15 sotix yerda ishlab ro‘zg‘or tebratib bo‘ladi(mi?)

Ishsizlik muammosi bilan qiynalayotgan yoshlar bandligini ta’minlash, ularning hayotda o‘z yo‘lini topishiga ko‘maklashish maqsadida zarur chora tadbirlar ko‘rilyapti.

- Korrupsiyaning oldini olish maqsadida “auksion” tizimi yo‘lga qo‘yildi, - degan edi Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev Samarqand shahrida yoshlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvida. – Avvalo, hokimlik tomonidan yerning holati qay darajada ekanligini e’lon qilishi kerak. Kim undan unumli foydalanish imkoni bo‘lsa, shu yerni auksion orqali yutib olishi mumkin. Unga hech kim majburlab yer bermaydi. Ko‘p eshitaman, ayrim joylarga suv yetib bormasligidan dehqonchilikni boshlagan fuqarolar muammoga duch keldi. Buning turli sabablari bor. Masalani joyiga chiqib o‘rganish lozim. 

Biz Ishtixon tumanida bo‘lib, ishsiz yoshlarga ajratilgan yerdan qay darajada foydalanilayotgani bilan qiziqdik.

Tumanning Ko‘tarma mahallasida 2022 yilda 54 nafar fuqaroga, jumladan 42 nafar yoshga 15 sotixdan yer ajratilgan. Bu yil esa 24 nafar ishsizga “Ye-auksion” platformasi orqali 30 yilga 30 sotixdan yer berilgan. Bu yaxshi albatta, ammo yer turli hududlardan ajratiladi. Har hududning o‘ziga yarasha muammolari bor. Ayrim joylarda suv yetishmovchiligi bo‘lsa, ba’zi hududlar yeri sho‘rlangan. 

- To‘g‘ri, hududlar har xil, ammo yerni fuqaro o‘z xohishi bilan oladi, - deydi mahalladagi hokim yordamchisi Zohid Abdullayev. - Masalan, Muslim qishlog‘ida dehqonchilik qilish birmuncha qiyin. Bunga sabab yerning qiyaligi, ayrim joylarining sho‘rligi, shuningdek, suv muammosi. Muslimliklar azaldan chorvachilik bilan shug‘ullanib kelgan. Yer olganlarning barchasi ham dehqonchilikni eplab ketolmayapti. Aslida ularga yer majburlab berilmagan. Istasa boshqa qishloq hududidan ham olishi mumkin edi, ammo ular uyiga yaqin bo‘lishini istagan. Ko‘tarma qishlog‘ida yashaydiganlarning esa ota-bobosi dehqon bo‘lgan. Bu hududda ham 5-6 yildan beri oqar suv muammo edi. Ammo ko‘tarmaliklar artezian quduqlari qazdirib, masalaga yechim topgan.

O‘tgan yili maktabni bitirib,  o‘qishga kirolmadim, - deydi ko‘tarmalik Azamat Saydullayev. – Nima qilishni bilmay yurganimda hokim yordamchisi yer berish taklifini aytdi. Auksion orqali 30 sotix yer yutib oldim. Bu yil birinchi marta dehqonchilik qilishim. Pomidor ekkanmiz. To‘rt qo‘shni kelishib, suv chiqardik. Navbat bilan sug‘orib, ekinimizni parvarishlayapmiz. Rivojlanishi yaxshi. Pomidordan keyin bu yerga turp va sholg‘om ekish niyatimiz bor.

Haqiqatan ham, Muslim qishlog‘idagi yer olganlarning ayrimlari unumli foydalana olmayotganligi tufayli uni qaytarish choralarini izlayotgan ekan. Buning sababini hokim yordamchisi shunday izohlaydi:

- Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, deganlaridek, muslimliklar orasida boqimandalik kayfiyatidagilar topiladi. To‘g‘ri, 4-5 kishi yerni qaytarish istagini bildirgan. Nima emish, agar yer ularning nomida bo‘lsa, “bola puli” chiqmas ekan. “Bola puli” oyiga 600 ming so‘mdan chiqsa, bir yilda 7 million 200 ming so‘m bo‘ladi. U yerga mehr berib ishlasa, 25-30 million so‘mgacha daromad olish mumkin.

Tumanning Chag‘atoy mahallasida ham ijtimoiy “daftar”larga kiritilgan ishsizlarga yer ajratilgan. O‘tgan yili bahorda mahallaning Qo‘ng‘irot qishlog‘ida 28 nafar yoshga 15 sotixdan yer ajratilgani haqida gazetamiz va Zarnews.uz saytida xabar bergan edik. Ular dehqonchilik mavsumi davomida yerdan qay darajada foydalangani bilan ham qiziqdik.

Mahallada yoshlar yetakchisi vazifasida ish boshlaganimda o‘tkazilgan xatlov natijasida 41 nafar yigit-qizni ishsizlik muammosi qiynayotgani ma’lum bo‘ldi, – deydi Rahmatulla Murtozayev. – Ularning 28 nafariga 15 sotixdan yer ajratildi. O‘tgan yili bu yerga pomidor va bodring ekib, har biri 10-15 million so‘mdan daromad qildi. To‘g‘ri, bu mablag‘ bir yil ro‘zg‘or tebratishga yetmaydi, ammo dehqonchilik qilishdan bo‘sh vaqtlarida boshqa yumush bilan shug‘ullanish ham mumkin. Mahallamizdagi hokim yordamchisi ularga chorvachilik, asalarichilik va boshqa tadbirkorlik bilan shug‘ullanishlari uchun imkoniyatlar borligini tushuntiryapti.

- 2019 yilda kollejni tugatib, ishsiz yurgan edim, - deydi Alisher Saydullayev. – “Yoshlar daftari”da ro‘yxatga olinganim uchun o‘tgan yili bahorda menga 15 sotix yer ajratildi. Pomidor ekdim. Bizga ajratilgan maydon Mitan va Chelak shaharchalarini bog‘lovchi katta yo‘l yoqasida joylashganligi yetishtirgan mahsulotimizni oson sotishimiz uchun qo‘l keldi. Shu yerning o‘zida bir kilogramm pomidorni 3,5-5 ming so‘mdan pulladim. 10 million so‘mdan ziyodroq foyda ko‘rdim. Shu pulga 2 bosh qoramol oldim. Ularni 3-4 oy boqib, go‘sht qilib sotdim. Shuning hisobiga to‘y qildik. Uylandim. Bu yil ham dehqonchilik qilyapman. Biroz suv muammosini hisobga olmasak, hammasi joyida. Akam uylarni ta’mirlaydigan usta. Bo‘sh vaqtlarimda unga yordam beraman. 

Hududlarda imkoniyatlar bor, har bir yosh undan to‘g‘ri foydalana olmaydi. Imkoniyatlarga yarasha muammolar yo‘q emas, masalaga yechim topishda mas’ullar yoshlarga ko‘makdosh bo‘lsa, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.

To‘lqin SIDDIQOV,

Baxtiyor MUSTANOV (foto).