160 million so‘mlik dorilarni noqonuniy sotishga uringan shaxslar qo‘lga olindi

Davlat bojxona qo‘mitasi xodimlari tomonidan sifati kafolatlanmagan dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tizimli ravishda kurash olib borilmoqda.

Bojxonachilar Chilonzorda qariyb 160 million so‘mlik dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yishdi.

Jumladan, Davlat bojxona qo‘mitasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan Chilonzor tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida dori vositalarining yana bir yashirin savdosiga chek qo‘yildi.

Aniqlanishicha, fuqarolar T.M. va Q.A. lar shartli xaridorga umumiy qiymati 62 million so‘mlik jami 1291 dona “Montalin” nomli dori vositalarni yashirincha sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Shuningdek, fuqaro Q.A. boshqaruvidagi Neksiya ham belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Natijada, avtomashinada 21 dona “SamyunWan” nomli dori vositalari borligi aniqlandi.

O‘tkazilgan tadbir davomida umumiy qiymati 157,2 million so‘mlik 1291 dona “Montalin” va 21 dona “SamyunWan” dorilari ashyoviy dalil sifatida olindi.

Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.