1233 dona psixotrop tabletkalarni noqonuniy saqlayotgan shaxs aniqlandi

Bojxona xodimlari tomonidan bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi maxsus tadbirlar tizimli ravishda o‘tkazib kelinmoqda.

Xususan, Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Marg‘ilon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, fuqaro I.R.ga tegishli yashash xonadoni belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Natijada, ushbu shaxsning xonadonidan 1233 dona psixotrop tabletkalar va boshqa dori vositalari borligi ma’lum bo‘ldi.

Ta’kidlash joizki, qonunchiligimizda bunday noqonuniy harakatlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi (“Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish”) va 276-moddasi (“Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar”)da qayd etilgan jazo choralari ko‘rilishi belgilab quyilgan.  

Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan tergovga kadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.