2018 yilda Samarqand shahrida qo‘lbola usulda tayyorlangan ovqatdan 57 kishi zaharlandi, bir kishi vafot etdi
2018 yilda Samarqand shahrida qo‘lbola usulda tayyorlanadigan ovqatlardan zaharlanish bilan bog‘liq 5 ta hodisa ro‘y berdi. Oqibatda 57 kishi zaharlandi, bir kishi vafot etdi.
O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, Samarqand shahrida 250 dan ortiq joyda "fast-fud" tayyorlanayotgan bo‘lsa-da, ularning birortasi davlat sanitariya nazorati talablariga javob bermaydi. Umumiy ovqatlanish joylarida ham sanitariya qoidalariga amal qilinmasligi tufayli o‘tgan yil viloyatda gepatit, suvchechak, botulizm va o‘tkir ichak kasalliklari ko‘paygan.
Bu ma’lumotlar viloyat hokimligida davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazlari faoliyati tahlili va kelgusidagi ustuvor vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilishda keltirildi. Tuman va shahar studiyalari bilan videoaloqa tarzida tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi E.Turdimov tizimda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarga to‘xtaldi.
– Tizimda 2 mingga yaqin mutaxassis mehnat qiladi, lekin xodimlar orasida poraxo‘rlik, shaxsiy manfaatni birinchi o‘ringa qo‘yish kuchayib ketgan, – dedi viloyat hokimi. – Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazining asosiy vazifasi infeksiya o‘choqlarini aniqlash va bartaraf etish, bakteriyalarni yo‘qotish, aholining sog‘lom turmush kechirishini ta’minlash hisoblanadi. Biroq soha xodimlarining loqaydligi tufayli bozorlardagi go‘sht rastalari, qassobxonalar, kushxonalar sanitariya talablariga mutlaqo javob bermaydi. Viloyatdagi dehqon bozorlari, ayniqsa, Samarqand shahridagi bozorlarda iste’mol mahsulotlarini yo‘laklarga qo‘yib sotish avj olgan, maktab oshxonalari, maktabgacha ta’lim muassasasida tayyorlanayotgan mahsulotlar tekshirilmaydi. Sog‘liqni saqlash muassasalarida sanitariya qoidalariga amal qilinmayapti. Afsuski, o‘z ishiga mas’uliyatsizlik bilan qaragan viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi rahbari hamda Jomboy, Urgut va Narpay tumanlari bo‘limlari boshliqlari ishdan olinganidan keyin ham ahvol o‘nglanmayapti. Sohada hanuzgacha aksariyati zamon talabiga javob bermay qolgan uskunalardan foydalanilmoqda.
Yig‘ilishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan Samarqand shahar DSENM markazi bo‘lim boshliqlari va Kattaqo‘rg‘on tuman DSENM bosh vrachi vazifasidan ozod etildi. 2019 yil 1 fevralgacha Samarqand shahar DSENM markaziga barcha turdagi yangi jihozlar beriladigan bo‘ldi. Viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh vrachi vazifasini bajaruvchi Z.Mo‘minovga o‘z ishiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan xodimlarga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llash, ish samaradorligini oshirish vazifasi topshirildi.
O‘.XUDOYBERDIYEV.