2 sotix yerdan 20 million so‘m daromad: Payariqlik dehqon issiqxonasida

Har qarich yerdan omilkorlik bilan foydalanishga qaratilayotgan e’tibor tomorqa xo‘jaligini yuksaltirishda sabab bo‘lyapti. Buni Payariq tumanidagi mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlar misolida ko‘rish mumkin.

Xususan, tumandagi Zarafshon mahallasida tomorqasidan unumli foydalanib, daromad topayotgan xonadonlar ko‘p. Bunda mahallada aholi farovonligini oshirishga qaratilgan imtiyozlar muhim rol o‘ynayapti.

- Avvallari ham tomorqamizga turli sabzavotlar ekib, ro‘zg‘orimizga yetarli hosil olib turgandik, - deydi mahallaning Rivoj qishlog‘ida yashovchi Zilola Rajabova. – Ammo bu faqat yoz mavsumidagina bo‘lib, kelgusi pishiqchilikkacha bozordan sotib olishga to‘g‘ri kelardi. Shu sabab yerdan unumli foydalanish maqsadida issiqxona tashkil qilishni niyat qildik. Biroq uni qurishga yetarli mablag‘imiz yo‘q edi. Mahalla raisining maslahati bilan imtiyozli kredit oldik. Bu ishda hokim yordamchisi ko‘mak berdi. 30 million kredit mablag‘i bilan xo‘jaligimizda ikkita to‘rt sotixli issiqxona qurdik.

Tomorqadagi bu issiqxona bugun ushbu xonadonning daromad manbaiga aylangan. Ular tomorqadan daromad olish bilan birga aholi dasturxonining qishda ham yoz mahsulotlari bilan ta’minlanishida o‘z hissasini qo‘shyapti.

- Ismaloq, jag‘-jag‘ ekib, qorli, qirovli kunlarda ham daromad qildik, - deydi Zilola opa. - Bahor kelishi bilan birinchi ekinga bodring ekdik. Hosilga kirib, bozorga kunda-kun ora 100-150 kilo bodring sotamiz. Ozgina dehqonchilik ilmidan xabardor bo‘lsangiz yetarli. Ortiqcha mehnati yo‘q, muhimi, hosil ham uvol bo‘lmaydi. Keragini ro‘zg‘orga ishlatamiz, ortganini bozorga sotamiz. Ro‘zg‘orimizning kamini butlab, qo‘shimcha daromadga ham ega bo‘lyapmiz.

Bahordayoq bodring, pomidor kabi dehqonchilik mahsulotlarining bozorlarimizda serob bo‘layotganida bu kabi dehqonlarning o‘rni bor. Tomorqasida besh sotixli issiqxona tashkil qilib, pomidor yetishtirayotgan Qalandar qishlog‘ida yashovchi Nilufar Toshboltayeva ham yaratilayotgan imtiyozlardan unumli foydalanayotgan tomorqachi.

- Shu mo‘’jazgina issiqxona ro‘zg‘orimizga baraka keltirdi, - deydi N.Toshboltayeva.  – Boshlanishiga 20 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘i yetarli bo‘ldi. Bir men emas, oilamizda kimning bo‘sh vaqti bo‘ldi deguncha issiqxonadan xabardor bo‘lib turadi. Birinchi ekin - pomidorning hosildorligi yaxshi, bozorga olib chiqishga tayyor.

Mahalla raisining ta’kidlashicha, issiqxona qurgan xonadon egalarining daromadi oshgani sari xo‘jaligida issiqxona tashkil qilish istagini bildirayotganlarning ham soni ortayapti.

- Mahallamiz hududida birorta sanoat korxonasi yo‘q, - deydi Zarafshon mahallasi raisi Sobir Rahimov. – Aholining asosiy daromadi yerdan – tomorqachilikdan. Shu sababdan mahalla aholisiga ajratilgan imtiyozli kreditlarning ham asosiy qismini tomorqachilikka yo‘naltiryapmiz. Xususan, joriy yil boshidan buyon hokim yordamchisi ko‘magi bilan ehtiyojmand oilalar hamda tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni maqsad qilgan fuqarolarga 356 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi. Shu ajratilgan mablag‘lar hisobidan 6 ta issiqxona tashkil qilindi.  

Mahalla tomorqalarini kuzata turib, mavjud oltita qishloqning barcha xonadonlarida bir qarich ham yer bekor yotmaganining guvohi bo‘ldik. Ayniqsa, kartoshka ekish bu mahallada an’anaga aylangan, desak xato bo‘lmaydi. Mahalladagi mavjud mingdan oshiq xonadonning asosiy qismida 5 sotixdan 15-20 sotixgacha bo‘lgan maydonlarda kartoshka yetishtirilyapti.

- Yonimizdan oqib o‘tadigan Oqdaryo  suvi sabab hududda doimiy salqin shabada esib turadi, - deydi tajribali dehqon Shavkat Oripov – Bu kartoshka uchun ayni muddao. Shu bois azaldan bu yerda kartoshkadan mo‘l hosil olingan. Hozirda boshqa ekin turlari ham yetishtirilayotganidan kartoshka faqat aholi tomorqalarida ekiladi. O‘zim ham 10 sotix yerga kartoshka ekkanman. Hozir ayni gulga kirgan payti. Besh tonna hosil chamalab turibman. Yil bo‘yi shu yerga ikki marta kartoshka ekib olaman. Daromadi ham shunga yarasha, yeyishligimizni olib qolib, qolganini bozorda sotamiz.

Albatta, dehqonchilikda faqat daromadni hisoblash noto‘g‘ri. Yerni tayyorlab, urug‘ni qadab, mo‘l hosil olguncha ozmuncha mehnat talab qilmaydi. Ammo dehqonchilikning hadisini olgan zarafshonliklar kaftdek yerdan ham unumli foydalanyapti, qilayotgan ishlarining daromadini olib, mehnatlarining rohatini ko‘ryapti, qolaversa, bozorlarimiz to‘kinligi va xalqimiz farovonligiga o‘z hissalarini qo‘shyapti.

Sulaymon Mardiyev,

Fazliddin Ro‘ziboyev.