1952 yilda g‘oyib bo‘lgan poyezd: U ikki kun qayerga sayohat qilgan edi?
Bu voqea 1952 yilning 7 iyunida sodir bo‘ldi. Quyoshli va issiq kunda Leningrad shahrining Finland (Finlyandskiy) vokzali gavjum edi. Maktab o‘quvchilari yozgi ta’tilni lagerda yoki bobosi va buvisining uyiga o‘tkazish maqsadida 526-raqamli poyezdda Viborg shahriga yo‘l olishdi.
Leningrad va Viborg o‘rtasida masofa bor-yo‘g‘i 120 kilometr bo‘lib, poyezd 2,5 soatdan keyin yo‘lovchilarini manziliga yetkazishi mo‘ljallangan edi. Lekin poyezd soat 14:00 da ham, tungi soat 2:00 da ham stansiyaga kelmadi.
Poyezdning sirli g‘oyib bo‘lishi
Poyezd stansiyaga o‘z vaqtida kelmaganida, kutib oluvchilar “Bu texnika bo‘lsa, yo‘lda har narsa bo‘lishi mumkin”, deya xavotirlanmadi. Biroq, u soat 15.00 da yetib kelmaganidan so‘ng perrondagilar xavotirga tusha boshladi, pioner lagerlari tarbiyachilari va bobo-buvilar stansiya boshlig‘ining kabinetiga bostirib kirishdi. Soat 17.00 ga kelib vaziyat keskinlashdi va platformada militsiya otryadlari paydo bo‘ldi. Odamlar ularning tinchlanish va tarqalish iltimoslariga javob berishmadi, aksincha stansiyada to‘planishda davom etdi.
Dispetcherlar vahimaga tushgan odamlarga ham, huquq-tartibot xodimlariga ham tushunarli javob bermadi. Gap shundaki, ular poyezd boshlig‘i yoki mashinist bilan efir orqali bog‘lana olishmagandi. 526-raqamli poyezd o‘tishi kerak bo‘lgan stansiya va chorrahalar xodimlaridan ham jo‘yali bir ma’lumot kelmadi. Faqat bitta bekat navbatchisi Viborgga ketayotgan poyezd soat 13.30 da lokomotivdagi bayroqlar va signallarga munosabat bildirmay, katta tezlikda o‘tib ketganini aytdi.
Qidiruv operatsiyasi
Ushbu tashvishli xabardan so‘ng militsiya xodimlari temiryo‘lchilar bilan hamkorlikda relslar bo‘ylab poyezdni izlashga tushishdi. Leningraddan bolalar bilan to‘la o‘nlab vagonlar go‘yo havoga uchib ketgandek bo‘ldi. Soat 20.00 da bu “yangilik” Moskvaga, Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik vazirligi mas’uli Lavrentiy Beriyaga yetkazildi. U operatsiyaning borishi to‘g‘risida shaxsan uni xabardor qilishlarini buyurib, poyezdni izlab topish uchun 3 kun muhlat berdi. Ikki kun davomida militsiya va Davlat xavfsizlik vazirligi xodimlarining qidiruv ishlari muvaffaqiyatsiz kechdi. Temiryo‘ldan 10-15 kilometr uzoqlikda yashagan va ishlagan har bir kishi bilan suhbat o‘tkazildi. Biroq hammasi behuda edi – 526-raqamli poyezd izsiz g‘oyib bo‘ldi.
Kutilmagan yechim
Muammo to‘satdan yechim topdi. Beriya belgilagan muddatdan bir necha soat oldin, kutilmaganda poyezd topildi. U so‘nggi manzildan uncha uzoq bo‘lmagan joyda, zaxira temiryo‘lida turardi. Qizig‘i, bu boshi berk ko‘cha bir necha marotaba tekshirilgan va oxirgi marta bir necha soat oldin ko‘zdan kechirilgan edi. Barcha yo‘lovchilar, ularga hamroh bo‘lgan bolalar va kattalar tirik va sog‘-salomat vagonlarda o‘tirar, biroq ularning ruhiy holati ko‘p savollar tug‘dirardi. Barcha yo‘lovchilar, yoshidan qat’i nazar, kelajakda bo‘lib qaytganliklari haqida da’vo qilishdi. Ular kutilmaganda tumanga kirib qolganliklari va hushidan ketganliklarini, so‘ng o‘zlariga kelib, o‘zlari yo‘lga chiqqan Finland vokzalida bo‘lib qolganliklari, faqat bu stansiya butunlay boshqacha ko‘rinishda ekanligi – yangi binolar qo‘shilib, nurli harflardan yasalgan belgilar borligi, platformada esa g‘alati kiyimdagi odamlar turgani va stansiya stendlaridan biri 1992 yilni ko‘rsatgani xaqida gapirishdi. Yo‘lovchilar kelajakda qancha vaqt bo‘lishganini aniqlashning iloji bo‘lmadi. Hammasi qanday boshlangan bo‘lsa, xuddi shunday – tuman va ommaviy hushdan ketish bilan tugadi.
Albatta, bu mistik hikoyaga hech kim ishonmadi. Deyarli olti oy davom etgan tergov hech qanday natija bermadi. Shunga ham qaramay, kimdir bu xunuk voqea uchun javob berishi kerak edi. Shuning uchun 526-poyezdning barcha temiryo‘lchilari sudlandi, ular uzoq muddatga qamaldi. G‘alati favqulodda holat bilan bog‘liq bo‘lgan materiallar maxfiylashtirildi, bolalar bilan suhbatlar o‘tkazildi, katta yoshdagi yo‘lovchilardan ma’lumotlarni oshkor etmaslik to‘g‘risida tilxat olindi.
Pionerlar vaqt sayohati to‘g‘risida sukut saqlashga qasamyod qilishdi. Bugungi kunda 1952 yilda sodir bo‘lgan bu voqeaning haqiqiyligiga juda kam odam ishonadi. Leningrad-Viborg poyezdi kelajakka bo‘lgan bo‘lmaganligini tekshirishning esa iloji yo‘q. Ehtimol, bu Shimoliy poytaxt aholisi tasavvuridan kelib chiqqan yana bir afsonadir.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.