15 sutkaga qamalgan ona-bola videomurojaati o‘rganildi
O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Akrom Mahmudov sahifasi orqali ikki ayolning ichki ishlar xodimlari tomonidan nohaq 15 sutkaga qamalgani haqidagi videomurojaatiga rasmiy munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqda videomurojaat yo‘llagan ayollar Xamraqulova Gavharoy Saidjanovna hamda uning qizi Xamraqulova Gulira’no Xatambekovnalar Jalaquduq tumani Qatortol qishlog‘i, Hamzaobod ko‘chasi, 16-uyda istiqomat qilishadi.
2013 yilda Gavharoy Xamraqulovaning akasi Qobiljon Xamraqulov vafot etganidan buyon akasining turmush o‘rtog‘i, Jalaquduq tumani Birlashgan MFY, Savob ko‘chasi, 30-uyda yashovchi, 1976 yilda tug‘ilgan Bakiyeva Muqaddam Abduvasitovna bilan uy-joy talashib keladi.
Gavharoy Xamraqulova Muqaddam Bakiyevani 2018 yilda odam o‘ldirishda ayblab, akasidan qolgan uyga egalik qilish maqsadida uning ustidan ichki ishlar idoralariga ariza yozgan. Ushbu ariza tuman IIB tomonidan ko‘rib chiqilgach, undagi faktlar tasdiqlanmaganligi hamda asossiz ekanligi sababli G.Xamraqulova O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasi (tuhmat) tartibida ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, 2019 yilning yanvar oyida to‘plangan hujjatlarga ko‘ra, Qo‘rg‘ontepa tumani prokuraturasi tomonidan unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
2019 yilning 27 may kuni G.Xamraqulova va uning qizi Gulira’no Xamroqulova birgalikda Xo‘jaobod tumanida viloyat hokimining quruvchilar bilan sayyor yig‘ilish o‘tkazishidan xabar topib, yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan holat yuzasidan shikoyat qilmoqchi bo‘lib borgan. Sayyor qabul jarayonida tartib-intizomga amal qilmasdan, navbatsiz kirmoqchi bo‘lib, bu joyda xizmat olib borayotgan IIB xodimlarining viloyat rahbarining qabuliga navbat bilan kirish kerakligi to‘g‘risidagi ogohlantirishlariga qarata ularni uyatli so‘zlar bilan haqoratlagan.
Jamoat tartibini buzganligi uchun ushbu fuqarolarga nisbatan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, ona-bola Xamraqulovalarga nisbatan Xo‘jaobod tumani ma’muriy ishlar bo‘yicha sudi tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (bo‘ysunmaslik) tartibida sud jarayoni o‘tkazilgan ularning har biriga 15 sutka muddatdan ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Shuningdek, Qo‘mita matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, axloq normalarini e’tirof etgan holda ona-bola haqidagi ayrim ma’lumotlarni oshkor qilmaslikni ma’qul topmoqda.