2017 fuqaroda koronavirus infeksiyasi qayd etilgan, 8 bemorning ahvoli og‘ir

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov yurtimizda koronavirusga chalingan bemorlar haqida ma’lumot berdi:

– Mamlakatimizda ayni daqiqalarga kelib, koronavirus infeksiyasi qayd etilgan 2017 fuqaro ro‘yxatga olingan. Virusologiya ilmiy-tekshirish institutidan olingan ma’lumotga ko‘ra, ushbu institut klinikasida davolanayotgan 71 bemorning 13 nafarida pnevmoniya klinik belgilari kuzatilyapti, 2 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir. Epidemiologiya-mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish institutida davolanayotgan 79 bemordan 2 nafarining ahvoli og‘ir. Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida davolanayotgan 89 bemordan 27 nafarida pnevmoniya klinik belgilari bor, 3 nafarining ahvoli og‘ir, deb baholanyapti.

Kasallikka chalinganlarni davolashda erishilayotgan yutuqlar haqida xabar topyapsiz. Ayni paytga kelib, 1096 hamyurtimiz kasallikdan to‘liq sog‘ayib, reabilitatsiya markazlariga o‘tkazildi. 897 bemor shifoxonalarda davolash muolajalarini olyapti.

Kuni kecha Prezidentimiz videoselektr yig‘ilishida karantin tadbirlarini birmuncha yumshatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Albatta, bu kabi ko‘rsatmalarning berilishi hammamiz uchun quvonchli holat, quvonchli xabar.

Karantin va cheklov tadbirlari nechog‘lik samara berganini ko‘rib turibmiz. Biz aynan mana shu tadbirlarga rioya qilganimiz sababli kasallik keng avj olib ketishiga yo‘l qo‘ymadik. Sizdan bildirilgan ishonchni suiiste’mol qilmasdan, mabodo ko‘chaga chiqqudek bo‘lsangiz oraliq masofani saqlashni, doka niqoblar taqishni, ortiqcha muloqotlardan o‘zingizni tiyishingizni iltimos qilamiz. Yana bir muddat mana shu karantin tadbirlariga rioya etish orqali, albatta vaziyatni barqarorlashtirishga erishamiz.