningdek, jamg‘arma tomonidan 4,2 mln. nafar pensiya va nafaqa oluvchilarga 36,7 trln. so‘m xarajatlar amalga oshirilgan.

2022 yilning 9 oyi davomida Pensiya jamg‘armasi tomonidan 336,9 ming nafar fuqaroga pensiya va nafaqalar tayinlangan. Bu ko‘rsatkich 2021 yilning mos davriga nisbatan 43,1 ming nafarga yoki 14,6 foizga oshgan.

Pensiya jamg‘armasi tomonidan tayinlanadigan 12 turdagi pensiya va nafaqalarning 9 turini bugungi kunda inson omilisiz, avtomatik, interaktiv va proaktiv shaklda tayinlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilning 9 oyi davomida 1,2 mln. nafar fuqaroga interaktiv va masofaviy xizmatlar ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari Qonunchilikdagi o‘zgartirish va qo‘shimchalarga muvofiq: ayollarga pensiya hisoblashda ularning bolani parvarishlash ta’tilida bo‘lish vaqtining xammasini jamlanganda ko‘pi bilan 6 yillik davrni ish stajiga qo‘shib hisoblash huquqi berildi. Natijada, 80 mingdan ortiq 2 va undan ortiq farzandi bo‘lgan ayollarning pensiya miqdorlari o‘rtacha 15 ming so‘mdan 50 ming so‘mgacha oshdi.

O‘quvchi va talabalar boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini olish huquqini ta’lim muassasalarida o‘qishning butun davri davomida, biroq 23 yoshga to‘lgunga qadar saqlab qolish huquqi berildi. Natijada, 12 mingdan ortiq boquvchisini yo‘qotgan o‘quvchi va talabalarning pensiyalari 23 yoshgacha uzaytirildi.