18 aprel – Xalqaro yodgorliklarni va tarixiy joylarni asrash kuni (1983)
Qadimiy va boy tariximizni o‘rganish, keng targ‘ib etish yoshlarda qanday buyuk zotlarning, dunyo ilm-fani va madaniyatiga beqiyos hissa qo‘shgan ulug‘ olim va mutafakkirlarning avlodi, betakror meros vorisi ekanidan faxrlanish tuyg‘usini kuchaytirish, ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
O‘tgan asrning o‘rtalariga kelib jahon jamoatchiligi nodir va betakror yodgorliklarni asrab-avaylash, ularni umumbashariyat mulki sifatida kelajak avlodlarga yetkazish masalasiga e’tibor qarata boshladi. YuNESKO 1972 yil Parijda bo‘lib o‘tgan simpoziumda Madaniy va tabiiy meros yodgorliklarini muhofazaga olish haqida rezolyusiya qabul qildi. 1983 yilda BMT tomonidan 18 aprel – Xalqaro yodgorliklarni va tarixiy joylarni asrash kuni, deb belgilandi. 2003 yilda YuNESKO nomoddiy madaniy meroslarni muhofazasiga olish haqida qaror chiqardi.
Prezident rahnamoligida milliy qadriyatlarimizni, yurtimizdagi tarixiy obida va madaniy yodgorliklarni asrab-avaylash, o‘rganish va muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining “Madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonuni bu borada muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotir.
Mamlakatimiz, jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida ushbu hujjat asosida qadimiy yodgorliklarni o‘rganish, qayta tiklash bo‘yicha keng ko‘lamli ilmiy izlanishlar va tadqiqotlar olib borilmoqda. Xususan, Kot-Firqal’a, Tuproqqal’a, Aqchaxonqal’a, Ayozqal’a, Chilpiq, Mizdaxkan singari madaniy yodgorliklar o‘rganilib, xalqaro turizm yo‘nalishiga kiritildi.
Avstraliya xalqaro arxeologik ekspeditsiyasi bilan hamkorlikda 1995 yildan buyon Beruniy tumanidagi Aqchaxonqal’a yodgorligida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Tadqiqotlar natijasida Toshxirmon vohasidagi bu qal’a devorlari qalin paxsa va katta g‘ishtlardan qurilgani, har bir g‘ishtga o‘sha davr urug‘lari tamg‘asi bosilgani ma’lum bo‘ldi. Umumiy maydoni 50 gektar bo‘lgan qal’a yodgorligi bir-birining ichiga joylashgan tashqi va ichki qal’alardan iborat. To‘plangan arxeologik materiallar bu yerda o‘z davrida xalq hunarmandligining ko‘pgina turlari rivojlanganini ko‘rsatmoqda.
Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limida saqlanayotgan bu materiallar ustida laboratoriya-tekshiruv ishlari olib borilayotir. Qal’adan topilgan rangtasvir san’ati namunalari Avstraliya, Fransiya, Lixtenshteyn va irlandiyalik olim va mutaxassislar tomonidan ham o‘rganilmoqda. Laboratoriya-tahlil ishlari nihoyasiga yetkazilgach, xalqimizning qadimiy tarixi, amaliy san’ati namunalari va boy madaniy merosini targ‘ib etish maqsadida rivojlangan davlatlar muzeylarida ko‘chma ko‘rgazmalar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Aqchaxonqal’a yodgorligida olib borilgan ilmiy tekshiruvlar va qazish ishlari natijasida uning atrofida qadimiy Toshxirmon, Cho‘pon, Sheyitlik, To‘proqqal’a-3, Qoratepa-2,3,4, Ko‘panqal’a, Jigarman kabi o‘nlab arxeologik yodgorliklar topildi.
Mamlakatimizda milliy davlatchiligimiz tarixini o‘zida aks ettirgan ushbu yodgorliklarni, tarixiy va madaniy obidalarni o‘rganish, asrab-avaylash va keng targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasi yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlar qalbida Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, ajdodlardan iftixor qilish tuyg‘usini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
G‘ayraddin XO‘JANIYoZOV,
O‘zbekiston Qahramoni, arxeolog olim.