159 ming AQSh dollarini o‘zlashtirgan firibgarlar qo‘lga olindi

2019 yil 26 iyul kuni Toshkent shahrining Yunusobod tuman IIBdan tushgan hujjatlarga ko‘ra, shu yil iyun oyida Yunusobod tumani 14-dahada yashovchi 59 yoshli B.Q. va M.Ulug‘bek tumanida yashovchi “Yaksart Azia” MChJ rahbari, 46 yoshli Sh.J.lar Buxoro shahrida yashovchi 37 yoshli A.B.ga chet el kompaniyalaridagi biznes hamkorlari orqali xorijiy banklardagi hisob raqamlaridagi pul mablag‘larini yechish uchun hamda uch oy ichida 350 000 AQSh dollari qilib, qaytarib berishlik sharti bilan undan 20 000 AQSh dollarini olgan.

Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi Moskva shahridan 20 dona “Mercedes-benz” rusumli mikroavtobuslarini olib kelib, 10 donasini A.B.ga berishliklarini aytib, aldov yo‘li bilan undan bo‘lib-bo‘lib, jami 159 000 AQSh dollarini olgan va bergan va’dalarini bajarmay, pullarni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborishgan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, B.Q. va Sh.J.lar ushlangan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabar berishicha, tergov harakatlari olib borilmoqda.